Prezident Andijon viloyatiga tashrifi chog‘ida Asakadagi to‘qimachilik korxonasida bo‘ldi. U yerda viloyat misolida paxta-to‘qimachilik sanoatini rivojlantirish konsepsiyasi bo‘yicha axborot berildi. Tannarxni 15 foizga qisqartirish, 65 foiz qo‘shilgan qiymat yaratish rejalari ta’kidlandi.
Haydovchilarga murojaat qilgan “Hududgazta'minot”, demokratiya reytingida 1 pog‘ona yuqorilagan O‘zbekiston, korrupsioner sudyalar ko‘rgan ishlarni qayta ko‘rish taklifi, prezidentning Andijonga tashrifi va boshqalar — “Gazeta.uz"ning kunlik dayjestida.
O‘zbekiston EIU`ning global demokratiya reytingida 167 mamlakat ichida 148-o‘rinni egalladi (Xitoy bilan bir xil). Mamlakatda bir necha yildan beri demokratiya bilan bog‘liq vaziyat 10 dan 2,12 ball sifatida baholanmoqda. MOdagi boshqa davlatlar kabi O‘zbekiston ham avtoritar tuzumlar guruhida qolmoqda.
Prezident energetik xavfsizlikni ta’minlash chora-tadbirlari bilan tanishdi. Jumladan, 1-apreldan gaz va elektr energiyasi tariflarini isloh qilish va ijtimoiy normalarni joriy etish, 49 mlrd dollarlik elektr energiyasini xarid qilish bo‘yicha kelishuvlarni qayta rasmiylashtirish va boshqalar rejalashtirilgan.
16−22-fevral kunlari O‘zbekistonning tog‘li hududlari, xususan, Toshkent viloyatining Bo‘stonliq, Parkent va Ohangaron tumanlarida qor ko‘chkisi bo‘lishi xavfi e’lon qilindi.
Rossiyaning Belgorod shahriga uyushtirilgan raketa hujumi oqibatida kamida besh kishi halok bo‘ldi, 18 kishi jarohatlandi. Rossiya Mudofaa vazirligi hududda Ukraina tomonidan otilgan 14 ta raketa tutib qolinganini ma’lum qildi.
Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari, deputat Odiljon Tojiyev pora bilan qo‘lga tushgan sud raisi va prokurorlarning ko‘rib chiqqan barcha materiallari ko‘tarilib, qayta ko‘rib chiqilishi shart ekanini ta’kidladi. So‘nggi vaqtlarda bunday shaxslar pora bilan qo‘lga olinayotgani xabar qilinmoqda.
Davlat mulkini xususiylashtirish tartibi tasdiqlandi. Unga ko‘ra, davlat mulkini auksion, tanlov savdolari, muzokaraga ommaviy taklif qilish, birja va boshqa yo‘l bilan xususiylashtirish mumkin. Xususiylashtirilishi mumkin bo‘lgan mulklar: ko‘chmas mulk obyektlari, davlat ulushlari, DUK va davlat muassasalaridir.
1-aprelgacha provayderlarga xalqaro internet tarmoqlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanish imkoniyatini taqdim etish reja qilinmoqda. 2020-yilda bunday monopoliyani bekor qilish maqsad qilingandi, ammo bu haligacha amalga oshmagan. Telekommunikatsiya sektori bo‘yicha mustaqil regulyator 1-sentabrgacha paydo bo‘lishi mumkin.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi mamlakatga kirib keladigan sovuq havo oqimi piyoz narxi ko‘tarilishiga sabab bo‘lishi mumkinligi haqidagi xabarlarni rad etdi.
Farg‘ona shahrida yer maydonidagi teraklarni kestirmoqchi bo‘lgan ayol va yerning sobiq egasi o‘rtasida janjal kelib chiqdi. Oqibatda erkak tosh bilan urishi oqibatida ayol jarohat olib, shifoxonada vafot etdi. Erkak qamoqqa olindi.
Valijan Niyazimbetov Ellikqal’a tumaniga hokim etib tayinlandi. Shu paytga qadar u To‘rtko‘l tumani hokimi o‘rinbosari bo‘lib ishlab kelayotgandi.
To‘rtko‘l tumanidagi 5-sonli maktab-internatda tarbiyachi 10 yoshli qizning yuziga tarsaki tushirgani aks etgan video tarqaldi. Holat o‘tgan yilning oktabr oyida sodir bo‘lgan. Bolalar ombudsmani tarbiyachi qonun doirasida javobgarlikka tortilishi shartligini bildirdi. Tergovga qadar surishtiruv ishlari ketmoqda.
O‘zbekistonda 16−18-fevral kunlari havo haroratining keskin pasayishi sabab AGTKSHlar ish grafigiga o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin. “Hududgazta’minot” haydovchilardan avtomobillarni yonilg‘i bilan to‘ldirib olishni so‘radi.
Yangihayot tumanidagi sanoat zonasida noqonuniy muomaladan olib qo‘yilgan 110 ming quti tamaki mahsuloti yoqib yuborish yo‘li bilan yo‘q qilindi. Ma’lum qilinishicha, 2023-yilda ushlab qolingan noqonuniy tamakilar miqdori 2022-yilga nisbatan 3,5 barobarga oshgan.
Toshkentda velosiped va mototransport vositalarini ommalashtirish maqsadida xavfsiz va qulay yo‘l hamda yo‘laklar qurish, ular uchun alohida svetoforlar, belgilar va yoritish moslamalarini o‘rnatish rejalashtirilmoqda. Mototransportlarni xarid qilish uchun narxining 25 foizigacha subsidiyalar berilishi ham mumkin.
Toshkentda yo‘lovchi ayolning egnidagi libosi haqida gapirib, har xil shahvoniy so‘zlar bilan shilqimlik qilgan taksi haydovchisi va Xorazmda qizga telefon orqali ishqiy munosabatda bo‘lishni taklif etib, shilqimlik qilgan erkakka nisbatan sud hukmlari o‘qildi. Ayblanuvchilarning ikkisi ham 5 sutkaga qamaldi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xodimlari 2023-yilda xizmat safarlari, xalqaro va rasmiy tadbirlarda jami 33 mln so‘mlik 26 ta hadya olganini ma’lum qildi. Eng yuqori qiymatli sovg‘alar Qatardagi davlat tashkilotlari tomonidan berilgan.
Guliston shahrida 15 kunlik o‘g‘lini 40 ming dollarga, Termiz tumanida 20 kunlik qizini 25 mln so‘mga, Namangan shahrida 10 yoshli bolasini 18 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan ayollar ushlandi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi mamlakatga sovuq havo oqimlari kirib kelishi tufayli ekin hamda o‘simliklarni qisqa muddatli qattiq sovuqdan asrash va sovuq kunlardan betalafot o‘tish bo‘yicha maslahat va tavsiyalar berdi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting