O‘zbekiston va Janubiy Koreya qo‘shma gaz loyihasi doirasida “O‘ztransgaz”ning Koreya kompaniyalari oldidagi qarzini to‘lash bo‘yicha “murosa variantini” topdi, dedi energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov. Unga ko‘ra, loyihada ishlab chiqariladigan xomashyo va tovar gaziga tariflarni o‘zgartirish ko‘zda tutilgan.
Liviyada “Daniel” sikloni keltirib chiqargan suv toshqinlari oqibatida 2000 dan ortiq odam halok bo‘lgani aytilmoqda. Bir necha minglab odamlar bedarak yo‘qolgan. Hukumat 3 kunlik milliy motam e’lon qildi.
Toshkentda yana chang bo‘roni, elektr energiyasi narxi oshishi haqida, jurnalist Mavjuda Mirzayevaga so‘ralgan 6 yil qamoq jazosi, Toshkentni ko‘kalamzorlashtirish muammolari, prezident tashrifi oldidan AQShda bo‘lgan O‘zbekiston delegatsiyasi va boshqalar — “Gazeta.uz”ning kun dayjestida.
Dushanba kuni chang bo‘ronlari poytaxtdan tashqari Xorazm, Buxoro, Navoiy, Jizzax va Surxondaryoda ham kuzatildi. O‘zgidromet Toshkentda PM10 zarralari ruxsat etilgan normadan 2,4 marta, PM2,5 zarralari esa 43 marta ko‘p bo‘lganini ma’lum qildi. Poytaxtda chang dushanba kuni kechasi ham saqlanib qoladi.
O‘zbekiston Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi chang bo‘roni vaqtida nimalar qilish kerakligi bo‘yicha tavsiyalarini e’lon qildi. Ko‘chada kamroq bo‘lish, niqob taqish, tomoq va burunlarni chayish hamda chang zarralari binolarga kirishi mumkinligini yodda tutish tavsiya etilmoqda.
Texnik ta’mirlash ishlari tufayli Toshkent markaziy (Shimoliy) temiryo‘l vokzalidan harakatlanadigan ayrim poyezdlar qatnovi 15-sentabrdan 15-oktabrgacha “Toshkent-Janubiy” vokzalidan amalga oshiriladi. Bu vaqtda ikki vokzal o‘rtasida bepul avtobuslar qatnaydi.
Shavkat Mirziyoyev Britaniyaning Cross Works kompaniyasi ishlab chiqqan Toshkent va Yangi Toshkent qo‘shma loyihasini ma’qulladi. “Ha, biz uni Yangi Toshkent deymiz, lekin ertaga u ham eski Toshkentni yangilashi kerak. Ular bir qon, bir arteriyaga aylanishi kerak”, — deydi qurilish direksiyasi rahbari Davronjon Odilov.
O‘zbekiston hukumati tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasida o‘tkazilgan qo‘shtirnoq ichidagi prezident saylovlarini tan olmaydi, deya xabar qildi TIV.
Toshkentda kuchli shamol ortidan chang-to‘zonlar sodir bo‘lmoqda. IQAir Havo sifati indeksiga ko‘ra, hozir O‘zbekiston poytaxti havo ifloslanishi bo‘yicha dunyo shaharlari reytingida birinchi o‘ntalikka chiqdi. “Gazeta.uz” muxbirlari changga burkangan poytaxt ko‘chalarini suratga oldi.
13−15-sentabr kunlari yo‘llar modernizatsiya qilinishi munosabati bilan Toshkent, shuningdek, Qashqadaryo va Surxondaryo o‘rtasidagi bir qator temiryo‘l qatnovlari bekor qilindi.
Aholi uchun tabaqalashtirilgan tariflarni belgilashdan oldin uzluksiz elektr energiyasi yetkazib berishni yo‘lga qo‘yish zarur, deya ta’kidladi energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov. Uning so‘zlariga ko‘ra, hukumatga yangi tarifni 2024-yilning 1-mayidan joriy etish bo‘yicha taklif kiritilishi kutilmoqda.
Livanda o‘tgan para-taekvondo bo‘yicha Osiyo ochiq chempionatida o‘zbekistonliklar 11 ta medal oldi: 3 ta oltin, 3 ta kumush, 5 ta kumush. O‘zbekistonliklar umumjamoa hisobida Erondan so‘ng 2-o‘rinni egalladi.
Yangi Toshkentda “eski” Toshkent bilan bog‘langan tramvay va metroning yagona tarmog‘ini qurish rejalashtirilmoqda. “Yangi shaharga metroda 30−35 daqiqada yetib borish mumkin… Avtomobilda kelishga ehtiyoj qolmaydi” , — deydi qurilish vaziri o‘rinbosari Davronjon Odilov.
Kompromatuzb ishi doirasida sudlanayotgan jurnalist Mavjuda Mirzayevaga 6 yil qamoq jazosini berish va 3 yil davomida kasbiy faoliyat bilan shug‘ullanishni taqiqlash so‘raldi.
11−15-sentabr kunlari O‘zbekistonda asosan kam bulutli va quruq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Harorat +29…+32 daraja bo‘ladi. Tog‘li hududlarda ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.
Toshkentda dekabr oyida O‘zbekiston Fanlar akademiyasining 80 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar bo‘lib o‘tadi. Xususan, xalqaro konferensiya va ko‘rgazmalar o‘tkazish hamda akademiyaning yangi haqiqiy a’zolarini qabul qilish ko‘zda tutilgan.
O‘zbekiston poytaxti “bog‘-shahar” g‘oyasi ustiga qurilgan. Ammo qurilishlar, daraxtlarni kesish, ularni noto‘g‘ri parvarishlash va aholi salomatligi ko‘kalamzorlashtirishning o‘z yechimini kutayotgan tizimli muammolaridan dalolat bermoqda, deydi mutaxassislar. Aks holda, biz o‘zimiz yashayotgan bog‘ni yo‘qotamiz.
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov va boshqa rasmiylar AQShga tashrif buyurdi. Shavkat Mirziyoyev sentabr oyi oxirida AQShga borishi kutilmoqda. U yerda “Markaziy Osiyo-AQSh” formatidagi birinchi sammit (C5+1) o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari doirasida poytaxtning Sergeli, Yakkasaroy, Mirobod, Yashnobod, Yangihayot va Bektemir tumanlarining ayrim qismlarida 11−12-sentabr kunlari gaz ta’minotida uzilishlar bo‘ladi. Ro‘yxat.
Marokashdagi zilzila qurbonlari soni 2122 kishiga, jarohatlanganlar soni esa 2421 kishiga yetdi. Tabiiy ofat hududida qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting