Dushanbadan boshlab O‘zbekistonda kunduzgi havo harorati +33…+36 darajagacha pasayadi va bu harorat foni hafta oxirigacha saqlanib qoladi. Ayrim hududlarda vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘ishi, shamol tezligi 20−22 m/s gacha kuchayishi mumkin.
Tijorat banklari 3-iyul kuni aholidan 1 AQSh dollarini 11 465−11 510 so‘mdan sotib olmoqda, sotuv kursi esa 11 540−11 580 so‘m.
Dushanba kuni Yakkasaroy va Mirobod tumanlarining ayrim hududlari elektr energiyasidan vaqtincha uzildi.
90 yil avval nega Akmal Ikromov suvdan oqilona foydalanishni talab qilgan? 60 yil avval O‘zbekistonda qancha paxta terib olinishi kerak edi? 30 yil avval Rossiya matbuoti nega O‘zbekiston haqida yolg‘on axborot tarqatgan? Bu haqda “Gazeta.uz”ning “Eski gazetalar sharhi” ruknida o‘qing.
Qo‘shrabot tumanidagi Zarmitan oltin koni shaxtasidan 20 va 24 yoshli yigitlarning jasadlari topildi. Ular konga ma’danli toshlarni talon-toroj qilish uchun noqonuniy kirgani aytilmoqda. Yigitlarni yerosti o‘ziyurar mashina operatori bosib o‘tgan bo‘lishi mumkin.
30-iyun kuni O‘zbekistonda 2010−2012-yillarda berilgan haydovchilik guvohnomalari va “texpasport”larning amal qilish muddati tugadi. Shu bois 1-iyuldan eski hujjatlar haqiqiy emas deb hisoblanadi. Ularni YHXB bo‘linmalari, Davlat xizmatlari markazlari yoki internet orqali yangisiga almashtirish mumkin.
Iyunda O‘zbekistonda deflyatsiya qayd etildi va yillik inflyatsiya 2016-yil avgust oyidan buyon birinchi marta 9 foizga tushdi. Oxirgi oyda guruch, go‘sht va sut qimmatlashdi, deyarli barcha sabzavot va mevalar, shuningdek, un, tuxum, sariyog‘ va shakar arzonlashdi. Benzin ham qimmatlashdi. Hududlarda palov narxi oshdi.
Buxoro neftni qayta ishlash zavodida rejali ta’mirlash ishlari tufayli “O‘zbekneftgaz” korxonalarida benzin ishlab chiqarish 71,3 foizga qamaydi. Kompaniya ishlab chiqarish hajmini o‘tgan yilga nisbatan oshirishini qayd etdi. “Gazeta.uz” yil boshidan buyon benzin ishlab chiqarish bir necha bor pasayganini yozgandi.
2-iyul kuni soat 18:00 da prezidentlikka nomzodlar vakillarining ikkinchi teledebati bo‘lib o‘tadi. U davlat boshqaruvi tizimi va sud-huquq sohasini rivojlantirishga bag‘ishlanadi.
“O‘zbekneftgaz” kompaniyasining gazni qayta ishlash va gaz-kimyo departamentini boshqarib kelayotgan Alisher Bahodirov Uzbekistan GTL sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish zavodiga direktor etib tayinlandi.
Asakadagi avtomobil zavodi rejali modernizatsiya ishlari sababli faoliyatini vaqtincha to‘xtatdi. Ma’lum qilinishicha, zavod Cobalt modelini ishlab chiqarishni yiliga 30 mingtaga oshiradi. UzAuto Motors bu ish avtomobillarni yetkazib berish jadvaliga ta’sir qilmasligiga ishonch bildirdi.
Prezident farmoni bilan 50 yilligini nishonlayotgan “Yalla” ansambli a’zolari Farrux Zokirov, Abbos Aliyev, Javlon Toxtayev, Timur Xalikov va Igor Xalikov ordenlar bilan taqdirlandi.
Taniqli jurnalist va yozuvchi Mavlon Shukurzoda 69 yoshida vafot etdi. U 20 dan ortiq kitob, jumladan, “Amerikalik o‘zbeklar”, “Paxtakor-79” va boshqalarni yozgan. Yuzlab maqolalari chop etilgan.
Hindistonning Marion Biotech kompaniyasi o‘z mahsulotlarida yuvish vositalari, antifriz, bo‘yoqlar va boshqa mahsulotlarda qo‘llanadigan zaharli modda — sanoat propilenglikolidan foydalangan bo‘lishi mumkin. Mazkur kompaniya dorilari avvalroq O‘zbekistonda kamida 19 nafar bolaning vafotiga sabab bo‘lgandi.
Turon World Cooperation orqali Germaniyaga borgan o‘zbekistonlik 100 nafar atrofidagi talaba ish topa olmay, og‘ir ahvolga tushib qoldi. Bandlik vazirligi vaziyatga huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilgan. Bosh konsullik va elchixona vaziyatni nazoratga oldi.
Poytaxtdagi qurilish korxonasi xodimi ko‘p qavatli turar joy binolarini qurishga ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirib berish evaziga tadbirkordan 300 ming dollar olganlikda gumonlanib qo‘lga olindi.
O‘zbekiston yildan yilga elektromobillar importini oshirmoqda. 2023-yil yanvar-may oylarining o‘zidayoq 3811 ta elektromobil olib kelindi. Ko‘rsatkich 2022-yil davomida 2180 tani, 2021-yilda esa 809 tani tashkil etgandi. Eng ko‘p yetkazib beruvchi Xitoy bo‘lib turibdi.
2010−2012-yillarda berilgan “prava”lar o‘z kuchini yo‘qotadi, ayrim tadbirkorlar ishchilarining daromad solig‘i qaytariladi, vazirlik stipendiyasi joriy etiladi, ba’zi hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish taqiqlanadi, ayrim dorilar sertifikatlashtirilmaydi — 1-iyuldan nimalar o‘zgaradi?
Sharof Rashidov tumanida Shacman yuk mashinasi Epica avtomobiliga urilib, 2 yo‘lovchi ayol vafot etdi. Shuningdek, ushbu YTH ortidan yana 5 ta transport vositasi to‘qnashib ketdi.
O‘zbekistonda 1-iyuldan davlat OTMlari magistratura mutaxassisliklariga onlayn hujjat topshirish boshlandi. Jarayon 30-iyulga qadar davom etadi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting