Tijorat banklari 2 fevral kuni aholidan 1 AQSh dollarini 11 215 — 11 305 so‘mdan sotib olmoqda, sotish kursi esa aksariyat banklarda 11 340 so‘m.
FlyArystan aviakompaniyasi 18 martdan Olmaotadan Samarqandga parvozlarni tiklaydi. Jazeera Airways aviakompaniyasi esa Al-Kuvayt va Samarqandni 15 fevraldan to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar bilan bog‘laydi.
AQSh Moliya vazirligi sanksiyalariga tushgan 10 nafar shaxs ro‘yxatida O‘zbekiston fuqarosi Maks Piflaks ham bor. U «Rossiya harbiy-sanoat kompleksini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha cheklovlardan qochayotgan» shaxs sifatida qayd etilgan.
Samarqandda fuqaro 2 kg opiy giyohvandlik moddasini sotayotgan vaqtda qo‘lga olindi. Uning xonadoni tekshirilganda yana 8 kg shunday modda topildi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov olib borilmoqda.
«Oila va xotin-qizlar» ilmiy-tadqiqot instituti direktori Nodira Egamberdiyevaga ko‘ra, O‘zbekistonda erta turmush haligacha dolzarb muammo bo‘lib qolmoqda. Ba’zan 18 yoshga to‘lmaganlar o‘rtasida tug‘ruq holatlari ham kuzatilmoqda. «Bu muammolarni o‘rgandik va hududlarga mos rejalar ishlab chiqdik», — dedi u.
Yangihayotda o‘ldirib ketilgan 12 yoshli qiz, ota-onalarga bolalarini maktabdan o‘zlari olib ketishini so‘ragan Oila boshqarmasi, Afg‘onistonga temir yo‘l qatnovi vaqtincha to‘xtatilgani, «zapravka»lar ochilishi,Kusherbayevga yangi tayinlov, onlayn maktab shahodatnomasi va boshqalar — «Gazeta.uz»ning kun dayjestida.
Senator Gulnora Marufova O‘zbekistonda xotin-qizlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik holatlari kamaygani, ammo ruhiy va iqtisodiy zo‘ravonlik ortganini ma’lum qildi. «Bunda, albatta, qonun bo‘yicha ishlar olib borilyapti, jamiyatimiz ham befarq bo‘lmay, nafrat bilan munosabat bildiryapti», — dedi u.
Shavkat Mirziyoyev energiya resurslari taqchilligi sharoitida qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishni ko‘paytirish bo‘yicha takliflarni sanab o‘tdi. Davlat aholidan elektr energiyasini bir kVt/soatiga 1000 so‘mdan sotib olishni boshlaydi, issiqxonalar va g‘isht zavodlarini ko‘mirga o‘tkazadi va hokazo.
Qonunchilik palatasining sobiq deputati Rasul Kusherbayev O‘zbekiston Tabiat resurslari vazirligida ish boshladi. U vazir Aziz Abduhakimovning maslahatchisi bo‘ladi. Bu lavozim unga prezident administratsiyasi tomonidan taklif qilingan.
Nukus voqealari ishi bo‘yicha 16 yilga qamalgan Dauletmurat Tajimuratovning ukasi Rinat Tajimuratov «Gazeta.uz»ga bergan intervyusida sud ishi va apellyatsiya berish rejalari haqida gapirdi. Uning aytishicha, ayblov «to‘liq yutqazdi», akasining aybi va tashqi kuchlarning ehtimoliy ta’sirini isbotlay olmadi.
Toshkent shahri Oila va xotin-qizlar boshqarmasi Yangihayotda 12 yoshli qizning murdasi zo‘rlik va qotillik alomatlari bilan topilganidan so‘ng ota-onalarga murojaat qildi. Boshqarma ulardan farzandlarining maktabga borish-kelishida hamrohlik qilishni hamda doimo aloqada bo‘lishni so‘radi.
Vazirlar Mahkamasining qarori bilan umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi elektron shahodatnomalarni berish tartibi haqidagi nizom tasdiqlandi. Endi bitiruvchilar shahodatnomani elektron platformadan shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni kiritish orqali bepul yuklab oladi.
2 fevraldan barcha hududlardagi «zapravka»lar faoliyati bosqichma-bosqich tiklanadi. AGTKSHlar faoliyati mahalliy hokimliklarning ro‘yxati asosida yo‘lga qo‘yiladi. Cheklovlar gaz quvurlarida bosimning ko‘tarilib borishiga mos ravishda o‘zgartirib boriladi.
Yanvar oyida O‘zbekistonda oxirgi uch yildagi eng past oylik inflyatsiya qayd etildi — 0,82%. Sut va tuxum narxi oshishi sekinlashdi, shakar va sariyog‘ ketma-ket to‘rtinchi oy arzonladi. Piyoz narxi esa oy davomida keskin oshgan — 44,7% ga.
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Baxtiyor Saidov Slovakiyaning yangi elchisi Viktor Boretskiyni qabul qildi. Avvalgi elchi o‘z missiyasini dekabr oyida yakunlagandi.
2−5 fevral kunlari Qamchiq va Taxtaqoracha dovonlarida qor yog‘ib, yaxmalak yuzaga kelishi mumkin. Shuningdek, O‘zbekistonning 6 ta viloyatidagi tog‘li hududlarda qor ko‘chish xavfi mavjud.
The Bank of New York Mellon`da “Agrobank"ning hisobvarag‘i ochildi. AQSh banki bilan o‘rnatilgan munosabat jahon moliya bozorida bankning maqomini mustahkamlashga yordam beradi.
Toshkent shahrida jamoat transporti harakatini yaxshilash maqsadida yangi — 152-sonli avtobus yo‘nalishi tashkil etildi. Shuningdek, 10 dan ortiq yo‘nalish harakatlariga o‘zgartirish kiritilib, qisqartirildi yoki uzaytirildi.
Yangihayot tumanida bedarak yo‘qolgan 12 yoshli qizning murdasi zo‘rlik va qotillik alomatlari bilan topildi. Mazkur ishda gumonlanuvchi 29 yoshli erkak ushlandi. U marhumaning xonadonida avvalroq ta’mirlash ishlarini amalga oshirgani ma’lum bo‘ldi.
O‘tgan yili Chilonzor va Yakkasaroyda ro‘y bergan shov shuvli holatlarga qaramasdan Mirzo Ulug‘bek tumanidagi yana o‘nlab daraxtlar ildizi shikastlantirildi. Aybdorlar jarimaga tortildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting