Toshkentdagi Davlat san’at muzeyi va Samarqanddagi «Ipak yo‘li» muzeyining yangi binolari loyihalari taqdim etildi. Birinchisi 2022−2023-yillarda Alisher Navoiy haykali va Xalqlar do‘stligi saroyi o‘rtasida, ikkinchisi Universitet xiyoboni va Bobur Mirzo ko‘chasi oralig‘ida qurilishi rejalashtirilgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda Sevimli telekanali orqali efirga uzatilayotgan «Sabriya» milliy serialidagi behayo sahna ko‘rinishlari jamoatchilik e’tirozlariga sabab bo‘lganidan so‘ng, AOKA serial ekspertizadan o‘tkazilishini ma’lum qildi.
Adliya vazirligi «Fermerga madad» huquqiy aksiyasi doirasida qariyb 10 foiz fermer xo‘jaliklari bilan yer uchastkasining uzoq muddatli ijara shartnomasi tuzilmaganini aniqlandi. Shundan kelib chiqib, Qoraqalpog‘iston adliya vaziri hamda viloyatlar adliya boshqarmalari boshliqlariga fermerlar va tuman hokimlari o‘rtasida ijara shartnomasini tuzilishini ta’minlash vazifasi topshirildi.
Andijonda 12 nafar ayol ijtimoiy tarmoqlar orqali «Hizb ut-Tahrir» g‘oyalarini o‘rganishda gumon qilinmoqda. Ularning Turkiyada bo‘lib turgan ayolning ko‘rsatmalari asosida tez-tez yig‘ilib turishgani aytildi.
Qoraqalpoq tilidagi o‘qituvchilar uchun «Alipbe» metodik qo‘llanmalari muqovadagi xatolik sababli qaytarib olinmoqda. Aniqlanishicha, qo‘llanmaning muqovasi tegishli komissiyaga ko‘rib chiqish uchun topshirilmasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri nashriyotga yuborilgan.
O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan LOCHIN droni, O‘zbekiston fuqarosi Qozog‘istonda qo‘lga olinganini rad etgan TIV, geografiya faniga ajratilgan soatlar qisqarganmaganini ta’kidlagan XTV, Farg‘onada is gazidan vafot etgan 3 kishi, 100 yoshdan oshgan 570 nafar nafaqaxo‘rga to‘lanadigan qo‘shimcha to‘lov, Do‘stlik bog‘i uchun kurash va boshqa xabarlar — «Gazeta.uz» ning 18 yanvardagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Andijon perinatal markazi hududidagi 12 tup qimmatbaho daraxt kesilgani yuzasidan shahar obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘iga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Daraxtlarning qonunga xilof ravishda kesib yuborilganligi oqibatida tabiatga 115,5 mln so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.
Bir necha yillik qarovsizlikdan so‘ng oktabr oyida Do‘stlik bog‘i qaytadan ochildi, biroq unda ko‘plab kamchiliklar mavjudligi ko‘rinib qoldi. Ko‘ngillilar bog‘da shikastlangan daraxtlar borligidan shikoyat qilmoqda va bog‘ni rivojlantirish uchun investor topishmoqchi. Hokimlik bog‘ni xalqqa qoldirish va’dasini bajarishga intilmoqda. Ko‘ngillilar qanday bog‘ni ko‘rishni xohlaydilar, tuman hokimi bu haqda qanday fikrda va pudratchilar qanday xatolarga yo‘l qo‘yganligiga “Gazeta.uz” muxbiri Sabina Bakayeva aniqlik kiritdi.
Farg‘ona shahrida ikki nafar harbiy xizmatchi va 17 yoshli qiz is gazidan zaharlanish oqibatida halok bo‘ldi. FVV ma’lumotlariga ko‘ra, bu 2021−2022 yilgi isitish mavsumi boshidan beri 40-baxtsiz hodisa. Mavsum davomida is gazidan jami 54 kishi vafot etgan.
Hukumat qarori loyihasiga muvofiq, 1 martdan boshlab Toshkent viloyatidagi «Chinor» va Namangan viloyatidagi «Namangan» YPX statsionar postlarida «Yashil» va «Qizil» yo‘laklar joriy qilish taklifi bildirildi. Yashil yo‘lakdan qidiruvda bo‘lmagan, qarzdorligi yo‘q hamda texnik soz mashinalar o‘tadi. Qizil yo‘lak esa qoidabuzar va qarzdorligi mavjud haydovchilarga mo‘ljallangan. Postlardagi monitor yordamida haydovchilarga qaysi yo‘lakdan harakatlanishi kerakligi ko‘rsatib turiladi.
Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev mamlakatdagi fojiali voqealardan so‘ng birinchi marta bayonot bilan chiqdi. U 2019 yildan beri nafaqada ekani va hech qayerga ketmaganini ta’kidladi. Qasim-Jomart Tokayev «barcha hokimiyatga ega», «elitada hech qanday ziddiyat yoki qarama-qarshilik yo‘q», — dedi u.
Xalq ta’limi vazirligi maktablarda yuqori sinflar uchun geografiya fani soatlari qisqarishi ortidan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan fan o‘qituvchilarining e’tirozlariga munosabat bildirdi. 6-sinfda har biri haftalik 2 soatdan o‘tiladigan geografiya, biologiya va fizika fanlari o‘rniga yagona 3 soatlik «Tabiiy fanlar» fani kiritilgan. Qisqarayotgan 3 soat esa «Tabiiy fanlar» doirasida 2-, 3-, 4-sinflarga qo‘shib berilgan. Vazirlik geografiyaga oid mavzular 96 taga ko‘payganini ham qo‘shimcha qildi.
Davlat bojxona qo‘mitasi Toshkent tumanida 77 kg giyohvandlik vositasini qoplarda kartoshka ko‘rinishida yashirib, xorijiy davlat fuqarosiga yetkazib bermoqchi bo‘lgan shaxslarni qo‘lga oldi. Ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
YUNISEF vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzadening ma’lum qilishicha, O‘zbekiston birinchi chorakda COVAX dasturi doirasida 11 mln dozadan ko‘proq vaksina qabul qilib oladi. COVAX orqali hozirgacha yetkazib berilgan vaksinalar hajmi 10 mln dozadan oshgan.
O‘zbekistonda 100 yosh va undan oshgan fuqarolarning nafaqasiga pensiyani hisoblashning bazaviy 100% miqdorida — 289 000 so‘m qo‘shimcha to‘lov qilinadi. 1 yanvar holatiga mamlakatda 570 nafar 100 yosh va undan oshgan shaxs istiqomat qiladi.
TIV rasmiy vakili «Jibek joli» o‘tish punktida Qozog‘istondagi tartibsizliklarda ishtirok etganlikda gumon qilinib, qo‘lga olingan shaxs O‘zbekiston fuqarosi ekanligini rad etdi.
2021-yilning 11 oyi mobaynida O‘zbekiston Qozog‘istondan 639 mln dollar qabul qilib olgan, 102 mln dollar mablag‘ esa qo‘shni mamlakatga jo‘natilgan. Shu tariqa Qozog‘iston pul o‘tkazmalarining qariyb 30 foizi O‘zbekiston hisobiga to‘g‘ri kelmoqda.
O‘zbekiston fan arbobi, akademik, professor Baxtiyor Nazarov 77 yoshida olamdan o‘tdi. U 1986−1994 yillarda «O‘zbek tili va adabiyoti» jurnalining bosh muharriri, prezident maslahatchisi, oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimlarida ishlagandi.
Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasi tasarrufidagi markaz O‘zbekistonda ilk uchuvchisiz dron ishlab chiqardi. LOCHIN apparati — razvedka qilish, zarba berish, real vaqt rejimida kuzatish, ma’lumot olish, artilleriya o‘t ochish jarayonini boshqarish kabi vazifalarni bajara oladi. Qolaversa, qurilmadan qishloq xo‘jaligida hamda qo‘riqxonalarni, yo‘llarni, ijtimoiy infratuzilma va muhim obyektlarni kuzatishda foydalanish mumkin (video).
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mehmonxonada 4 kishilik xonaga 2 kishi, 50 o‘rindiqli avtobusga 25 kishi joylashtirilishi, oziq-ovqatlar maxsus qadoqlangan holda tarqatilishi, Saudiya qirolligida joriy qilingan 15 foiz QQS umra to‘lovi oshishiga ta’sir etganini ma’lum qildi. Qolaversa, bu yilgi mavsumda Makka va Madina shaharlarida Ikki Haramga yaqin bo‘lgan mehmonxonalar buyurtma qilingani qayd etildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting