Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Srechko Katanets Sloveniyada koronavirusga chalindi. Shu sababli, u Dubayda bo‘lib o‘tadigan yig‘inda qatnasha olmaydi, uning o‘rniga yordamchi murabbiylar mashg‘ulot o‘tkazadi. Qolaversa, jamoa yarim himoyachisi Hojimat Erkinovda ham COVID-19 aniqlanib, karantinga olingan.
Seshanba kuni O‘zbekistonda 604 ta yangi koronavirus infeksiyasi aniqlangan va 4 kishi vafot etgan. Bunday ko‘rsatkich oxirgi marta sentabr oyida qayd etilgan edi. Sog‘liqni saqlash vazirligi vaziyat xavotirli bo‘lib borayotganini ma’lum qildi.
Dushanba kuni 425 kishida koronavirus aniqlandi. Yana 4 kishi kasallikdan vafot etdi.
Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Habibulla Oqilov bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligida o‘tgan Respublika maxsus komissiyasi yig‘ilishida niqob taqmaganlar jarimaga tortilmasligi, aksincha ogohlantirilishi ta’kidlanganini ma’lum qildi. «Yo‘lda to‘xtatgan militsiya, Milliy gvardiya xodimi o‘zi niqobni „iltimos shuni taqib oling“ deb beradi. Hech qanday jarima to‘g‘risida gap yo‘q», — dedi u.
O‘zbekistonda koronavirus bilan kasallanish darajasi oshgani tufayli qat’iy karantin joriy etish rejalashtirilgani yo‘q. Ommaviy tadbirlar bekor qilinmagan, ammo epidemiologik vaziyatga qarab choralar keskinlashishi mumkin, deya ta’kidlandi poytaxtda o‘tgan SSV va SEO matbuot anjumanida.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik xizmati boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Xolmamat Norboyev ilk «omikron» aniqlangan bemor bilan birga samolyotda 130 nafar o‘zbekistonlik, 70 nafar chet el fuqarosi bo‘lganini va ularning barchasi karantinga olinganini ma’lum qildi. U shuningdek, O‘zbekistonda omikron 7 yanvar kuni aniqlansa-da, 8 yanvar kungi xabarda omikron aniqlanmagani aytilganiga izoh berdi.
O‘zbekistonga COVAX global dasturi doirasida beg‘araz yordam sifatida 500 ming dozadan ortiq Moderna vaksinasi olib kelindi.
O‘zbekistonda yakshanba kuni deyarli 390 kishida koronavirus aniqlandi, 3 nafar koronavirus bemori vafot etdi.
O‘zbekistonda koronavirus pandemiyasining ikkinchi to‘lqini tugashi bilanoq kunlik koronavirus holatlarida yana keskin o‘sish kuzatildi. 8 yanvar kuni pandemiya boshidan buyon qish mavsumidagi eng yuqori ko‘rsatkich qayd etildi, keyinroq mamlakatda omikron shtammi aniqlangani aytildi. Hozirgacha O‘zbekistonda koronavirus to‘lqinlari asosan bahorning oxirida boshlanib, qishgacha davom etayotgan edi.
SSV 7 yanvar kuni O‘zbekistonga kirib kelgan chet el fuqarosida koronavirusning «omikron» shtammi aniqlanganini ma’lum qildi. 8 yanvar holatiga COVID-19 bilan kasallanish holatlari rekord darajada qayd etilib (369 ta holat), umumiy kasallanishlar soni 200 mingdan oshdi.
COVID-19`ga qarshi kurash bo‘yicha maxsus komissiya karantin choralarini kuchaytirish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Barcha tashkilotlarga xodimlarni faqat emlanganidan keyin ish joyiga kiritishga ruxsat beriladi. Davlat organlariga har qanday tadbir o‘tkazish taqiqlanadi. Aholini to‘liq emlash jarayoni jadallashtiriladi.
So‘nggi ikki kun ichida O‘zbekistonda 397 kishi koronavirus yuqtirib oldi, uch kishi esa vafot etdi. 5 yanvargacha COVID-19`ga chalinganlar soni 100 kishidan oshmayotgan, 9 kundan beri esa o‘limlar qayd etilmagan edi.
Buyuk Britaniya 10 yanvardan O‘zbekistonning koronavirusga qarshi emlanganlik to‘g‘risidagi sertifikatlarini rasman tan olishni boshlaydi. Endilikda vaksina olgan o‘zbekistonliklar Angliyaga kirish uchun PZR testini taqdim etishlari shart bo‘lmaydi.
2021 yilda koronavirusga qarshi 39,2 mln doza vaksina qo‘llanilgan. Jumladan, 13,5 mln nafardan ortiq fuqaro koronavirusga qarshi to‘liq emlandi. Vaksina olganlarning eng katta qismi Samarqand viloyatida.
«PSJ» ning to‘rt nafar futbolchisi — Lionel Messi, Xuan Bernat, Serxio Riko va Natan Bityumazala koronavirusga chalindi. Ular navbatdagi bir nechta uchrashuvlarni o‘tkazib yuboradi.
Jahon banki 2021 yil bo‘yicha bergan sharhida, pandemiya fonida kechayotgan global miqyosdagi notekis iqtisodiy tiklanish, vaksinalardan foydalanish imkoniyatining tengsizligi, daromad yo‘qotilishidagi farqlar va ta’limdagi tafovutlarni qayd etib, o‘tgan yilni «tengsizliklar pandemiyasi» deb atadi. Bank ma’lumotlariga ko‘ra, pandemiya sabab dunyo miqyosida o‘ta qashshoqlikda kun kechirayotgan aholi soni qariyb 100 millionga yetgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda YPX xodimi 1 noyabrdan niqob taqish bekor qilinganligini aytgan video tarqaldi. Ichki ishlar vazirligi «Gazeta.uz»ga tibbiy niqob taqish majburiyati bekor qilinmaganligini ma’lum qildi. Xodimning harakatlariga huquqiy baho beriladi.
29 dekabr kuni oxirgi 6 oy ichida birinchi marotaba koronavirusdan o‘lim holati qayd etilmadi. Kasallik yuqtirganlar soni esa yana 100 nafardan oshib ketdi.
Xitoyning Anhui Zhifei Longcom Biopharmaceutical biofarmatsevtika kompaniyasi ular yaratgan vaksina koronavirusning omikron shtamidan himoya qila olishini bildirdi. Qayd etilishicha, tadqiqotlar kompaniyaning rekombinant vaksinasi har qanday darajadagi koronavirus infeksiyasidan himoya qilish samaradorligini 81,43% ko‘rsatgan.
O‘zbekistonga Xitoydan 1 mln doza ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi keltirildi. SSV ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda foydalanilayotgan vaksinalar soni 49 mln dozadan oshdi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting