Markaziy bank 1000 so‘mlik yangi banknotlarni muomalaga chiqarish niyatida emas. Kupyurani tangalarga almashtirish rejalashtirilmoqda, deya ma’lum qildi Markaziy bank rahbari Mamarizo Nurmuratov. Hozirda 1000 so‘mlik kupyuralar deyarli muomaladan chiqqan — 2021 yilda ularning naqd pul tarkibidagi ulushi 1,4 foizgacha kamaydi.
O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Qozog‘istonda ishlash uchun ruxsatnomasi mavjud bo‘lmagan 18 nafar o‘zbekistonlikka huquqiy tushuncha berdi. Ular orasida ilk bor qo‘shni davlatga borganlar ogohlantirilgan, ko‘pdan beri ishlayotganlari esa jarimaga tortilgan.
2021-yil davomida Qozog‘istonda 29 mingdan ortiq Chevrolet mashinalari xarid qilinib, kompaniya mamlakat bozorida eng ko‘p mashina sotgan brendga aylandi. Qozog‘istonliklar ko‘proq Cobalt (14605) va Nexia (10809) avtomobillarini xarid qilishgan.
«Sabriya» teleseriali tanqididan so‘ng Sevimli telekanali bosh direktori va bosh muharriri lavozimini tark etdi, telekanal kuzatuv kengashiga esa vaqtinchalik Kinematografiya agentligi rahbari Firdavs Abduxoliqov rahbarlik qiladigan bo‘ldi. Ushbu o‘zgarishlar AOKA tekshiruvidan keyin sodir bo‘ldi.
Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi direktori Rustam Sherov «O‘zbekneftgaz» AJ boshqaruvi raisining o‘rinbosari etib tayinlandi. U tayinlov kuni lavozimdan ozod etilgan Alisher Mustafoyevning o‘rnini egalladi.
Dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 9,95 so‘mga ko‘tarilib, 10 845,02 so‘mni tashkil qildi. Shuningdek, yevro va rubl kurslari ham yuqoriladi. Ushbu o‘zgarishlar 24 yanvardan kuchga kiradi.
2021 yilda O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi 2020 yilga nisbatan 16%ga o‘sib, $42,1 mlrdni tashkil etdi. Eksport hajmi 10%ga oshib, $16,6 mlrdga yetgan bo‘lsa, import 20,4%ga o‘sib, $25,46 mlrdni tashkil etdi. Sanoat tovarlari eksporti oltin eksportidan o‘zib ketdi.
Bog‘ot tumanida ikki fuqaro tadbirkordan 10 mlrd so‘m kredit olib berish evaziga 45 ming dollar so‘ragani aytilmoqda. Ushbu pullardan 15 ming dollarini olgan vaqtida esa huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan qo‘lga olingan. Ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Poytaxtda 20 yoshli bir talaba va 18 yoshli ikki maktab o‘quvchisi diniy ekstremistik g‘oyalar ta’siriga tushib, Suriyaga ketmoqchi bo‘lganida qo‘lga olingan. Ushbu jinoyat ishi sudda ko‘rib chiqildi. Yigitlardan biri 5 yarim yilga, ikki nafari esa 6 yilga qamoq jazosiga hukm qilindi.
Toshkentda bloger Miraziz Bozorovga nisbatan jinoyat ishini sudda ko‘rib chiqish boshlandi. Jurnalistlar avvalroq PZR-test ma’lumotnomasi talab etilishi haqida xabar berilmaganligi uchun sud binosiga kira olmadi. Bundan tashqari, sud majlisi ochiq deb e’lon qilinishiga qaramasdan, sud jarayonini suratga olish va OAVda yoritish taqiqlandi.
Farg‘ona viloyati prokuraturasi bo‘lim katta prokurori fuqaroga tegishli bo‘lgan go‘sht do‘konining orqasida joylashgan 1,5 sotix yer maydonini rasmiylashtirib berish evaziga 1000 dollar pora olgan vaqtida qo‘lga tushgani aytilmoqda. Gumondor protsessual tartibda ushlangan.
Qirg‘iziston Energetika vazirligi va Rossiyaning «Rosatom» korporatsiyasi Qirg‘iziston kam quvvatli atom elektr stansiyasini qurishdan manfaatdor ekani bildirilgan memorandumni imzoladi.
O‘zbekistonga Kaspiy dengizidan siklon kirib kelishi natijasida dam olish kunlari havo harorati sovuq va bulutli bo‘ladi. Respublika bo‘yicha qor va yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda. Joylarda tuman tushishi mumkin, tog‘li hududlarda esa qor ko‘chishi xavfi bor.
2024 yildan OTMlarga kirish imtihonlarida majburiy fanlar majmuasiga chet tili fani ham kiritiladi. 2022−2023 o‘quv yilidan 6 ta OTMlarda chet tillaridan ijodiy imtihonlar bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, 1 fevraldan S1 darajadagi milliy yoki xalqaro sertifikatga ega rus tili fani o‘qituvchilariga 2 yil davomida 50 foizlik ustama to‘lanadi.
Toshkent tez tibbiy yordam xizmatining call-markazida chaqiruvlarini bemorning ahvoliga qarab saralash tizimi yo‘lga qo‘yildi. Endi «tez yordam» og‘ir ahvoldagi bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatadi, ahvoli yengil bemorlarga esa oilaviy poliklinikalarning mobil brigadalari yuboriladi.
Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida karantin talablari kuchaytiriladi. Koronavirus holatlari aniqlangan bog‘cha guruhlari SanEpidxizmat xulosasiga ko‘ra vaqtinchalik karantinga yopiladi. Davlat MTTlarida bayram tadbirlari o‘tkazilishi vaqtinchalik cheklanadi.
Ketma-ket uchinchi kun antirekord qayd etildi — payshanba kuni 1321 kishida koronavirusga topshirilgan test musbat natijani ko‘rsatdi. 3 nafar bemor esa virus asoratlaridan vafot etdi.
Poytaxt IIBB Toshkentda avtomobilga qarata o‘q uzgan shaxsga nisbatan qonuniy chora ko‘rilishini ma’lum qildi.
Italiya kubogining nimchorak final bahsida «Roma» klubi «Lechche» ga qarshi maydonga tushib, 3:1 hisobida g‘alaba qozondi. Gollarga romaliklardan Temmi Abraham, Marash Kumbulla hamda zaxiradan tushgan Eldor Shomurodov mualliflik qildi. Bu Eldorning joriy mavsumdagi 2-goli.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi 24 yanvardan barcha oliy davlat, nodavlat, xususiy hamda xorijiy filiallar va professional ta’lim muassasalari, akademik litseylarda masofaviy ta’lim jarayonlari boshlanishini ma’lum qildi. Chiptalar chegirmalar saqlanib qolgan holda boshqa muddatlarga almashtirib beriladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting