O‘zbekistonda antirekordni qayd etgan qoronavirus, Andijonda noqonuniy kesilgan 12 tup qimmatbaho daraxt, IT-tanlov g‘olibiga ishlatilgan noutbuk berilgani, Qashqadaryoda 500 ming so‘m pora olgani uchun 5 yilga qamalgan shifokor, aksiyalari ochiq savdoga chiqariladigan UzAuto Motors va boshqa xabarlar — «Gazeta.uz» ning 17 yanvardagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgarishlarga ko‘ra, tibbiyot muassasalari tibbiy xizmatlarni (bundan kosmetologik xizmatlar mustasno) realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma soliq solishdan ozod qilindi. Qolaversa, tibbiyot muassasalari egallab turgan yerlar soliq solinmaydigan yer uchastkalari ro‘yxatiga kiritildi, foyda solig‘i esa 0% stavkada qo‘llanishi belgilandi.
Premium Prime Service kompaniyasi ommaviy savdo yakunlari bo‘yicha Toshkent shahridagi «Malika» savdo majmuasini qo‘lga kiritdi. Investorga 100 mlrd so‘m sarmoya kiritish va 250 ta yangi ish o‘rni yaratish majburiyati ham yuklatilgan.
Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyev 17 kun ichida «Soliq» mobil ilovasida qariyb 38 ming iste’molchi xarid cheklarini ro‘yxatdan o‘tkazganini ma’lum qildi. Bu orqali o‘zbekistonliklar 7 mlrd 12 mln so‘mdan ko‘proq keshbekni qo‘lga kiritgan. Bundan tashqari, qo‘mita rahbari xarid cheki bermayotgan tabirkorlik subyektlari jarimaga tortilishini eslatib o‘tdi.
Dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 15,00 so‘mga pasayib, 10 824,97 so‘m etib belgilandi. Shuningdek, yevro va rubl kurslari ham pasaydi.
«Malika» savdo majmuasi — 125 mlrd so‘mga, Poytaxt biznes markazi — 164 mlrd so‘mga, «Bildirsoy oromgohi» kanat yo‘li bilan birga — 107 mlrd so‘mga, qolaversa, «No'kis vinozavodi» AJning 51% ulushi — 17,5 mlrd so‘mga sotildi. Xaridorlarga belgilangan miqdorda investitsiya kiritish hamda daraxtlarni kesishga joriy etilgan moratoriyga rioya qilish talabi qo‘yilgan.
Samarqandda «Bir million o‘zbek dasturchilari» tanlovining tuman bosqichi g‘olibi, 8-sinf o‘quvchisi Sardor Sattorovga ishlatilgan noutbuk berilgani ortidan Nurobod tumani hokimining o‘rinbosariga hayfsan berildi.
Majburiy ijro byurosi Andijon shahar bo‘limining ikki nafar xodimi fuqarodan sud qarori ijrosini ta’minlab berish evaziga 4 ming dollar olgan vaqtida ushlangani aytilmoqda. Ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Prezident qaroriga asosan UzAuto Motors va UzAuto Motors Powetrain jamiyatlarining 100 foiz aksiyasi fond birjasida sotuvga chiqariladi. Shuningdek, yana 6 ta aksiyadorlik jamiyatidagi davlat ulushi sotuvga qo‘yilishi rejalashtirilmoqda.
COVAX dasturi doirasida O‘zbekistonga yana 310 050 doza Pfizer vaksinasi olib kelindi. Mazkur turdagi vaksinalarning umumiy miqdori 2,6 mln dozaga yetdi.
Prezident farmoni bilan 1 maydan turizm sohasida yosh tadbirkorlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 50 mln so‘m miqdorida, jami 10 mlrd so‘m grant ajratiladi. Mablag‘lar O‘zbekistonga uch yil davomida kamida 200 nafar xorijiy turistlar uchun tur tashkil qilish sharti bilan beriladi. Moliya vazirligi esa 11 oy davomida Turizm va sportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga har oy qo‘shimcha 2,5 mlrd so‘mdan yo‘naltiradi.
Kuchli qor va bo‘ron sharoitida Toshkentdan uchgan Uzbekistan Airways aviakompaniyasi samolyoti Minsk aeroportida uchish-qo‘nish yo‘lagidan chiqib ketdi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, qurbonlar yo‘q.
Haftaning ilk uch kunida O‘zbekiston bo‘ylab yomg‘ir yog‘ishi, chorshanba kuni ayrim hududlarda yomg‘ir qorga aylanishi kutilmoqda. Payshanba kuni quruq ob-havo kuzatilishi mumkin, biroq, juma kuni yana qor yog‘adi. Kechalari havo harorati -3 daraja sovuq, kunduzi esa +10 darajaga iliq bo‘ladi.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist hamda Jurnalistlar ijodiy uyushmasi a’zosi Dilbar Mahmudova 85 yoshida vafot etdi. Uning turmush o‘rtog‘i bilan hammualliflikdagi bir qancha pesalari O‘zbek Milliy akademik drama teatrida sahnalashtirilgandi.
Kasbi tumani tibbiyot birlashmasi boshlig‘i o‘rinbosari fuqaroning o‘g‘liga nogironlik nafaqasini chiqarib berishni va’da qilib, buning evaziga 500 ming so‘m pora olgani aytilmoqda. Kitob tuman sudi shifokorni aybli deb topib, unga 5 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.
Prezident farmoni bilan 2022 yilda boshqa mamlakatlardan charter reyslarni tashkil etuvchi turistik kompaniyalar va aviatashuvchilarga har bir xorijiy sayyoh uchun to‘lanadigan kompensatsiya miqdori kamaytirildi.
Samarqandda 8-sinf o‘quvchisi «Bir million dasturchi» tanlovida birinchi o‘rinni olgani uchun ishlatilgan noutbuk berilganini ma’lum qildi. Hokimlik esa o‘quvchi tuman bosqichida birinchi o‘rinni olgani uchun telefon bilan taqdirlaganini aytmoqda. XTV ishchi guruhi mazkur holat bo‘yicha o‘rganish olib bormoqda.
Bosh prokurorning buyrug‘iga asosan Namangan viloyati prokurorining birinchi o‘rinbosari Sirojiddin Eshquvvatov Andijon viloyati prokurori lavozimiga tayinlandi.
Olmazor tumanidagi Jomiy bozori hududidagi omborxonada yong‘in sodir bo‘ldi. 5 daqiqa ichida 6 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji voqea joyiga yetib borib, 30 daqiqada olovni o‘chirgan. Hodisa oqibatida binoning 350 kvadrat metr qismi zararlangan, jabrlangan va halok bo‘lganlar yo‘q.
Toshkentning Yashnobod tumanida haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan o‘smir (2005 y.t.) Spark mashinasida tezlikni oshirishi tufayli boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l chetidagi temir panjaraga urilgan. Buning oqibatida esa avtomobil haydovchisi va yo‘lovchisi voqea joyida vafot etgan.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting