«Navoiy kon-metallurgiya kombinati»ning 2021 yildagi sof foydasi 12,7 foizga o‘sib, 11,3 trln so‘mni, ishlab chiqarish hajmi esa 54,25 trln so‘mni tashkil etdi.
Farg‘ona viloyatida 7 kishi «Turonbank»ning My Turon mobil ilovasidagi xatolikdan foydalanib, qariyb 700 mln so‘mni o‘zlashtirgani aniqlandi. Ularning 5 nafari 3,5 yildan 5,5 yilgacha muddatga qamaldi.
Seshanba kuni O‘zbekistonda 604 ta yangi koronavirus infeksiyasi aniqlangan va 4 kishi vafot etgan. Bunday ko‘rsatkich oxirgi marta sentabr oyida qayd etilgan edi. Sog‘liqni saqlash vazirligi vaziyat xavotirli bo‘lib borayotganini ma’lum qildi.
O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov Alixan Smailovni Qozog‘istonning yangi bosh vaziri etib tayinlangani bilan tabrikladi. Alixan Smailov esa Qozog‘iston qardosh O‘zbekiston bilan strategik sheriklikni chuqurlashtirishda sodiq qolishini ma’lum qildi.
Toshkent kimyo-texnologiya instituti kelgusi o‘quv yilidan «super kontrakt» dan voz kechishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, o‘quv yili 3 semestrli bo‘lishi mumkin. Bunda iqtidorli talabalar bakalavr bosqichini 4 yilda emas, 3,5 yilda bitirishi mumkinligi aytilmoqda.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartishlarga muvofiq, karantin ostidagi mahsulotlarni O‘zbekistonga olib kirish va olib chiqish qoidalarini buzish — fuqarolarga BHMning 5 baravarigacha (1 mln 350 ming so‘mgacha), mansabdor shaxslarga esa 10 baravarigacha (2 mln 700 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
O‘zbekistonda omikron shtammi aniqlangach, davlat bolalar bog‘chalarida ham bayram tadbirlarini o‘tkazish vaqtincha cheklandi. Shuningdek, ularning hududiga ota-onalar yoki mehmonlarning kirishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Toshkent-Chinoz avtomobil yo‘li va poytaxtdagi Temur Malik ko‘chasi ta’mirlanishi, ikkinchi marta suiqasd uyushtirilgan Yunusuboddagi daraxtlar, Olma-otadan O‘zbekistonga qaytishni xohlovchilar ro‘yxati tuzilgani, QQS imtiyozlari 4 oyga uzaytiriladigan oziq-ovqatlar, Toshkentda Cobalt yukxonasidan topilgan andijonlik taksichining jasadi, niqob taqmaganlar avvaliga ogohlantirilishi, jarimaga esa qo‘pol qoidabuzarlar tortilishi — «Gazeta.uz» ning 11 yanvardagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Shimoliy Koreyaning Yapon dengizi tomonga noma’lum raketa uchirgani, Germaniyada 2021 yilda o‘lim darajasi bo‘yicha mamlakat rekordi o‘rnatilgani, AQShning Ukrainaga yana 200 mln dollar harbiy yordam ajratishi, Yevroparlament rahbari David Sassolining vafoti va boshqa yangiliklar — «Gazeta.uz»ning jahon yangiliklari dayjestida.
«Buxoro neft bazasi» MCHJda muttasadilari xususiy AYOQSHlarga jami 2,6 mlrd so‘mlik neft mahsulotlarini to‘lovsiz yetkazib berib, debitor qarzdorlikni yashirib kelgan. Shuningdek, MCHJ qurilish korxonalariga 298,1 mln so‘m pulni asossiz ravishda to‘lab bergan. Xodimlarga esa 31,6 mln so‘m miqdorida ortiqcha ish xaqi va mukofot pullari berilgan.
Poytaxt Kengashi tomonidan 2022 yilgi Toshkent shahri va uning tumanlari budjeti 6,04 trln so‘m miqdorida tasdiqlandi, bu o‘tgan yilga nisbatan 48,5 foizga ko‘proq. budjet daromadlarining asosiy manbai yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqdan tushumlar bo‘lib, 2,3 barobarga oshadi. Issiqlik energiyasi ishlab chiqaruvchilarning yo‘qotishlarini subsidiyalashga 732,2 mlrd so‘m, «Obod mahalla» dasturi uchun 500 mlrd so‘m yo‘naltiriladi.
Farg‘ona viloyatida avvaliga «Islom davlati» terroristik tashkiloti a’zolari safiga qo‘shilish niyatida Turkiyaga borgan, Suriyaga o‘ta olmagach, O‘zbekistonga qaytib kelib, tashkilot g‘oyalarini targ‘ib qila boshlagan 19 yoshli shaxs qo‘lga olingani aytilmoqda. Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 15,00 so‘mga ko‘tarilib, 10 855,02 so‘m etib belgilandi. Shuningdek, yevro va rubl kurslari ham ko‘tarildi.
Hukumat qarori bilan Farg‘ona, Surxondaryo va Xorazmda Odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi laboratoriyalari, Samarqandda esa Materiallar, ashyolar va buyumlar kriminalistik ekspertizasi laboratoriyaci tashkil etiladi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida qo‘shilgan qiymat solig‘i imtiyozlari bo‘yicha qonun loyihasi qabul qilindi. Unga ko‘ra, ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlari 2022 yil 30 aprelga qadar QQSdan ozod qilinadi.
KXSHTning Qozog‘istondagi asosiy missiyasi yakunlandi, kontingentni olib chiqish 2 kundan keyin boshlanadi va bu jarayon 10 kundan oshmaydi, dedi prezident Qasim-Jomart Tokayev. Uning ta’kidlashicha, ittifoqchilarga murojaat qilish vaqtida hukumat Olmaota, keyinchalik esa mamlakat ustidan nazoratni butunlay yo‘qotishi mumkin edi. Prezident Milliy xavfsizlik qo‘mitasi terrorchilik tahdidining oldini o‘z vaqtida bartaraf eta olmaganini ta’kidladi.
Asqar Mamin iste’foga chiqqanidan keyin Qozog‘iston hukumati rahbari vazifasini bajarib kelayotgan Alixon Smailov mamlakat bosh vaziri etib tayinlandi.
Alisher Usmonovga tegishli USM Holdings kompaniyasining sho‘’ba korxonasi bo‘lgan «Telekominvest» MCHJ «Kapitalbank» ustav kapitalining 8,33 foizini sotib oldi. Endilikda ushbu kompaniya «Kapitalbank»ning 25 foiz ulushiga ega.
Andijon-Toshkent yo‘nalishida taksichilik qiluvchi fuqaro Toshkentga yo‘lovchi olib ketib, bedarak yo‘qolgan. Uning jasadi Toshkentdagi avtoturargohda turgan Cobalt yukxonasidan topildi. Hozirda 3 nafar gumonlanuvchi qo‘lga olingan.
O‘zbekiston TIV rasmiy vakili Qozog‘istondagi fuqarolarga zarur yordam ko‘rsatish ishlari olib borilayotganini ma’lum qildi. Nur-Sulton shahridan aviaparvozlar amalga oshirilmoqda, qolaversa, Olma-otadan O‘zbekistonga qaytishni xohlovchi fuqarolar ro‘yxati tuzilgan. Hozirda O‘zbekiston fuqarolarining hibsga olingani haqida ma’lumot yo‘q.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting