Davlat raqamisiz bo‘lgan Malibu haydovchisi prezident tashrifi chog‘ida o‘rnatilgan cheklovlarga bo‘ysunmadi. Huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari mashinaga qarata bir necha marotaba o‘q uzishdi. Haydovchi qo‘lga olingan. U mast holatda bo‘lgani aytilmoqda.
Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasining sobiq raisi Karim Masimov davlatga xiyonat qilishda ayblanib, hibsga olindi. U 6 yanvar kuni iste’foga chiqarilgandi.
Navoiy shahrida sayyohlar uchun qiymati 13,7 mlrd so‘mlik «Turizm ko‘chasi» qurilishi boshlandi. Loyihaga ko‘ra, hududga yangi granit toshlari yotqiziladi, piyoda va velosiped yo‘laklari, selfi hududlar, mahalliy aholi va sayyohlar uchun ovqatlanish joylari bunyod etiladi.
Narikbayev nomidagi Qozog‘iston davlat yuridik universitetida tahsil olayotgan 35 nafar talaba Nursultondan Toshkentga qaytarildi.
Mehnat ta’tilidan 2 kunda qaytgan Shavkat Mirziyoyev, nomi oqlangan 120 nafar qatag‘on qurbonlari, O‘zbekistonning kovid-sertifikatlarini tan olishni boshlagan Buyuk Britaniya, tuxum eksporti cheklanganini vaqtincha chora deya atagan Iqtisodiy taraqqiyot vazirligi, piyodani urib yuborgan avtobus, xarid chekini ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha qo‘llanma va boshqa xabarlar — «Gazeta.uz» ning 7 yanvardagi eng muhim xabarlari dayjestida.
O‘zbekiston Markaziy banki noyabr oyida dunyoning boshqa mamlakatlariga qaraganda ko‘proq — 21,5 tonna oltin sotdi.
O‘zbekiston bo‘ylab bo‘lib o‘tgan Coca-Cola yangi yil tadbirning mehmonlari va tashkilotchilari bayram nimalar bilan esda qolgani haqida so‘zlab berishdi.
21 yanvar O‘zbekiston va Yaponiya milliy terma jamoalari o‘rtasida o‘tishi rejalashtirilgan o‘rtoqlik uchrashuvi bekor qilindi. Bunga Yaponiyada karantin choralari kuchaytirilgani sabab bo‘lgan. O‘FA ayni shu kuni boshqa raqib bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazish borasida ish olib bormoqda.
Olmazor tumanida 43-sonli yo‘nalishdagi «ISUZU» rusumli avtobus svetoforning qizil chirog‘ida to‘xtash paytida yo‘l chetiga yiqilib tushgan piyodani urib ketdi. Buning oqibatida fuqaro voqea joyida vafot etgan. Piyoda mast holatda bo‘lganligi aytilmoqda.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, Qozog‘istondagi tartibsizliklar sababli mamlakatdagi biznes 91 mln dollar zarar ko‘rdi. Zararning asosiy qismi savdo, umumiy ovqatlanish, transport, xizmat ko‘rsatish va moliya sektoridagi tadbirkorlik subyektlariga yetkazilgan.
Temiryo‘l kassalari oldida yuzaga kelgan navbatlar va tartibsizliklar ortidan — Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi 11 yanvargacha xarid qilingan chiptalarni almashtirish muddati ham 24 yanvarga qadar uzaytirilganini ma’lum qildi. «O‘zbekiston temir yo‘llari» esa «chipta almashtirish uchun qo‘shimcha to‘lovlar olinmasligi va qo‘shimcha poyezdlar ham yo‘lga qo‘yilishini» qayd etdi.
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev xalqqa murojaatida mamlakat mahalliy va xorijlik qurolli banditlarga qarshi kurashishga majbur bo‘lganini aytdi. Birgina Olmaota shahriga 20 ming bandit hujum qilgan, deya ma’lum qildi u. Huquq-tartibot xodimlariga ogohlantirishsiz o‘ldirish uchun o‘t ochish buyurilgan. Shu bilan birga, tinch muhit hukmron bo‘lgan hududlarda favqulodda holat asta-sekin bekor qilinadi, ayrim hududlarda internet yoqiladi.
Qashqadaryo viloyati chegarasida 100 tonna chigit to‘xtatib qolinganiga «texnik xatolik tufayli ta’minotchi korxona urug‘lik chigit berib yuborganligi» sabab qilib ko‘rsatildi. Samarqandlik tadbirkorning mahsuloti 10 kunda yetkazib berilishi aytilmoqda. Antimonopoliya qo‘mitasi 2020 yilgi chigit ishidan keyin ushbu holat Qashqadaryoda yana takrorlanganini hamda vaziyat o‘rganilayotganini ma’lum qildi.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tuxum eksportiga nisbatan cheklov haqiqatda joriy qilinganligini ma’lum qildi va buni vaqtinchalik chora deb atadi. Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, 2021 yilning sentabr-dekabr oylarida tuxum narxi 19,6 foizga, ayrim hududlarda 20−22 foizgacha o‘sgan. Avvalroq Veterinariya qo‘mitasi tuxum eksporti cheklanganligi to‘g‘risidagi xabarni rad etgan edi.
Yaqin kunlarda havo haroratining sovishi, biroq yog‘ingarchiliklarsiz bo‘lishi kutilmoqda. Harorat kunduzi +10 daraja iliq bo‘ladi, ba’zi hududlarga tuman tushishi mumkin.
Toshkent metropoliteni tajriba tariqasida «Chilonzor» metro bekatida hojatxona qurishni boshladi, agar bu o‘zini oqlasa, boshqa bekatlarda ham tadbiq etiladi. Shuningdek, bekatlarda yo‘l ko‘rsatkichlarini zamonaviy dizayn asosida bosqichma-bosqich almashtirish rejalashtirilgani ma’lum qilindi.
Jenisbek Piyazov jamoatchilik asosida maktabgacha ta’lim vaziri maslahatchisi etib tayinlandi. U sohada madaniyat va san’atni rivojlantirishga yordam beradi.
So‘nggi ikki kun ichida O‘zbekistonda 397 kishi koronavirus yuqtirib oldi, uch kishi esa vafot etdi. 5 yanvargacha COVID-19`ga chalinganlar soni 100 kishidan oshmayotgan, 9 kundan beri esa o‘limlar qayd etilmagan edi.
Buyuk Britaniya 10 yanvardan O‘zbekistonning koronavirusga qarshi emlanganlik to‘g‘risidagi sertifikatlarini rasman tan olishni boshlaydi. Endilikda vaksina olgan o‘zbekistonliklar Angliyaga kirish uchun PZR testini taqdim etishlari shart bo‘lmaydi.
Oliy sud 6 ta jinoyat ishi bo‘yicha surgun qilingan, otilgan va mol-mulki musodara qilingan 120 nafar qatag‘on qurbonlari nomini oqladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting