Uchquduq va Konimex tumanlarining cho‘l hududlariga 600 ta yo‘rg‘a tuvaloq qo‘yib yuborildi. Qushlar BAA moliyalashtiruvchi “Amirliklarning Yo‘rg‘a tuvaloqni asrash markazi” tomonidan yetishtirilgan. Qushlar O‘zbekiston qizil kitobiga kiritilgan.
Tashqi ishlar vazirligi sobiq Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi binosiga ko‘chdi. TIV binosida esa yangi tashkil etilgan Ijtimoiy himoya milliy agentligi joylashadi.
Bu hafta O‘zbekistonda o‘rtacha issiq ob-havo saqlanib turadi. Kunduz kunlari harorat +35…+40, janubda va cho‘l hududlarda +42 darajagacha isiydi. Ayrim joylarda chang-to‘zon kuzatilishi mumkin.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida fuqarolarning huquq belgilovchi hujjatlarsiz qurilgan uy-joylari joylashgan yer uchastkasiga ijara huquqi, unda joylashgan bino va inshootlarga mulk huquqi e’tirof etiladi.
Pokistonning Bajaur tumanida siyosiy partiya yig‘ilishida xudkush portlash uyushtirdi. Dastlabki ma’lumotga ko‘ra, 44 kishi halok bo‘lgan, 100 dan ortiq kishi jarohat olgan. O‘zbekiston TIV qurbonlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi.
Tijorat banklari 31-iyul kuni aholidan 1 AQSh dollarini 11 540−11 610 so‘mdan sotib olmoqda, sotuv kursi esa 11 650−11 660 so‘m.
Angor tumanida 2 kunlik qiz chaqalog‘ini 35 mln so‘mga sotmoqchi bo‘lgan erkak aniqlandi. U 1400 dollar va 10 mln so‘m olayotgan paytda qo‘lga olindi.
Farg‘onalik bloger Olimjon Haydarov salbiy mazmundagi maqolani tarqatmaslik evaziga 10 ming dollar talab qilganlikda ayblanib, hibsga olingandi. Uning ukasi Salimjon Haydarov “Gazeta.uz”ga aytishicha, gumondorning uyida tintuv ham o‘tkazildi.
Navoiyda fuqaroga $30 ming evaziga oltin qazib olish uchun sharoit yaratib bergan IIB inspektori, Namanganda $3 ming evaziga firmaning 383 mln so‘mlik solig‘ini bartaraf etmoqchi bo‘lgan soliq inspektori, Andijonda $5 ming evaziga fuqaroni ishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan Milliy gvardiya xodimi ushlandi.
Prezident qarori bilan xorijdan kelgan har bir turist uchun turoperatorlarga teng ulushlarda 20 dan 100 dollargacha subsidiya ajratiladi. Shuningdek, “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida o‘qimoqchi bo‘lgan ayrim xorijiy mamlakatlar fuqarolari uchun davlat grantlari shakllantiriladi.
2002-yilda qasddan odam o‘ldirishda gumonlanib, qidiruvga berilgan 48 yoshli erkak Qozog‘istondan, 2015-yilda bosqinchilikda gumonlanib, qidiruvga berilgan shaxs esa Rossiyadan O‘zbekistonga ekstraditsiya qilindi.
Turkiya davlatlar jo‘g‘rofiya kengashi hamda Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotiblarining Istanbulda bo‘lib o‘tgan uchrashuvida iqlim o‘zgarishi, ekologik muammolar, energiya resurslari taqchilligi kabi global muammolarga birgalikda yechim topishga kelishib olindi.
Farg‘onalik bloger Olimjon Haydarov jinoyatda gumonlanib, hibsga olindi, deya ma’lum qildi Farg‘ona viloyati IIB. U “Qo‘qon Istiqlol” savdo kompleksi rahbarlaridan salbiy mazmundagi maqolani internetda tarqatmaslik evaziga 10 000 dollar talab qilganlikda ayblanmoqda.
O‘zbekistonda 1-avgustdan zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksalarga beriladigan nafaqa miqdori 535 ming so‘mdan 568 ming so‘mga oshiriladi. Bu o‘zgarish boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun to‘lanadigan miqdorga ham taalluqli.
Oqdaryo tumani hududidan o‘tuvchi yo‘lda bir guruh fuqarolar avtobus yo‘lini to‘sib, unga tosh otdi. Samarqand viloyati IIB mojaro haydovchilar yo‘l talashgani ortidan kelib chiqqani va 14 kishiga nisbatan 15 sutkadan ma’muriy qamoq jazosi tayinlanganini bildirdi.
Farg‘onada 6 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan yong‘in bo‘yicha prokuratura tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Achilboy Ramatov boshchiligidagi hukumat komissiyasiga vafot etganlarning oilasi va jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish hamda baxtsiz hodisani tekshirib, hisobotni Vazirlar Mahkamasiga kiritish topshirildi.
Shavkat Mirziyoyevning farmoniga ko‘ra, 30-iyul — Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan bir guruh shaxslarga “Do‘stlik”, II darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordenlari va “Shuhrat” medali berildi (ro‘yxat).
Farg‘ona shahridagi 4 qavatli bino yerto‘lasida joylashgan karaoke kafesida yong‘in sodir bo‘lishi oqibatida 6 kishi halok bo‘ldi. 7 kishi shifoxonaga olib ketilgan. Prezident topshirig‘iga ko‘ra tuzilgan Hukumat komissiyasi Farg‘onaga jo‘nab ketdi.
Toshkentning Bunyodkor shohko‘chasida uchta yengil avtomobil to‘qnashib ketdi, bir mashina haydovchisi va 3 nafar yo‘lovchisi jarohatlandi.
Andijon viloyatida yashovchi 30 yoshli shaxs Suriyadagi jangarilar safiga qo‘shilmoqchi bo‘lgani uchun 8 yil 1 oyga ozodlikdan mahrum etildi. U Turkiyada yashagan paytida bir necha bor Suriyaga o‘tishga uringan, so‘ng O‘zbekistonga deportatsiya qilingan.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting