Shveysariya bankidagi muzlatilgan $70 mlnni qaytarib olayotgan Gulnora Karimova, Qozog‘iston va O‘zbekistonga o‘rtasida qurilayotgan yangi magistral yo‘l, QQS imtiyozlari muddati uzaytirilayotgan oziq-ovqatlar, o‘z Tracker avtomobilini ishlab chiqarishni reja qilayotgan UzAuto Motors, Farg‘ona yo‘li ko‘chasidagi ta’mirtalab bo‘lib qolgan yangi yo‘llar va Yangi yilga narxi oshayotgan taksilar — «Gazeta.uz» ning 24 dekabrdagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida 280 kilometrlik yangi avtomobil va temir yo‘l qurilishi rejalashtirilmoqda. Mazkur yo‘lning Markaziy Osiyo davlatlarini Qozog‘istonning janubiy, markaziy va shimoliy hududlari orqali Rossiya bilan birlashtirishi kutilmoqda
Buyuk Britaniyaning Metito Utilities Limited kompaniyasi Namangan shahrida oqova suvlarni tozalash inshootlarini qurish bo‘yicha tenderda g‘olib chiqdi. Loyiha qiymati 90 mln dollarga baholanmoqda. obyektdan erkin foydalanish uchun davlat yiliga 9 mln dollar to‘laydi.
«O‘zbekiston yoshlari forumi — 2021» doirasida respublika bo‘ylab tanlab olingan 40 ta eng istiqbolli startap loyihalari g‘oliblariga «Yoshlar — kelajagimiz» jamg‘armasidan 1 mlrd so‘m, BMT Taraqqiyot dasturi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining qo‘shma loyihasi tomonidan esa 100 ming dollar grant mablag‘lari ajratildi.
DXX Andijon viloyatida avval «Hizb ut-Tahrir» tashkilotiga a’zo bo‘lganliklari uchun jazo muddatini o‘tab chiqqan, biroq, ozodlikka chiqqach ekstremistik g‘oyalarni targ‘ib qilishda davom etgan 12 nafar shaxsni qo‘lga oldi. Ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 28 dekabr kuni Sankt-Peterburgda bo‘lib o‘tadigan MDH davlatlari rahbarlarining an’anaviy norasmiy uchrashuvida ishtirok etadi.
Kattaqo‘rg‘on tumani xalq ta’limi bo‘limi mutaxassisi maktabdagi ta’mirlash ishlarini bajarilgani haqidagi dalolatnomani tasdiqlatib berish evaziga tadbirkordan 2000 dollar olganida ushlandi. Unga nisbatan jinoyat ishi ochildi.
Dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 9,02 so‘mga pasayib, 10 798,23 so‘m etib belgilandi. Shuningdek, yevro kursi ko‘tarildi, rubl kursi esa pasaydi.
O‘zbekiston ipoteka kreditlarini olish bo‘yicha reytingda 111 davlat ichida 104-o‘rinni, MDHda esa oxirgi pog‘onani egalladi.
Sirdaryo viloyati hokimi farmoyishiga ko‘ra, Sardoba toshqini oqibatiida zarar ko‘rgan irrigatsiya va melioratsiya obyektlarini qurish, ta’mirlash ishlari uchun respublika budjetidan 4,4 mlrd so‘m ajratildi.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi a’zosi, fizik olim Temurbek Usmonov 79 yoshida vafot etdi. U dunyoda ilk bor quvvatli lazer nurlanishlarining eng katta samaradorlikdagi garmonikalari va yorug‘likning eng yuqori darajadagi parametrik generatsiyalarini olishga erishgan edi.
Shu kunlarda O‘zbekiston bo‘ylab havo sovishi, kechalari temperatura -8 darajagacha bo‘lishi kutilmoqda. Shanba kuni yomg‘ir yog‘adi, yakshanba kuni esa yomg‘ir qorga aylanadi.
2022 yil yozi o‘rtalarida UzAuto Motors yangi Tracker avtomobilining kichik uzelli yig‘ishni boshlashni rejalashtirmoqda. Mahalliylashtirish darajasining eng kamida 50 foizni tashkil etishi hamda yiliga 80 ming dona avtomobil ishlab chiqarilishi kutilmoqda.
Samarqandda o‘zganing fermer xo‘jaligi yeridan 10 gektarni sotmoqchi bo‘lgan ayol, Surxondaryoda esa uy qurish uchun fermer xo‘jalik yerini sotishga uringan fuqaro qo‘lga olindi. Ularga nisbatan firibgarlik moddasi bilan jinoyat ishi ochildi.
Asosiy oziq-ovqat mahsulotlar, jumladan, o‘simlik yog‘i, kungaboqar va zig‘ir urug‘i, go‘sht, tirik hayvonlar, baliq va kartoshka importi va realizatsiyasi uchun QQS berilgan imtiyozlar muddati 2022 yilning 30 apreligacha uzaytirish to‘g‘risidagi hujjat loyihasi Qonunchilik palatasiga kiritildi.
Juma kuni Nukus shahri va Qoraqalpog‘istonning bir qancha tumanlarida qor yog‘di. Buning oqibatida jamoat transporti sifatida foydalanilgan 1400 dan ortiq «Damas» mashinalari qatnovdan olingan, tumanlararo yo‘lovchi tashuvchi avtobus va mikroavtobuslar harakati esa vaqtincha to‘xtatilgan. Qoraqalpog‘istonlik sinoptikning fikricha, shanba kuni tushki vaqtgacha qor yog‘ishda davom etadi va sovuq havo 3−4 kun davomida saqlanib qoladi.
Shveysariyaning federal jinoyat sudi Gulnora Karimova benefitsiari bo‘lgan Takilant kompaniyasining muzlatilgan 350 mln dollar ko‘proq mablag‘ning 293 mln dollarini musodara qildi. Taxminan 70 mln dollar esa jinoyat natijasiga qo‘lga kiritilgani aniqlanmagani uchun kompaniyaga qaytariladi. Shu bilan sud Karimova bilan bog‘liq jinoyat ishi doirasida yana bir bobni yopdi. Adliya vazirligi 293 mln dollarni O‘zbekistonga qaytarishga umid qilmoqda.
Shavkat Mirziyoyev 20 avgustni Tadbirkorlar kuni etib belgilashga oid qonunni imzoladi. Joriy yilning ayni shu kuni prezident mamlakat ishbilarmonlari bilan uchsharuv o‘tkazgan edi. Endi ochiq muloqot har yili bo‘lib o‘tadi.
Toshkentda bo‘lib o‘tgan mintaqaviy forumda O‘zbekistonning Markaziy Osiyo yetakchi ayollari Muloqotiga raisligi yakunlari sarhisob qilindi. 2022 yilda Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqotiga Turkmaniston raislik qiladigan bo‘ldi.
27 dekabrdan 9 yanvargacha «Toshkent — Buxoro — Toshkent» yo‘nalishida Afrosiyob qatnovi yana bittaga ko‘payadi. Bundan tashqari, bayram kunlari barcha yo‘lovchi poyezdlarga qo‘shimcha vagonlar ulanadi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting