Maktab bitiruvchilarining shahodatnomasidagi 11 yillik ta’limning so‘nggi 6 yillik baholari OTMga kirishdagi balga qo‘shiladi. Baholar elektron platformalar orqali hisoblanadi. Maksimal ball 100 foiz deb olinadi va ballar baho tizimiga o‘tkaziladi.
Dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 26,77 so‘mga pasayib, 10 741,33 so‘m etib belgilandi. Shuningdek, yevro va rubl kurslari ham pasaydi.
Toshkentda yoshlar o‘rtasida 2025 yilgi Paraosiyo o‘yinlari o‘tkaziladi. Avvalroq O‘zbekiston 2025 yili yoshlar o‘rtasida bo‘lib o‘tadigan IV yozgi Osiyo o‘yinlariga mezbonlik qilishi haqida xabar berilgan. Prezident matbuot kotibining ma’lum qilishicha, “shu paytgacha hech qaysi davlatda yoshlar o‘rtasidagi Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari ketma-ket o‘tkazilmagan”.
«Zamin» fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva imkoniyati cheklangan bolalarni jamiyatdan ajratib qo‘yish amaliyotiga chek qo‘yish va bu boradagi ezgu tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi. UNICEF`ning Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha mintaqaviy direktori Afshan Xan bilan nogironligi bo‘lgan bolalarga nisbatan stigma va diskriminatsiyaga barham berish bo‘yicha umummilliy kampaniya boshlanishi e’lon qilindi.
Strit-art rassomi Inkuzart benzin narxi oshishiga ishora qilib, «O‘zbekneftgaz» yoqilg‘i quyish shoxobchasi yonidagi devorda yangi graffiti chizdi. Bir necha soatdan keyin rasm bo‘yab tashlandi.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi va boshqa idoralarning aralashuvidan so‘ng Ai-80 rusumli benzinning birja narxlari pasaya boshladi. Uch kun ichida yoqilg‘i narxi 9 foizga arzonlashdi, xaridorlar soni esa keskin oshdi.
Rossiyaning VEB.RF rivojlanish korporatsiyasi OKMK tarkibida mis boyitish fabrikasi qurilishi qurish uchun davlat kafolati va ta’minotisiz 712 mln yevro miqdorida kredit ajratmoqda. Yangi inshoot hisobidan zavod 2028 yilga borib katodli mis ishlab chiqarishni yiliga 400 ming tonnaga yetkazishni rejalashtirmoqda.
Bosh prokuratura hay’at yig‘ilishida 18 nafar xodim intizomiy jazoga tortildi. Ushbu xodimlar faoliyatida jiddiy xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan hamda xizmat vazifalariga sovuqqonlik bilan munosabatda bo‘lgani uchun jazolangan.
Senatorlar tomonidan ma’qullangan «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, sotuvchiga to‘lov shakliga qarab tovarlarga turli narxlar belgilash taqiqlanadi. Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligining ushbu sohadagi vakolatli davlat organi sifatidagi vakolatlari qonun hujjatlarida mustahkamlanmoqda.
O‘zbekiston va Rossiya o‘zaro hisob-kitoblarda dollardan voz kechib, rublga o‘tishi mumkin. Rossiya iqtisodiy taraqqiyot vaziri Maksim Reshetnikovning ma’lum qilishicha, prezident Putin boshqa davlatlar bilan hisob-kitoblarda rubldan foydalanishni kengaytirish bo‘yicha toshpiriq bergan. Iqtisodchi Otabek Bakirov mazkur mexanizm amaliyotga joriy etilsa, Rossiya bilan tashqi savdo salbiy saldosi oshishi mumkinligini qayd etdi.
Yoshlar, Navo va Kinoteatr telekanallari ixtisoslashtirilgan reklama xususiyatiga ega bo‘lgan kanal sifatida faoliyat ko‘rsatishiga ruxsat berildi.
Senat mashina boshqarayotganda bluetooth va qo‘lni band qilmaydigan boshqa uskunalar orqali telefonda suhbatlashishga ruxsat beruvchi qonunni ma’qulladi. Pasport (ID-kartalar) bo‘lgan taqdirda, haydovchilik guvohnomasi, sug‘urta polisi va texpasportni olib yurish shart bo‘lmaydi. Monitor uchun jarima bekor qilinmoqda, sug‘urta polisi yo‘qligi uchun jarima pasaytiriladi. Qonun prezident tomonidan imzolanishi lozim.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev deputat ayol Feruza Babasheva atrofida bo‘layotgan voqealarga munosabat bildirdi. U ayolning bir erkak bilan birgalikdagi fotosuratlari va videosining ijtimoiy tarmoqlarga tarqalib ketganini keskin qoralab, «kim va nima bo‘lishidan qat’i nazar, odamni sindirish bunday usul bilan uyushtirilmasligini» ta’kidladi.
18 noyabrda O‘zbekiston hududlari bo‘ylab 297 753 doza COVID-19ga qarshi vaksina qo‘llanildi. Shu kungacha birinchi doza bilan emlanish ko‘rsatkichi emlanishi rejalashtirilgan qatlamga nisbatan 75,3 foizni tashkil qilmoqda.
Hukumat qarori bilan Orolbo‘yida kardiologiya tibbiyot markazi tashkil etiladi. Markaz Orolbuyi mintaqasidagi hamda Buxoro va Navoiy viloyatlarida tug‘ma yurak nuqsoni bilan tug‘ilgan bolalarga tibbiy yordam ko‘rsatadi. Markaz kasalliklarning oldini olish, ularga tashxis qo‘yish, davolash bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borish bilan shug‘ullanadi.
Senat «Favqulodda holat to‘g‘risida»gi konstitutsiyaviy qonunni tasdiqladi. Qonun favqulodda holatni joriy etish shartlari va tartibi, qo‘llaniladigan choralar va cheklashlar, fuqarolar huquqlarining kafolatlari, sudlar faoliyati va boshqa masalalarni tartibga soladi. Qonunga ko‘ra, mamlakat hududida favqulodda holat muddati 30 sutkadan oshmasligi kerak va bu muddat faqat prezident farmoni bilan uzaytirilishi mumkin, farmon esa parlament tomonidan tasdiqlanishi lozim.
Noyabr oyida Navoiy, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlari hokimlari almashtirildi. Hududlar rahbarlari ishining so‘nggi kunlarida xilma xil qarorlarni imzoladilar — turli tashkilotlarga mablag‘ ajratishdan tortib, avtomobilni boshqa tashkilot balansiga o‘tkazishgacha. «Gazeta.uz» uch viloyat sobiq hokimlarining oxirgi qarorlarini o‘rganib chiqdi.
YUNICYeF O‘zbekistonda ota-onalar uchun 6 yoshgacha bo‘lgan bolalar salomatligi va rivojlanishining barcha jihatlari bo‘yicha mutaxassislar maslahati bilan ta’minlab beruvchi Bebbo mobil ilovasini ishga tushirdi. Ilovada emlashlar, tibbiy ko‘riklar va bola hayotining boshqa muhim bosqichlarini ham qayd etib borish mumkin.
Dam olish kunlarida yog‘ingarchiliksiz ob-havo saqlanib turadi. Havo harorati kechasi -2 daraja sovuq, kunduz kuni +14…+17 daraja iliqgacha ko‘tariladi.
SSV ishchi guruhi tibbiyot muassasalarining ishida kamchiliklarni aniqladi: uzun navbatlar, ortiqcha qog‘ozbozliklar va sanitariya-gigiyena me’yorlariga amal qilmaslik. Vazir Behzod Musayev barcha muassasalarning sanitariya-gigiyenik holatini zudlik bilan yaxshilash bo‘yicha topshiriq berdi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting