Samarqand shahridagi bog‘chalardan birida yong‘in sodir bo‘ldi. Hodisa oqibatida jabrlanganlar yo‘q. Yong‘inning kelib chiqish sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.
Dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 14,94 so‘mga pasayib, 10 677,66 so‘m etib belgilandi. Shuningdek, yevro va rubl kurslari ham pasaydi.
Tibbiyot sohasidagi Nobel mukofoti «harorat va sezish retseptorlarini kashf qilgan» olimlar Devid Julius va Ardem Pataputyanga topshirildi.
Taniqli siyosatchilar, davlat va hukumat rahbarlari, mashhur boylarning ofshor operatsiyalari haqida e’lon qilingan «Pandora Papers» hujjatlarida O‘zbekistonga millionlab investitsiya kiritgan irland kompaniyalari hamda Gulnora Karimovaga pora berganlikda gumon qilinadigan Telia kompaniyasi vakillari haqida ham so‘z boradi. Shuningdek, surishtiruv doirasidagi hujjatlarda Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevning oilasi, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy, Iordaniya qiroli, Buyuk Britaniya sobiq bosh vaziri va boshqa taniqli shaxslarning ofshor operatsiyalari haqida ma’lumot keltirilgan.
Abdulla Qodiriy xotirasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbirda bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov muzeylarga bo‘lgan yondoshuv tubdan o‘zgarayotganini ta’kidladi. «Bundan keyin barcha adiblarimizning muzeylari va hatto uy-muzeylarga bo‘lgan e’tibor yanada kuchaytiriladi», — dedi u.
Toshkentning Chilonzor tumanidagi yangi qurilayotgan uyda gaz portlashi kvartiraning gaz ta’minoti tizimiga ruxsatsiz ulanishi oqibatida yuz berdi, deya ma’lum qildi «Hududgazta’minot». Aniqlik kiritilishicha, bino hali foydalanishga topshirilmagan.
Prezident farmoniga ko‘ra, qator tovarlar uchun 2024 yil 1 yanvargacha bojxona boji bekor qilindi. Ular orasiga o‘quv laboratoriya va maxsus asbob-uskunalar va jihozlar, taqiqlanmagan o‘yin avtomatlari, videoo‘yinlar uchun uskunalar va bouling uchun avtomatik uskunalar, stomatologiya va kosmetologiya asbob-uskunalari, butlovchi buyumlar va ularning ehtiyot qismlari hamda sarflash materiallari va boshqa tovarlar kirgan.
2022 yil 1 yanvardan boshlab chakana savdo, umumiy ovqatlanish va xizmat ko‘rsatish obyektlarida xaridni amalga oshirgan va ushbu xaridni soliq organlarining maxsus mobil ilovasida ro‘yxatdan o‘tkazganlarga o‘sha xarid summasining 1 foizi budjetdan qaytariladi. Keshbek har oy yakunida jismoniy shaxslarning bank kartalariga o‘tkaziladi. Chek bermaganlik holati haqida xabar berganlarga undirilgan jarimaning 20 foizi mukofot tariqasida to‘lanadi.
Ertaga shimoliy hududlarga Kavkazdan yana sovuq va kuchsiz havo massalari kirib keladi. 5−6 oktabrda shimolda va cho‘l hududlarining ba’zi joylarida shamol tezligi 15−20 m/s gacha kuchayayishi kutilmoqda. Hafta davomida havo harorati +17…+20 daraja iliqgacha ko‘tariladi.
Prezident qarori loyihasiga ko‘ra, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma bo‘yicha amalga oshiriladigan davlat xaridlari ro‘yxati qisqartirilishi kutilmoqda. Shuningdek, 2022−2025 yillarda davlat xaridlari sohasini rivojlantirish Strategiyasi ishlab chiqilishi ko‘zda tutilgan.
14−20 oktabr kunlari O‘zbekiston prezidenti saylovida muddatidan oldin ovoz berish o‘tkaziladi.
Namanganda viloyatida 6 yoshli bola yuk mashinasi urib ketishi oqibatida vafot etdi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Buxoro viloyati hokimining farmoyishiga binoan, fuqarolar murojaatlari bilan ishlashga e’tiborsiz bo‘lgan 5 ta tuman hokimiga «hayfsan» berildi. 2 ta tuman hokimi esa ish haqining 20 foiz miqdorida jarima to‘laydigan bo‘ldi. Buxoro shahri hokimi qattiq ogohlantirildi. Yana bir hokimga fuqarolarning murojaatlari bilan ishlashning holatini chuqur tahlil qilish topshirildi.
Avtobloger Bobur G‘aniyev IIBB xodimlarini haqorat qilgani uchun 5,4 mln so‘mga jarimaga tortildi. Sudya «ment» so‘zini haqoratomuz deb ta’rifladi. Bloger va uning sheriklari IIO xodimlarining xizmat vazifasini bajarishga qarshilik qilgani uchun 15 sutkaga qamaldi. Deputat Rasul Kusherbayev blogerning telefoni tintuv qilingani qanchalik qonuniy ekanligi bo‘yicha savolga berildi va qamoqning «ommani o‘ziga jalb qilish» bilan tushuntirilganligi bo‘yicha xavotir bildirdi.
Toshkentning Chilonzor tumanidagi yetti qavatli yangi uyda gaz portlashi sodir bo‘ldi. Uyda yashovchilar jabrlanmadi, bir nechta kvartiraga zarar yetgan, deb xabar berdi FVV.
Toshkentning Yangihayot tumanida Damas avtomobili tezlikni oshirib, yo‘l chetida turgan to‘rt o‘quvchini urib yubordi. Ulardan biri shifoxona yo‘lida vafot etdi, qolganlari jiddiy jarohatlar bilan kasalxonaga yotqizildi.
Futzal bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi taqdirlanishi, O‘zbekistonlik futbolchi Jasurbek Yaxshiboyev “Real” darvozasiga gol urishi, Sport gimnastikachisi Oksana Chusovitina sportga qaytishi — “Gazeta.uz"ning haftalik sport yangiliklari dayjestida.
«Tolibon» vaqtinchalik hukumatda TIV rahbari etib tayinlagan Mavlavi Amir Xon Mottakiy O‘zbekiston elchisi Yodgorxo‘ja Shodmonovni qabul qildi. Tomonlar davlatlar o‘rtasidagi parvozlarni qayta tiklash, Mozori Sharif aeroportini rekonstruksiya qilish masalalarini muhokama qildilar.
Kelgusi yildan xorijdan o‘qishni ko‘chirishda o‘tish bali joriy yilgi kirish ballari bilan bir xil bo‘lishi ma’lum qilindi. Mazkur imtihonlar DTMda o‘tkaziladi. Ichki o‘qishni ko‘chirish xususida ham yangiliklar kutilmoqda.
Shanba kuni Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanida Lacetti avtomobiliga o‘rnatilgan gaz balloni yorildi. Hodisa oqibatida tan jarohati olganlar yo‘q.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting