Tarmoqlarda OTM imtihonlarida huquqshunoslik fanlarida darslikda yo‘q, shuningdek, kodeks va qonunlardan tuzilgan savollar borligidan shikoyatlar paydo bo‘ldi. Bilimni baholash agentligi testlar DTS va o‘quv dasturlariga asoslangani, abituriyentning bilim va ko‘nikmasini aniqlashga qaratilganini ta’kidladi.
Tarmoqlarda qishloqliklarni “jirkanch maxluqot” deya haqorat qilgan qiz ma’muriy jazoga tortildi. Sud unga 6,8 mln so‘m jarima tayinladi.
Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida omixta yem ishlab chiqarish sexi gaz tarmog‘iga ulanib, 1 mlrd 65 mln so‘mlik gazdan noqonuniy foydalangani ma’lum bo‘ldi. Holat yuzasidan dalolatnoma rasmiylashtirildi.
Florida sudi AQShning sobiq prezidenti Donald Trampga nisbatan maxfiy hujjatlardan nojo‘ya foydalanganlik bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoiy ishni bekor qildi. Siyosatchi o‘ziga qarshi qo‘yilgan qolgan uchta jinoiy ishni tugatishga chaqirdi.
Moskva transport boshqarmasi delegatsiyasi O‘zbekiston ko‘chalari va yo‘llarida harakatni boshqarish tizimini takomillashtirish va xavfsizlikni oshirishga ko‘maklashish maqsadida Toshkentga keldi.
Toshkentda Amerika texnologiyalar universiteti ochilishi rejalashtirilmoqda. U faoliyatini 2024/25 o‘quv yilidan boshlaydi va muhandislik, arxitektura, IT, sog‘liqni saqlash, iqtisodiyot kabi yo‘nalishlarda kadrlar tayyorlaydi. Bitiruvchilarga AQSh universitetlarining diplomi beriladi.
BYD Uzbekistan Factory xitoylik hamkorlar bilan O‘zbekistonda yangi avtomobil modellarini ishlab chiqarish bo‘yicha shartnomalar tuzdi. BYD Seagull va E2 ehtimoliy ishlab chiqarish uchun taqdim etilgan va laboratoriyalarda sinovdan o‘tkazilmoqda.
Antikorrupsiya agentligi UzAuto Motors o‘tkazgan 1,3 mlrd so‘mlik davlat xaridida qonun buzilishi holatini aniqladi. Tenderda ishtirok etgan ikki korxona rahbarlari yaqin qarindosh bo‘lgan. Hozirda xarid natijalarini bekor qilish, aybdorlarga chora ko‘rish ishlari olib borilmoqda.
Ta’mirlash ishlari sabab vaqtincha (20-iyul — 7-avgust) yopilayotgan Urganch xalqaro aeroportidan Nukus aeroportigacha bepul transfer yo‘lga qo‘yiladi. Avtobuslar yo‘lovchilarga jo‘nab ketishda ham, uchib kelishda ham xizmat ko‘rsatadi. Uzbekistan Airports maxsus jadvalni e’lon qildi.
Qarshi shahrida xitoylik hamkorlar bilan birga quyosh panellari ishlab chikarish korxonasi qurilmoqda. Loyihaning qiymati 13 mln dollarga teng. Korxona to‘liq quvvatda ishlaganda bir yilda 150 MVt hajmdagi mahsulot ishlab chiqarishi kutilmoqda.
Oson Apteka ilovasi 1000 kun ichida Google Play`da 1 mln marta yuklab olish bosqichidan o‘tdi va O‘zbekistonda dori-darmonlarni izlash bo‘yicha mashhur xizmatlardan biriga aylandi.
AQSh prezidenti Jo Bayden Donald Trampga suiqasd uyushtirilganidan keyin xalqqa qilgan murojaatida Amerika siyosatidagi “shiddatni pasaytirish” va zo‘ravonlikning odatiy holga aylanishining oldini olishga chaqirdi. Trampning o‘zi suiqasdni “juda syurreal tajriba” deb atadi. Suiqasdning maqsadi noma’lum.
Soliq qo‘mitasi sun’iy intellektga asoslangan DavrOn nomli virtual yordamchini ishga tushirdi. U soliq to‘lovchilarga tegishli ma’lumotlar va soliq va soliqqa tortish masalalari bo‘yicha personal maslahatlar berishi mumkin. Bu qo‘mitaning SIga asoslangan uchinchi xizmatidir.
Yanvar-iyun oylarida umumiy pul tushumlari 385 trln so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilga qaraganda 30 foizga o‘sdi. Bank kartalaridagi pullarning 23 foizi naqdlashtirib olindi (2023-yilning mos davrida 24 foiz edi). Naqd pullar ulushi 3,7 foiz bandga pasayib, 21,1 foizni tashkil qildi.
Sho‘rchi tumanida targ‘il sirtlonni o‘ldirgan fuqaroning shaxsi aniqlandi. Holat tufayli tabiatga 1 mlrd so‘mdan ortiq zarar yetgan. Ekologlar bu tur Xalqaro va Qizil kitobga kiritilgani, O‘zbekiston bo‘yicha faqat shu viloyatda borligi, uning o‘ta noyob ekanini aytmoqda.
Endi yangi AGTKSHlar qurish uchun tabiiy gaz tarmoqlariga ulanish bo‘yicha texnik shartlar va litsenziya faqat Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda Energetika vazirligining taqdimnomasiga ko‘ra beriladi. 1-yanvardan boshlab esa “UZINFOCOM” avtomatlashtirilgan tizimlariga ulanish talabi majburiy hisoblanadi.
O‘zbekistonda hafta boshida havo biroz bulutli bo‘ladi, Toshkent viloyati va Farg‘ona vodiysida yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda. Chorshanbadan to ish haftasi oxirigacha yog‘ingarchilik kuzatilmaydi, harorat +34…+37, janub va cho‘l hududlarda +38…+40 darajagacha bo‘ladi.
Jizzax viloyatida Damas haydovchisi haydovchilik guvohnomasisiz 14 nafar (avtomobil 7 kishiga mo‘ljallangan) yo‘lovchini tashidi.
Korzinka cupermarketlar tarmog‘iga nisbatan ish qo‘zg‘atildi. Raqobat qo‘mitasi kompaniyaning “eng arzon narx” deb e’lon qilgan mahsulotlarining narxi boshqa supermarket va bozorlardagi narxlardan farq qilmasligini aniqladi. Qo‘mitaga ko‘ra, buni chalg‘ituvchi yoki chalg‘itishga olib keluvchi holat deyish mumkin.
Norin tumanida o‘zboshimchalik bilan elektr tarmog‘iga ulangan korxona tizimga 2,3 mlrd so‘mlik zarar yetkazdi. Holat bo‘yicha jinoiy ish ochilib, korxonaning norasmiy rahbari protsessual tartibda ushlandi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting