Prezident Navoiy viloyatida yangi loyihalarni ishga tushirish marosimida qatnashdi. Xususan, Konimexda yonuvchi slanetslarni qazish va qayta ishlash, Karmanada quyosh foto elektr stansiyasi va elektr energiyasini saqlash tizimi loyihalari qurilishi boshlandi. Navoiy shahrida paxta sellyulozasi korxonasi ishga tushdi.
Toshkent viloyati Bekobod tumanida ota va o‘g‘il is gazidan zaharlanib vafot etdi. Hozirda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Shavkat Mirziyoyev Navoiy viloyatida o‘tkazilgan yig‘ilishda 27-oktabrda o‘tgan parlament saylovi haqida gapirdi. “Xalqimiz sizlarning yangi g‘oya va tashabbusingizga katta umid va ishonch bilan qaramoqda. El-yurtimiz yangi parlament va mahalliy kengashlar a’zolaridan ko‘p narsani kutmoqda”, dedi prezident.
Markaziy bank 5 foizlik inflyatsiya bo‘yicha targetga erishish muddatini uchinchi bor kechiktirdi. MB raisi barqaror institutsional sharoit yaratmay turib, yalpi talabni cheklovchi keskin choralar ko‘rish iqtisodiy faollik va moliyaviy barqarorlikka jiddiy xavf tug‘dirishi mumkinligini ta’kidladi.
Shavkat Mirziyoyev 2025-yilni Navoiy viloyatida “Alisher Navoiy yili” deb e’lon qilishni taklif qildi. Bu yil doirasida “Hazrat Navoiyni anglash — o‘zligimizni anglash” mavzusida prezident sovg‘asi uchun tanlov tashkil etiladi. Quriladigan Yangi O‘zbekiston bog‘ida Alisher Navoiyga bag‘ishlab memorial muzey ochiladi.
Andijon shahrida 24 yoshli yigit o‘zini yoqib yuborib, joniga qasd qilishga urindi. U kuyish jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizildi.
Andijonning Asaka tumanida 1 yoshli qizaloq hojatxonaga tushib ketdi. FVB qutqaruvchilari qizni chuqurdan olib chiqdi.
“Paxtakor” metro bekatidagi eskirgan eskalator yangilanishi sababli 1-noyabrdan bekatning eskalator o‘rnatilgan tomoni vaqtincha yopiladi. Jarayon qachon tugashi ma’lum emas. Metropoliten undan so‘ng Chilonzor yo‘nalishidagi “Mustaqillik maydoni” va “Hamid Olimjon” bekatlaridagi eskalatorlarni ham yangilaydi.
Toshkent yaqinidagi dalada Yandex Go haydovchisiga pichoq bilan hujum qilgan ikki talaba 7 va 6 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Sudda ulardan biri qarzlari tufayli jinoyatni rejalashtirganlarini ma’lum qildi.
Qoraqalpog‘istonda ikkita korxona umumfoydalanishdagi tarmoqqa noqonuniy ulanish orqali 1,5 mlrd so‘mlik elektrni o‘g‘irlagani aniqlandi. Toshkentda ishlab chiqarish sexi 578 mln so‘m zarar yetkazdi. Holatlar yuzasidan jinoyat ishlari ochildi.
Toshkent viloyatidagi Chirchiq daryosi bo‘yida qum-shag‘al aralashmasi qazib olgan xususiy tashkilot tabiatga 273 mlrd 802 mln so‘m zarar yetkazgani aniqlandi. U avval ham shu qonunbuzarligi uchun javobgarlikka tortilgan.
Prezident Navoiy davlat pedagogika instituti negizida Navoiy davlat universitetini tashkil etish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Maqsad — aniq va tabiiy fanlar, IT, iqtisodiyot, turizm va qishloq xo‘jaligi sohalarida kadrlar tayyorlash.
Toshkentning Yunusobod tumanida Nexia 3 yo‘l chetidagi beton bordyurga borib urildi. Oqibatda mashinada yong‘in yuzaga keldi. Uni o‘chirish uchun beton aralashtirgich transportidagi suvdan ham foydalanildi.
So‘m uchinchi oydirki, dollarga nisbatan biroz qadrsizlanmoqda. Oktabr oyi oxirida dollar kursi 59 so‘mga (+0,46%) mustahkamlandi. Umuman olganda, yil boshidan buyon milliy valyuta o‘tgan yilning shu davridagi 8,8 foizga nisbatan atigi 3,5 foiz devalvatsiyaga uchradi.
Yanvar-sentabr oylarida O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi 34,8 foizga oshib, 11,3 mlrd dollarni tashkil etdi. Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya, Polsha va BAAdan tushumlar keskin oshdi, Rossiyaning ulushi esa pasayishda davom etmoqda.
2025-yil aprelida elektr energiyasi va gaz narxining o‘sishi inflyatsiya darajasini qo‘shimcha 1,5−1,8 foiz punktiga oshiradi va bu omil kelasi yil uchun inflyatsiya prognozida hisobga olinadi, dedi MB raisi. Shu bilan birga, maydagi narxlar o‘sishining ta’siri dastlabki hisob-kitoblardan yuqori bo‘lib chiqdi.
Navoiyga tashrif buyurgan prezident shaharning yangi mahallalaridan birida joylashgan 22-maktabni ko‘zdan kechirdi. Unda 10 dan ortiq to‘garaklar — amaliy san’at, mehmonxona xizmatlari, rassomchilik, suratkashlik, IT, robototexnika, shuningdek, harbiy vatanparvarlik guruhi tashkil etilgan.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2025-yil soliqlarda qanday o‘zgarishlar bo‘lishi kutilayotganini ma’lum qildi: bazaviy soliq stavkalari saqlanib qoladi, lekin import qilinadigan gaz uchun aksiz solig‘i qaytariladi, qat’iy belgilangan soliq stavkalari, marketpleyslar, suv va boshqalar uchun soliqlar oshiriladi.
Prezident Navoiyga tashrifi chog‘ida 1100 gektar maydonda qurilayotgan Yangi Navoiy shaharchasi birinchi bosqichining borishi bilan tanishdi. Shaharchada balandligi 7 dan 22 qavatgacha bo‘lgan uylar, 4170 o‘rinli maktablar, 1620 o‘rinli bog‘chalar va poliklinika, shuningdek, bog‘ va pedinstitutning yangi binosi quriladi.
Germaniya hukumati Eronning Frankfurt, Gamburg va Myunxendagi konsulliklarini yopishga qaror qildi. Bu Eron va Germaniya fuqaroligiga ega Jamshid Sharmahdning Eronda qatl etilishiga javoban amalga oshirilmoqda.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting