O‘zgidromet 23−30-aprel kunlari Toshkent va Namangan viloyatlarining tog‘li hududlarida qor ko‘chish xavfidan ogohlantirdi.
Saudiya Arabistonida o‘tgan qilichbozlik bo‘yicha o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida o‘zbekistonliklar 1 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza medalga sazovor bo‘ldi. Sportchilar 27−28-aprel kunlari Parij-2024 litsenzion turnirida ishtirok etadi.
Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri va sobiq bosh vaziri Devid Kemeron Toshkentga tashrif buyuradi. Uning O‘zbekistondagi hamkasbi bilan muzokaralarida mintaqaviy xavfsizlik, ta’lim, iqlim o‘zgarishi, ikki tomonlama savdo hamda biznes aloqalarini rivojlantirish masalalarini muhokama etish reja qilingan.
21-aprel kuni VI BYD Toshkent xalqaro yugurish marafoni g‘oliblari aniqlandi va taqdirlandi. Sovrin fondi 720 mln so‘mni tashkil qildi.
23-aprel kuni soat 10:00 da UzAuto Motors belgilangan muddatda to‘lov qilinmagani tufayli avvalgi kontraktatsiyadan chiqarilgan Damas avtomobillari kontraktatsiyasini qayta ochadi. Narxlar o‘zgarishsiz qoladi.
Samarqand viloyati prokuraturasi 445 mln so‘mga 22 dona iPhone 14 Pro Max smartfonlarini xarid qildi. Respublika ma’naviyat targ‘ibot markazi Toshkent viloyati bo‘limi 51 mln so‘mga ikkita iPhone 15 Pro Max sotib oldi. Boshqa davlat idoralari ham smartfonlar xarid qilmoqda.
2023-yilda dunyo bo‘yicha harbiy xarajatlar 6,8 foizga o‘sib, 2,44 trln dollardan ortiqni tashkil etdi, deyiladi SIPRI hisobotida. AQSh, Xitoy va Rossiya eng ko‘p harbiy xarajat qilgan davlatlar bo‘ldi. Rossiyaning xarajatlari SSSR parchalanganidan buyon eng yuqori darajaga yetdi.
Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar institutiga ko‘ra, Toshkent shahrida ijara narxlari pasayishda davom etmoqda. Mart oyida o‘rtacha ta’mirlangan xonadonlar ijara narxida fevralga nisbatan 0,61 foiz, to‘liq ta’mirlangan uy-joylar ijara narxida esa 0,76 foiz tushish kuzatildi.
Shaharlararo avtobusda uxlab qolgan ayolning kiyimini yechib, ko‘krak qismiga tegingan 45 yoshli erkak 15 sutkaga qamaldi. Erkak sudda ayolga qo‘li tegib ketganini aytgan.
Urganch tumanida gaz tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanib, 3,3 mlrd so‘mlik 2 mln 249 ming metr kub gazni yashirin ravishda o‘g‘irlagan parrandachilik fermasi aniqlandi.
Hafta davomida ko‘plab hududlarda momaqaldiroq bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi. Faqat 24-aprelda respublikaning katta qismida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat kechalari +13…+18, kunduzi +24…+29 daraja bo‘ladi. Tog‘li hududlarda sel-suv toshqin hodisalari va qor ko‘chishi yuzaga kelishi mumkin.
O‘zbekistonda English Speaking Nation (Ingliz tilida so‘zlashuvchi millat) dasturi doirasida 18 mingdan ortiq ingliz tili o‘qituvchisining bilim va malakalari oshirildi. To‘rt yil davom etgan, qiymati 7 mln dollar bo‘lgan qo‘shma dastur AQSh tashkilotlari ko‘magida olib borildi.
Qashqadaryoning Qarshi shahrida Damas haydovchisi 26 yo‘lovchini — bog‘cha xodimi va 25 nafar bolani tegishli hujjatlarsiz tashigani aniqlandi. Bog‘cha xodimi kechga qolib ketilgani uchun bolalarni bir mashinaga joylashtirishga majbur bo‘linganini aytdi. Avtomobil jarima maydoniga qo‘yildi, haydovchi jazolandi.
Shavkat Mirziyoyev 22-apreldan qisqa muddatli ta’tilga chiqdi. Oldingi safar u 2023-yilning dekabrida ta’tilga chiqqandi.
Mirobod tumanidagi Avliyo ota ko‘chasi hamda ushbu ko‘chaning Nukus va KHAY ko‘chalari bilan kesishmalari 22-apreldan boshlab 10 kun muddatga yopildi.
Istanbuldagi bosh konsulxona Turkiyadagi o‘zbekistonliklarni telefon orqali o‘zini advokat, politsiya yoki maxsus kuchlar xodimi sifatida tanishtirib, hisobraqamga pul o‘tkazishni so‘rayotganlardan ogohlantirdi. Konsullik ularga ma’lumot bermaslik va o‘rnatilgan tartibda chaqirilishni talab qilishni tavsiya etdi.
Ozarbayjonning Ganja shahrida O‘zbekistonning ushbu mamlakatdagi birinchi faxriy konsulxonasi ochildi. Unga konsul etib Kyanan Jalilov tayinlandi.
“Biznes RBP” — bu Fido-Biznes tomonidan yaratilgan yuridik shaxslar hamda yakka tartibdagi tadbirkorlarga masofadan xizmat ko‘rsatish uchun yechim.
22-aprel kuni O‘zbekistonning doimiy aholisi soni 37 millionga yetdi. Oy boshida bu ko‘rsatkich 36 963 262 mln nafarni tashkil etgandi.
Shahrisabz shahrida piyodalar o‘tish yo‘lagidan o‘tayotgan 1-sinf o‘quvchisini yuqori tezlikda kelayotgan Damas urib yubordi. Oqibatda bola shifoxonada vafot etdi, haydovchi qamoqqa olindi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting