Sud “Dok-1 Maks”dan vafot etgan 68 nafar bola va sog‘lig‘i o‘ta og‘ir ahvoldagi 4 nafar bolaning har biri uchun 1 mlrd so‘mdan ma’naviy zarar undirilishi haqida qaror qildi. Sog‘lig‘i qoniqarli 4 nafar bola uchun 500 mln so‘mdan, sog‘lig‘i yaxshilangan 8 nafar bola uchun esa 200 mln so‘mdan undirilishi belgilandi.
“Dok-1 Maks” dori vositasi bilan bog‘liq jinoyat ishi bo‘yicha sud qaroriga ko‘ra, Farmatsevtika agentligi sobiq direktori Sardor Kariyev 18 yil, uning o‘rinbosarlari 16 yil, Quramax Medikal direktori Ragnevdra Pratar esa 20 yilga ozodlikdan mahrum etildi.
“Toshshahartransxizmat” avtobuslar bilan bog‘liq texnik nosozliklar, tutash holatlari va yo‘l-transport hodisalari ko‘payotgani ortidan 5 nafar mas’ul xodimni ishdan oldi.
O‘zbekiston prezidenti Turkiya yetakchisi Rajab Toyyib Erdog‘anga qo‘ng‘iroq qilib, uni 70 yoshi bilan tabrikladi. Suhbatda Shavkat Mirziyoyev “zamonaviy Turkiyaning barpo etilishi va global maydondagi nufuzi yuksalishida” uning o‘rni yuqoriligini ta’kidladi.
25-fevralda O‘zbekistonda kunlik elektr energiyasi ishlab chiqarish kamaydi. Vazirlik xabariga ko‘ra, elektr energiyasini yetkazib berish bo‘yicha cheklovlar ko‘lami kengaytirildi. “O‘zbekneftgaz” dam olish kunlari yoqilg‘i quyish shoxobchalariga qo‘shimcha 1000 tonna benzin yetkazib berganini ma’lum qildi.
Toshkent viloyati Ohangaron shahriga Muzaffar Rajabboyev hokim etib tayinlandi. U bungacha Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligida bo‘lim boshlig‘i lavozimida ishlagan. Shaharning sobiq hokimi fevral boshida lavozimini tark etganini e’lon qilib, aholiga minnatdorlik bildirgandi.
26-fevraldan UNG Petro yonilg‘i quyish shoxobchalarida Ai-80 benzini narxi 6800 so‘mdan 7000 so‘mgacha qimmatlashdi. Oxirgi bir oy ichida ushbu markadagi benzin taqchilligi kuzatilmoqda.
O‘zbekistonda 2023-yilda qariyb 3600 nafar voyaga yetmaganlar jinoyat sodir etdi. Besh yil davomida bu ko‘rsatkich qariyb 4,4 barobarga oshdi. Yil davomida tovlamachilik 70, bezorilik 60, qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish 40, nomusga tegish va odam o‘ldirishga urinish esa 20 foizga ko‘paydi.
Qishning so‘nggi kunlari va bahorning birinchi kuni O‘zbekistonda ob-havoning beqaror sharoiti saqlanib turadi. Hududlarda vaqti-vaqti bilan yomg‘ir va qor yog‘adi. Harorat kechalari 0…-5, kunduzi +2…+7 daraja bo‘ladi. Ba’zi joylarga tuman tushadi. Poytaxtda esa 28-fevral va 1-martda yog‘ingarchilik kuzatiladi.
Dushanba kuni tongda 174-sonli Mercedes-Benz avtobusining tormoz tizimidagi nosozlik sabab yong‘in sodir bo‘ldi. Shuningdek, 33-sonli Mercedes-Benz avtobusida qisqa tutashuv tufayli yong‘in kelib chiqdi. Hodisalar oqibatida jarohat olganlar yo‘q, deya ma’lum qildi “Toshshahartransxizmat”.
Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) tartib-intizom qo‘mitasi O‘zbekistonning “Bunyodkor” klubini braziliyalik futbolchilarga qariyb 9,2 million yevro (taxminan 124 milliard so‘m) to‘lash majburiyatini yukladi. Tomonlar o‘rtasidagi moliyaviy mojarolar 2010-yildan beri davom etib kelmoqda.
Buxoroning tarixiy qismi bilan chegarada etnografik sayyohlik markazi qurilishi 470 mln dollarga baholanmoqda. Hokimlik YUNESKO xulosasini olgandan keyingina yakuniy qaror qabul qilib, qurilish ishlarini boshlashini bildirgandi, biroq stadionni buzish ishlari allaqachon boshlab yuborilgan.
Jizzaxdagi katta yo‘lda Nexia 3 bilan Cobalt mashinalari o‘zaro to‘qnashib ketdi. Cobalt haydovchisining yo‘l qoidasini buzgani sabab YTHda haydovchilardan biri vafot etdi.
Shahrisabz shahridagi 1-maktabda direktor o‘rinbosari va 10-sinf o‘quvchisi bir-birini kaltakladi. Voqeaga o‘quvchilarning dars paytida qor o‘ynagani va buning ortidan kelib chiqqan janjal sabab bo‘lgan. Ularning ikkisi ham shifoxonaga yotqizildi.
Toshkentdagi Amiti universitetida 25-fevral kuni ingliz tili fanidan xalqaro olimpiada bo‘lib o‘tdi. G‘oliblarga UZCARD va Thompson School tomonidan sovg‘alar topshirildi.
69 nafar bolaning o‘limiga sabab bo‘lgani aytilgan “Dok-1 Maks” dori vositasi bilan bog‘liq jinoyat ishi bo‘yicha yakuniy sud qarori 26-fevralda e’lon qilinadi. Sud 2023-yilning avgustida boshlangandi.
Qatarning Doha shahridagi dizayn biyennalesida “Hunarmand O‘zbekiston: tolalardagi an’ana” ko‘rgazmasi ochildi. Unda 49 ta qo‘l mehnati namunasi, jumladan yog‘och, ikat shoyisi va baxmal matosidan tayyorlangan buyumlar o‘rin olgan. Ko‘rgazma ochilishida prezident yordamchisi Saida Mirziyeyova ham qatnashdi.
Qiziriq tumanida yo‘lning qarama-qarshi tomoniga chiqib ketgan Nexia-3 avtomobili “KamAZ” bilan to‘qnashdi. Oqibatda yengil mashinadagi 4 nafar yo‘lovchi vafot etdi.
Urganch tumanida fermer xo‘jaligi qo‘shimcha tarmoq tortib, tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelayotgani aniqlandi. Buning oqibatida davlatga yetkazilgan zarar miqdori 3 mlrd 374 mln so‘mni tashkil etdi.
Toshkent metrosiga to‘rt vagonli 3 ta metro poyezdi keltirildi. Ular 8−10 kun sinovdan o‘tkazilgach, “Yunusobod” va “Yer usti halqa yo‘li” yo‘nalishlarida harakatga chiqariladi. May oxiriga qadar yana shunday 8 ta metro poyezdi olib kelish reja qilinmoqda.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting