Toshkent shahrida 11-yo‘nalishdagi “garmoshka”li avtobus 18-avtosaroydan chiqayotib, yog‘ingarchilik tufayli sirpandi va uning orqa qismi qiyalikka tushib ketdi. Salonda yo‘lovchilar bo‘lmagan. Avtobus maxsus texnika yordamida chiqarib olindi.
2024-yilgi davlat dasturi loyihasida “Tashabbusli budjet” doirasidagi loyihalarni mahalla raisi va tashabbuskorlar roziligi bilan foydalanishga topshirish belgilanmoqda. Shuningdek, 1-martdan “Bir fuqaro — bir ovoz” tizimi joriy etilishi mumkin.
O‘zbekistonda 1-martdan chang bo‘roni va havo ifloslangan vaqtda aholini profilaktik choralar to‘g‘risida doimiy xabardor qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda. Shuningdek, qurilish maydonlarida chang va qumning havoga ko‘tarilishini bartaraf etish bo‘yicha majburiy talablar joriy etilishi mumkin.
O‘zbekistondagi mahalliy avtomobilsozlik korxonalari tomonidan 2024-yilda 450 ming dona yengil avtomobillar ishlab chiqarishga erishish va ADM Jizzakh korxonasi negizida Koreyaning KIA brendi ostida avtomobillarni to‘liq siklda ishlab chiqarish maqsad qilinmoqda. Bu 2024-yilga oid davlat dasturiga kiritilgan.
Tarmoqlarda ota 4 yoshli bolasini do‘kondan shirinlik va o‘yinchoqlar olib berishini so‘ragani uchun haqoratlab, kaltaklagani aks etgan video tarqaldi. Bosh prokuratura holat Termiz shahrida 42 yoshli erkak tomonidan sodir etilgan va unga nisbatan ochilgan ma’muriy ish sudga yuborilganini bildirdi.
Polkovnik Timur Ismailov Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. Boshqarmaning avvalgi boshlig‘i polkovnik Abduvoxid Ismailov esa Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlangandi.
O‘zbekistonda 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab ona tili va adabiyot hamda tarix fanlaridan milliy sertifikatga ega pedagoglarga 50 foiz miqdorida har oylik qo‘shimcha ustama to‘lanishi rejalashtirilmoqda.
10-fevralgacha Yunusabad Residence premium klassdagi 30 ta xonadonga 13% chegirma amal qiladi. Bundan tashqari, boshlang‘ich to‘lovsiz 12 oyga bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati ham mavjud.
2024-yilgi davlat dasturi loyihasiga ko‘ra, Toshkent shahrida oyning bir ish kuni “Avtomobilsiz kun” bo‘lishi, bunda rahbarlar jamoat transportida yurish orqali namuna ko‘rsatishi belgilandi. 2020-yilda ham rahbarlarga haftada kamida bir marta avtomobillardan foydalanmasdan ishga kelib-ketish tavsiya etilgan.
“O‘zbekiston-2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi va uni tasdiqlash to‘g‘risidagi prezident farmoni loyihalari jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi. Loyihalar 9-fevralga qadar jamoatchilik va ekspertlik muhokamalaridan o‘tkaziladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga 2023-yilda eng ko‘p ta’lim sohasi xodimlarining xatti-harakatlari va sohadagi qonun buzilishi holatlari bo‘yicha murojaat kelib tushgan. Shuningdek, sud qarorlaridan norozilik va tender savdolaridagi buzilishi holatlari bo‘yicha ham ko‘p shikoyatlar bildirilgan.
O‘zbekistonda kelayotgan fevral oyi odatdagidan iliqroq, biroq oy boshi nisbatan sovuq bo‘ladi. Ikkinchi besh kunlikda harorat kechasi 0…+5, kunduzi +8…+13 daraja, keyinchalik oy oxirigacha kechasi −12…+7, kunduzi 0…+18 daraja atrofida bo‘ladi. Yog‘ingarchilik me’yordan kam bo‘lishi kutilmoqda.
2018 va 2022-yillardan buyon qidiruvda bo‘lgan ikki erkak Turkiyadan O‘zbekistonga deportatsiya qilindi. Ularning biri ko‘p miqdordagi pullarni firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirish, ikkinchisi o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilishda ayblanmoqda.
Termiz tumanida Nexia 3 yuqori tezlikda yo‘ldan chiqib ketib, ag‘darildi. Hodisa oqibatida 2003-yilda tug‘ilgan ayol vafot etdi, haydovchi esa tuman shifoxonasiga yotqizildi.
Yakkabog‘ tumanida hokim yordamchisi 20 ta na’matak butasi va 5 ta olcha daraxtini noqonuniy kesishi oqibatida tabiatga 9 mln 350 ming so‘m zarar yetdi. U jami 12,7 mln so‘m tovon to‘laydigan bo‘ldi.
Shahrisabz shahrida 17 yoshli qizni turmush qurishga undab, tazyiq va ruhiy bosim o‘tkazgan yigit 10 sutkaga qamaldi. Avvalroq qizga himoya orderi berilgandi.
Bosh prokuratura O‘rmon xo‘jaligi agentligi huzuridagi “O‘rmonqurilish” DUK hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohasida strategik rivojlanish va tadqiqotlar xalqaro markazi mansabdor shaxslari hibsga olingani haqida xabar berdi. Ular pora olganlikda gumon qilinmoqda.
SSV Xitoyning Henan Costar Group kompaniyasi bilan tez tibbiy yordam elektromobillari xarid qilish va ularni modifikatsiyalash zavodini qurish bo‘yicha 150 mln dollarlik shartnoma imzoladi. China CAMC Engineering poliklinikalar qurishi mumkin, Snibe Diagnostic esa diagnostika uskunalari bilan ta’minlaydi.
Bosh vazir o‘rinbosari Achilbay Ramatov kompleksiga 3 ta vazirlik va idora, 3 ta inspeksiya, 5 ta korxona, 11 rahbar, 41 o‘rinbosar, 12 ming boshqaruv xodimi va 224 nafar hokim o‘rinbosari kiradi. “Odamlarimiz eng ko‘p norozi bo‘lgan soha Ramatovning kompleksi”, — dedi prezident.
O‘zbekistonda sement zavodlari qurilishiga taqiq qo‘yilishi rejalashtirilmoqda, dedi ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov. Unga ko‘ra, qurilgan 47 ta zavoddan 23 tasi faoliyatini to‘xtatgan. O‘rganishlarga ko‘ra, 25 ta sement ishlab chiqaruvchi korxonaning 90 foizi ekologik talablarni buzayotgani ma’lum bo‘lgan.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting