Qozog‘istonning Olmaota shahridagi xostelda sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida 13 kishi, jumladan, ikki nafar yosh O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘ldi. O‘zbekiston TIV halok bo‘lganlarning yaqinlariga jasadlarni vatanga olib kelishda yordam berishga tayyorligini ma’lum qildi.
Prezident suv resurslaridan foydalanish bo‘yicha yig‘ilishda bir yil davomida suvni tejash bo‘yicha favqulodda ish tizimiga o‘tilishini ta’kidladi. Suv yo‘qotishlari oqibatida iqtisodiyot yiliga 5 mlrd dollar daromadni boy berayotgani sabab suv xo‘jaligida “kanallarni betonlash bo‘yicha zarbdor yil” e’lon qilindi.
Qozog‘iston sudi mamlakat fuqarosini “Vagner” XHK tarkibida Ukrainadagi urushda qatnashgani uchun 6 yilu 8 oyga ozodlikdan mahrum qildi — u yollanish moddasi bo‘yicha aybdor deb topildi.
Shoyadbek Babayev Andijonning Paxtaobod tumaniga hokimi etib tayinlandi. U bungacha Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritayotgan.
Qonunchilik palatasi O‘zbekistonga dronlarni olib kirish va ulardan foydalanish uchun jazolarni yumshatish to‘g‘risidagi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi. Hozirda buning uchun jinoiy javobgarlik bor, lekin kelajakda birinchi ushbu huquqbuzarlik uchun faqat ma’muriy javobgarlik bo‘lishi ko‘zda tutilgan.
Tojikistonda mamlakat Jinoyat kodeksiga voyaga yetmaganlarga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar sodir etganlik uchun jazoni kuchaytiruvchi o‘zgartirishlar kiritdi.
Karomidin Gadoyev O‘zbekistonning Malayziyadagi yangi elchisi bo‘ldi. U shu paytga qadar TIVning BMT va boshqa xalqaro siyosiy tashkilotlar bilan hamkorlik boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi.
Shavkat Mirziyoyev 30-noyabr — 2-dekabr kunlari BMTning Iqlim o‘zgarishi masalalari bo‘yicha konferensiyasida ishtirok etish uchun Dubayda bo‘ladi. Davlat rahbari yalpi sessiyada nutq so‘zlashi hamda qator ikki tomonlama uchrashuv va muzokaralar o‘tkazishi kutilmoqda.
O‘zbekistonda dekabr oyi qish uchun xos bo‘lmagan iliq ob-havo bilan boshlanadi. Oy oxirigacha harorat kechasi −6…+8 daraja, kunduzi +2…+18 daraja atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Vaqti-vaqti bilan yog‘ingarchiliklar kuzatiladi.
Toshkent shahridagi aholi va tashkilotlar uchun chiqindi to‘plash va olib chiqib ketish xizmati narxi 1,5−1,6 baravarga — uyda yashovchi har bir kishi uchun oyiga 4500 so‘mdan 7500 so‘mga, budjet va xo‘jalik hisobidagi tashkilotlar uchun 53 986 so‘mdan 89 966 so‘mgacha oshadi.
Rasmiylar Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va Toshkent moliya institutini Sergeli tumaniga ko‘chirish hamda ularni birlashtirish loyihasini ko‘rib chiqmoqda. Kelgusida boshqa oliygohlarni ham sig‘imi va ilmiy salohiyatidan kelib chiqib, bosqichma-bosqich kattalashtirish (birlashtirish) rejalashtirilgan.
Shavkat Mirziyoyev Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi. Yetakchilar keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari rivojlanib, kengayib borayotganini qayd etdi.
“O‘zkimyosanoat”ning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston dunyoda birinchi bo‘lib yashil vodoroddan mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarishni boshlaydi. Bu bilan o‘g‘it ishlab chiqarishda tabiiy gazdan foydalanishni qisqartirish va har yili qariyb 33 mln metr kub tabiiy gazni iqtisod qilish maqsad qilingan.
Qanot Sharq aviakompaniyasining Sankt-Peterburgdan Samarqandga uchgan samolyot Qozog‘iston Aqto‘be aeroportiga favqulodda qo‘ndi. Holatga yo‘lovchilardan birining sog‘lig‘i yomonlashgani sabab bo‘ldi. Samolyot yaqin vaqt ichida yana uchib ketishi kutilmoqda.
BMT Bosh Assambleyasi Isroilni Suriyadagi Golan tepaliklarini tark etishga chaqiruvchi rezolyutsiyani yana qabul qildi. Hujjatni 91 davlat, jumladan, O‘zbekiston ham qo‘llab-quvvatladi.
10-dekabrdan Toshkent−Sariosiyo yo‘nalishida yangi yo‘lovchi poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Shu paytgacha bo‘lgan Toshkent−Termiz−Sariosiyo yo‘nalishida ham poyezdlar qatnovi davom etadi.
Qonunchilik palatasi yo‘l harakati xavfsizligi tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun qabul qildi. Hujjatda, shuningdek, O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari xodimlarini “obro‘sizlantirish maqsadida” surat va videolarini internetga joylaganlik uchun jazolash to‘g‘risidagi band ham o‘rin olgan.
2023-yilda 2 GVt, 2024-yilda esa yana 4 GVt quvvatga ega quyosh va shamol elektr stansiyalari ishga tushiriladi. Prezident ular uchun kabel, generator, invertor, transformatorlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo‘yicha topshiriq berdi va elektrotexnika tarmog‘iga 100 mln dollar ajratilishini ma’lum qildi.
Chorshanba tongida Yangihayot tumanida 132-sonli avtobus yuk mashinasi bilan to‘qnashdi. Dastabki ma’lumotga ko‘ra, YTH oqibatida 3 nafar yo‘lovchi yengil tan jarohati olgan. Avtobus va yuk avtomobili texnik shikastlangan.
Prezident eng ko‘p iste’mol qilinadigan 50 ta dorini O‘zbekistonda ishlab chiqarish orqali farmatsevtika sohasida mahalliylashtirish ulushini 35 foizga yetkazish topshirig‘ini berdi. Mahalliy ishlab chiqaruvchilarning bozordagi ulushini 40 foizga oshirish, shuningdek, original dorilar yaratishni boshlash rejalashtirilmoqda.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting