O‘zbektelekom aksiyadorlik kompaniyasi bo‘lajak IPO doirasida potensial investorlar bilan biznes-uchrashuv tashkil etdi. Imzolash kampaniyasini 2023-yil oxirigacha yakunlash rejalashtirilgan.
O‘zbekiston Fransiyaning Airbus Helicopters kompaniyasidan 10 ta tibbiy vertolyot xarid qilishni rejalashtirmoqda. SSV rahbari Amrillo Inoyatov kompaniya rahbariyati bilan Yevropa standartlariga mos tibbiy aviatsiya xizmatini tashkil etish hamda soha mutaxassislarini tayyorlash kabi masalalarni muhokama qildi.
Poytaxtning Yashnobod tumanidagi ishlab chiqarish korxonasida yong‘in ro‘y berdi. Uni o‘chirishga 1 soatdan ortiq vaqt sarflandi. Hodisa oqibatida fuqarolar jarohat olgani va halok bo‘lgani to‘g‘risida xabar kelib tushmadi, deyiladi FVV xabarida.
BMT Bosh Assambleyasi 31 marta AQShni Kubaga qarshi sanksiyalarni bekor qilishga chaqirdi. Hujjatni 187 davlat, jumladan, O‘zbekiston ham qo‘llab-quvvatladi. Delegatlar Kubaga qarshi embargo noqonuniy ekanini ta’kidlab, bu “BMT Nizomini ochiqdan-ochiq va tizimli ravishda buzish” ekanligini ta’kidladi.
Urganchdagi mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari bilan jinsiy aloqada bo‘lib kelgan ikki sobiq amaldorga sud hukmi o‘qildi. Xorazm viloyati adliya boshqarmasi va Yangiariq tumani FVBning sobiq boshliqlari uzil-kesil 3 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2024-yilgi budjet barqarorligiga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan omillar va xavflarni sanab o‘tdi. Ular qatorida so‘mning qadrsizlanishi, oltin va mis narxining pasayishi, energiya tariflari oshirilmasligi, oziq-ovqat mahsulotlari jahon narxlarining oshishi va boshqalar bor.
AQSh “Rossiya armiyasi uchun uchuvchisiz uchish apparatlarini sotib olish va yaratish kabi faoliyat bilan shug‘ullangan” 13 ta kompaniyaga nisbatan sanksiyalar e’lon qildi. Ular orasida O‘zbekistondan Mvizion kompaniyasi ham bor.
Perfectum kompaniyasi maktab o‘quvchilari va ta’lim muassasalari, kollej va litseylarda ta’lim oluvchilar uchun yangi “O‘quvchi” tarifini ishga tushirdi.
O‘zgidromet O‘zbekistonga yana “oltin kuz” qaytgani, dam olish kunlari havo biroz bulutli bo‘lishi, yog‘ingarchilik kutilmasligi, shamol esa o‘rtacha tezlikda esishini ma’lum qildi. Harorat kechalari +5…+10 daraja, kunduzi +19…+24 daraja iliq bo‘ladi.
Komiljon Komilov Andijon viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlandi.
Bosh prokuratura Sherobod tumanidagi “Tallagan tepa”, “G‘o‘rintepa”, “Xushvaqtepa” va “Toshtepa” yodgorliklariga zarar yetkazilganini aniqladi. Bu manzillarda yo‘l, uy-joy, hojatxona va molxona qurilgan. 7 mlrd so‘mlik zarar yetgan ushbu holatlar bo‘yicha hokimlik mansabdorlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Urganch xalqaro aeroportida xorij fuqarosi 50 dona qadimiy tangani O‘zbekistondan olib chiqib ketishining oldi olindi. Misdan yasalgan tangalar orasida temuriylar davriga oidlari ham bo‘lgan. Hozirda ular “Xiva Ichan-qal’a” davlat muzey qo‘riqxonasiga topshirilgan.
UzAuto Motors Chevrolet rasmiy dilerlik markazlarida Damas, Labo, Cobalt va Captiva 5 sotuvi boshlanganini e’lon qildi.
Isroil mudofaa kuchlari matbuot xizmati rahbari qo‘shinlar G‘azo shahrini qurshab olganini e’lon qildi. Uning aytishicha, sulh tuzish masalasi “kun tartibida emas”.
Toshkent xalqaro aeroportida kutib oluvchilar uchun kutish zali ochildi. Pavilonni bahorda qurib bitkazish rejalashtirilgandi, lekin boshlangan ish birdan to‘xtatilgan. Uzbekistan Airports kompaniyasi bu terminal kengaytirilgunga qadar vaqtinchalik yechim ekanini qayd etdi.
Pokiston mamlakatda noqonuniy yashayotgan xorijliklarni deportatsiya qilishni boshladi. Ularning aksariyati Afg‘onistondan. BMT mamlakat hukumatini “inson huquqlari sohasidagi halokat”ning oldini olish uchun afg‘onlarni majburan chiqarib yuborishdan voz kechishga chaqirdi.
Xitoy va AQSh rasmiylari uzoq vaqtdan buyon ilk bor yadroviy qurol ustidan nazorat bo‘yicha muzokaralar o‘tkazmoqchi. Qo‘shma Shtatlar Rossiya va Xitoy bilan “beqarorlashtiruvchi uch tomonlama qurollanish poygasi”ning oldini olishga intilmoqda, deb yozadi WSJ.
Farg‘ona va Samarqand viloyatlarida 15 va 16-noyabrdan sovuq suv va kanalizatsiya xizmatlari narxlari oshadi.
2023-yilda davlat budjetidan aholiga gaz, elektr, issiqlik ta’minoti va jamoat transporti narxlarini subsidiyalash uchun 31 trln so‘mdan ortiq (2,53 mlrd dollar) ajratish rejalashtirilgan. Bu nafaqa, moddiy yordam, ilm-fan, sport va madaniyat uchun ajratilgan jami mablag‘dan ko‘proq.
Toshkentda SHHT davlatlarining birinchi transport forumi bo‘lib o‘tdi. Uning doirasida “Belarus — Rossiya — Qozog‘iston — O‘zbekiston — Afg‘oniston — Pokiston” va “Rossiya — Kaspiy dengizi — Turkmaniston — O‘zbekiston — Qirg‘iziston” yangi xalqaro transport yo‘laklarini yaratish bo‘yicha memorandumlar imzolandi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting