Shu kungacha DXX raisi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan G‘ayratulla Yoziyev O‘zbekiston prezidentining kadrlar siyosati bo‘yicha maslahatchisi birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi. Mazkur maslahatchining qolgan o‘rinbosarlari Prezident administratsiyasining yangi tuzilmasi bo‘yicha o‘z lavozimlariga qayta tayinlandi.
Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, endi nikohi FHDYda qayd etilmagan shaxslar o‘rtasida nikoh tuzishga doir diniy marosim o‘tkazish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Shuningdek, milliy, irqiy, etnik yoki diniy mansubligiga qarab kamsitish ham shunday javobgarlikni keltirib chiqaradi.
O‘zbekiston va Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasi o‘rtasida strategik memorandum imzolandi. Unga ko‘ra, gaz ta’minoti va tashish, shuningdek, uglevodorodlarni geologiya-qidirish hamda qazib olish sohasida hamkorlikni rivojlantirish rejalashtirilmoqda.
O‘zbekiston uchinchi chorak yakunlariga ko‘ra oltin xarid qilish bo‘yicha dunyoda beshinchi o‘rinni egalladi. Markaziy bank ushbu davrda 7 tonna oltin sotib olgan.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi O‘zbekistonning 2024-yilgi davlat budjeti loyihasini e’lon qildi. YAIM o‘sishi 5,6−5,8 foiz, inflyatsiya 8−10 foiz darajasida bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligi chegarasini 3 foiz o‘rniga 4 foiz (52,5 trln so‘m) darajasida tasdiqlash taklif etilmoqda.
1-noyabrdan mahalliy poyezdlar chipta narxlari ko‘tarildi. Xususan, yo‘lovchi poyezdlarida narxlarning tarif qismi 44 foizga, “Afrosiyob” elektropoyezdlariniki esa 60 foizga oshirildi.
O‘zbekistonda ko‘p xotinlikni targ‘ib qilish BHMning 30 baravarigacha (9,9 mln so‘mgacha) jarima yoki 15 sutkagacha qamoq bilan jazolanadigan bo‘ldi. Shuningdek, jins bo‘yicha kamsitishni targ‘ib qilish va jamoat joylarida yuzni tanib bo‘lmas darajada berkitish ham javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Niyoz Xazratqulov Sirdaryo viloyati Shirin shahriga hokim etib tayinlandi. Shaharning avvalgi hokimi Sarvar Sultonov Mirzaobod tumaniga hokim bo‘lgandi.
Shavkat Mirziyoyev raisligidagi yig‘ilishda O‘zbekistonda 2023-yil 20 ta, 2024-yilda 38 ta kichik va mikro GES qurish rejalashtirilgani, biroq ayrim loyihalar kechikayotgani aytildi. Viloyat hokimlari yaqin oylarda bu yilgi 20 ta stansiya ishga tushirilishi haqida axborot berdi.
Toshkentda Falastinni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha noqonuniy mitingda qatnashgani uchun kamida uch kishi 15 sutkaga hibsga olingani ma’lum bo‘ldi.
1−2-noyabr kunlari Fransiya prezidenti O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan keladi. Tashrif tadbirlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi, unda Emmanuel Makron va Shavkat Mirziyoyev o‘rtasidagi muzokaralar hamda ikki davlat biznes-forumi o‘tkaziladi.
Avgust oyidan buyon qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari vazifasida ishlab kelgan Anvar Karimov Sirdaryoning Sayxunobod tumaniga hokim etib tayinlandi.
Muxtor Hayitmuradov Qashqadaryo viloyati Muborak tumaniga hokim bo‘ldi. U avval rahbarlik qilgan Nishon tumaniga esa qishloq xo‘jaligi vaziri birinchi o‘rinbosari Botir Tog‘ayev hokim etib tayinlandi.
Yuqori Chirchiq sudi Toshkent viloyatida yashovchi fuqaroni yollanma faoliyati uchun besh yilga ozodlikdan mahrum qildi. OAV, tergovga ko‘ra, mahkum 2014−2015-yillarda Ukrainada o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan DXR tomonida jang qilgani haqida xabar berdi.
UNICEF Falastinning G‘azo sektori bolalar uchun qabristonga aylanganini ma’lum qildi. Bugungi kungacha anklavda 3,4 mingdan ziyod voyaga yetmaganlar halok bo‘ldi.
Prezident Navoiy viloyati Karmana tumani hokimi, prokurori, ichki ishlar, elektr tarmoqlari va Bosh prokuratura Departamenti bo‘limi rahbarlarini ishdan bo‘shatishni topshirdi. Sababi — ular 10 oy davomida 452 ta mayning qurilmasi orqali 5,5 mln kVt·s elektr energiyasini noqonuniy ishlatilganini payqamagan.
Adliya vazirligi tizimida ishlab kelayotgan Avazxon Tadjixanov O‘zbekiston madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi.
O‘zbekistonda jismoniy shaxslarga qiymati 100 mln so‘mgacha bo‘lgan zargarlik buyumlarini deklaratsiya to‘ldirmasdan olib chiqishga ruxsat berildi. Shuningdek, YATTlar o‘z zargarlik buyumlarini deklaratsiyani to‘ldirgan holda ma’lumotlarni TSOYAEATga kiritmasdan chetga sotish uchun olib chiqishlari mumkin.
1-noyabrdan Toshkent jamoat transportida bank kartalari orqali to‘lov qilinsa, yo‘l haqi narxi ATTO kartasi bilan to‘langani kabi bo‘ladi — 1700 so‘m. Biroq bir soat ichida boshqa transportga o‘tishdagi chegirma faqat ATTO uchun amal qiladi.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston G‘azo sektori aholisiga yordam ko‘rsatish uchun BMTning Yaqin Sharq agentligiga 1,5 million dollar ajratganini ma’lum qildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting