Citibank O‘zbekistonda sho‘’ba banki ofisini ochishni rejalashtirmoqda. Shavkat Mirziyoyev bu taklifni Citigroup moliyaviy korporatsiyasi raisi Jon Dugan bilan uchrashuvda ma’qulladi.
Toshkent shahrida harakatlanuvchi yana 22 ta avtobus yo‘nalishida xizmat ko‘rsatish brutto-shartnoma asosida amalga oshirish boshlandi. Bu bilan ulardan talab qilinadigan kunlik reja bekor qilindi.
Shavkat Mirziyoyev Nyu-Yorkda FIFA rahbari bilan uchrashib, O‘zbekistonda ommaviy va professional futbolni qo‘llab-quvvatlash masalalarini ko‘rib chiqdi. Uchrashuvda Janni Infantino prezidentga uning ismi tushirilgan to‘p sovg‘a qildi. Avvalroq Mirziyoyevga familiyasi tushirilgan futbolka tortiq qilingandi.
Shavkat Mirziyoyev va Jahon banki guruhi prezidenti uchrashuvida bankning Maslahat kengashi ko‘magida investitsiyalar oqimini oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Rassom Inkuzart Toshkentda yangi rasm chizdi. U o‘ylamay sarf qilinayotgan suvga bag‘ishlangan.
“Sharq” nashriyot-matbaa ijodiy uyi va O‘zA ko‘chiriladi, ularning Toshkent markazidagi 1975−1979-yillarda qurilgan binolari sotuvga qo‘yiladi. Bu yerda “zamonaviy shaharsozlik talablariga javob beradigan yagona mulkiy majmua”ni yaratish rejalashtirilmoqda.
JSTga a’zo bo‘lish haqida gapirgan Shavkat Mirziyoyev, prezidentning BMT Bosh assambleyasidagi nutqi, Toshkentda gul ekishga 12 mlrd so‘m pul, bolalarni yod bilan ta’minlash dasturi boshlangani, Ozarbayjonning hududiy yaxlitligi haqida so‘zlagan Codiq Safoyev va boshqalar — “Gazeta.uz"ning kun dayjestida.
Iqtisodiyot vazirligi olti oyda 2,6 mlrd kub metr — 2022-yilning shu davriga nisbatan 7,2 barobar ko‘p gaz import qilganini bildirdi. Bu Statistika agentligi ma’lumotlaridan farq qiladi va MB rahbarining gaz importi tufayli budjet taqchilligi oshgani haqidagi so‘zlariga qisman oydinlik kiritishi mumkin.
Qozog‘iston Bosh prokuraturasi sobiq prezident Nazarboyevning jiyani, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi rahbarining sobiq birinchi o‘rinbosari Samat Abishga nisbatan tergov boshladi. U 2022-yil yanvarida bo‘lib o‘tgan norozilik namoyishlari chog‘ida mansab vakolatini suiiste’mol qilganlikda gumonlanmoqda.
Ispaniyalik Xose Venansio Lopes O‘zbekiston futzal milliy terma jamoasi bosh murabbiyi bo‘ldi. U jamoani 2024-yil O‘zbekistonda o‘tadigan Jahon chempionatiga tayyorlaydi. Mutaxassis jamoa bilan mashg‘ulotlarni Osiyo kubogi saralash bosqichidan so‘ng boshlaydi.
Respublika tez tibbiy yordam markazining Qoraqalpog‘iston, Toshkent, Surxondaryo va Sirdaryo hududlaridagi filiallariga 100 ta Volkswagen Caddy tez tibbiy yordam mashinasi yetkazib berildi. Yil yakunigacha yana 500 dan ortiq mashina yetkaziladi.
Buxoroda hokim yordamchisi mahallada yashamaydigan shaxslar nomiga 163 mln so‘m kredit rasmiylashtirib, ularni o‘zlashtirgani aytilmoqda. Unga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi.
20-sentabrdan barcha maktab va bolalar bog‘chalarida yod bilan ta’minlash dasturi boshlandi. Endi chorshanba kunlari bolalarni yod yetishmovchiligidan himoya qilish uchun ularga profilaktik dozada yod tabletkalari ichiriladi. Homilador va emizikli ayollarga yod preparatlari oilaviy shifokorlar tomonidan beriladi.
Tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi rasmiylari o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, tan olinmagan respublika armiyasi qurolsizlantiriladi. Ozarbayjon vakillari bilan hududdagi armanlarning reintegratsiyasi yuzasidan muzokara o‘tkaziladi.
Yilning birinchi yarmida Rossiyaning “Lukoyl” kompaniyasi gaz qazib olish bo‘yicha mahsulot taqsimlash bitimiga binoan O‘zbekistonga 103,1 million dollar to‘ladi, deb xabar qildi Iqtisodiyot va moliya vazirligi. Boshqa MTB loyihalari uchun ma’lumotlar berilmagan.
Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev O‘zbekiston Ozarbayjonning hududiy yaxlitligini tiklash borasidagi qat’iyatini olqishlashini ta’kidladi. “Ishonchim komilki, Ozarbayjon yaqinda Qorabog‘ni dunyoning eng jannatmakon hududlaridan biriga aylantiradi”, — dedi u.
O‘zbekiston hududlaridan o‘tuvchi “Mo‘’tadil mintaqadagi Turon cho‘llari” transchegaraviy tabiat obyekti YUNESKO Butunjahon tabiiy merosi ro‘yxatiga kiritildi. U Orolbo‘yi mintaqasi va Ustyurt platosi hududlarida joylashgan 2 mln gektardan ortiq hududni egallaydi.
Toshkent shahri kengashi deputatlari poytaxtda mavsumiy gul ekish uchun 12 milliard so‘m ajratish to‘g‘risidagi qarorni ma’qulladi.
BMT va uning institutlari “O‘zbekiston-2030” islohotlar strategiyasini amalga oshirishda yordam ko‘rsatishga tayyor, dedi tashkilot rahbari Antoniu Guterrish Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvda.
Rossiya manfaatlarini yorituvchi “Vesti.uz” sayti O‘zbekistonda RF tomonidan maktablar qurilishi haqidagi taklifni savol ostiga olgan tarmoq faollarini “G‘arb elchixonalariga sotilgan blogerlar” deb atadi. Saytning yozishicha, Rossiya maktablarida “Ukrainani natsizmdan tozalash haqidagi haqiqat” o‘rgatiladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting