Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Rossiyada bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarini Ukrainadagi urush zonalariga ishlash uchun bormaslik va harbiy harakatlarda qatnashmaslikka chaqirdi.
AQSh Rossiyaning “Yunistrim” to‘lov tizimiga sanksiya kiritgach, O‘zbekistondagi kamida 5 ta bank u bilan ishlashni to‘xtatdi. Tizimning ishlashi Qozog‘iston, Armaniston va Gruziyada ham cheklandi.
Qonunchilik palatasi deputatlari qabul qilgan qonun loyihasiga ko‘ra, etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarganlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.
Tarmoqlarda Hindiston guruch eksportini taqiqlashi ortidan O‘zbekistonda mahsulot narxi oshib ketishi haqida xabar tarqaldi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi bu holat narxlarga ta’sirini ko‘rsatmasligi, bozorlar guruch bilan uzluksiz ta’minlangani va zaxiralar yetarli ekanini bildirdi.
Tarmoqlarda Toshkent shahri Sergeli tumanidagi “Quruvchilar” mahallasida bir sutkadan ortiq vaqtdan beri elektr energiyasi yo‘qligi xabari tarqaldi. Tuman hokimiyati bu bo‘yicha izoh berib, elektr ta’minoti 25-iyul soat 19:00 da tiklanishini ma’lum qildi.
Namanganda Katta Andijon kanali, Qoradaryo va Sirdaryo daryolarida cho‘kib ketgan 4 kishi — ikki nafar bola va ikki nafar erkak qidirilmoqda.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov Fransiyaning “Lans” klubiga o‘tdi. Fransiya chempionati Yevropaning kuchli beshlik chempionatlaridan biri hisoblanadi. “Lans” klubi o‘tgan mavsum bu ligada vitse-chempion bo‘lgan va UEFA Chempionlar ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan.
Toshkentda yengil avtomobil haydovchisi qoidalarni buzib, YTH holatini yuzaga keltirdi, shu sababli 28-yo‘nalishdagi elektrobus haydovchisi keskin tormoz bosishga majbur bo‘ldi. Oqibatda avtobus yo‘lovchilaridan biri yiqilib, shifoxonaga olib ketildi.
Qamchiq dovonida DAF yuk avtomashinasi yoqilg‘isining oqib ketishi sababli ortidagi CIMC transport vositasi toyib xandaqqa tushib ketdi. YTH oqibatlari yo‘lning bir tomoni vaqtincha yopilgan holda bartaraf etilgan, tan jarohati olganlar yo‘q.
Tijorat banklari 25-iyul kuni aholidan 1 AQSh dollarini 11 535−11 600 so‘mdan sotib olmoqda, sotuv kursi esa 11 650−11 670 so‘m.
Qirg‘izistonda 2026-yilning 31-dekabriga qadar energetika sohasida favqulodda holat joriy etildi. Mamlakat prezidenti, shuningdek, suv tanqisligi bilan bog‘liq muammolarni hal qilish uchun kunlik tartibga solish basseynlari qurilishini ma’lum qildi.
USAID`ning 2019−2023-yillarga mo‘ljallangan “O‘zbekiston barkamollik uchun ta’lim dasturi” yakuniga yetdi. 29,5 mln dollarlik loyiha doirasida to‘rtta fandan darsliklar va o‘qituvchilar uchun qo‘llanmalar ishlab chiqildi. Darsliklar 4 yil davomida Sirdaryo va Namangan viloyatlarida tajribadan o‘tkazildi.
Janubiy Koreyada o‘q otish bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida o‘zbekistonlik sportchilar 50 metr masofadan to‘pponchadan otish dasturida ikkita kumush medalni qo‘lga kiritdi.
FVVga qarashli Toshkentdagi harbiy qismda samarqandlik askar vafot etdi. Marhumning pnevmoniya sababli olamdan o‘tgani aytilmoqda. Ammo yaqinlari bundan shubhalanib, unda jarohat izlari borligini aytmoqda. Harbiy prokuratura tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilayotganini ma’lum qildi.
Isroil parlamenti sud-huquq islohotlari doirasida eng bahsli qonun loyihalaridan birini ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilib, Oliy sud vakolatlarini chekladi. Islohot loyihasi mamlakatda olti oydan beri davom etayotgan ommaviy noroziliklarni keltirib chiqardi.
“Yangi Toshkent” bosh rejasini ishlab chiqish uchun jahon arxitektura byurolari — Singapurning Meinhardt, Britaniyaning Foster + Partners va Gollandiyaning OMA kompaniyalari jalb qilindi.
O‘zbekistonning Kiyevdagi elchixonasi Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabining Donetsk viloyatida O‘zbekiston fuqarolari aniqlangani haqidagi ma’lumoti tasdiqlansa, fuqarolar manfaatlarini himoya qilish uchun barcha zarur choralar ko‘rilishini ma’lum qildi.
Samarqandda 45 yoshli erkak 10 yashar qiz qarindoshiga uyatsiz harakatlar qilib kelgani ma’lum bo‘ldi. Bosh prokuraturaga ko‘ra, holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirgi kunda jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.
O‘zbekistonda 2023-yilning yanvar-iyun oylarida tez tibbiy yordam xizmatiga 1752 marta yolg‘on chaqiriq kelib tushdi. Murojaatlarning eng ko‘pi Toshkent, Farg‘ona va Qashqadaryo viloyatlariga to‘g‘ri keldi.
Tadbirkorlar kuni munosabati bilan O‘zbekiston prezidentining ishbilarmonlar bilan ochiq muloqoti bo‘lib o‘tadi. Taklif va savollarni 1094 va 1100 qisqa raqamlariga, shuningdek, business.gov.uz portali orqali yuborish mumkin. Uchrashuv sanasi hozircha aniq emas.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting