Tarmoqlarda Shayxontohur tumanida fuqaroning IIO xodimlari bilan janjallashayotgani aks etgan video tarqaldi. Poytaxt IIBBning ma’lum qilishicha, fuqaroning mashinasi jarima maydonchasiga joylashtirilgan. Biroq hujjatlashtirish jarayonida u IIO xodimlarining talablarini bajarmay, qarshilik ko‘rsatgan.
Respublikada 1-iyulgacha barcha tabiiy gazni qabul qilish va uzatish nuqtalariga onlayn elektron hisoblagichlar o‘rnatiladi. 2024-yil 1-oktabrgacha respublikada qo‘shimcha 2 ta gaz o‘lchash stansiyasi quriladi.
15-maydan Toshkentdagi Amir Temur ko‘chasining bir qismi noma’lum muddatga yopildi. Bu vaqtda ko‘cha bo‘ylab yangi elektr tarmog‘ini qurish ishlari olib boriladi.
Tadbirkorlarga alohida imtiyozlar dasturi, yopiq eshiklar ortida ko‘riladigan 12 yoshli qizning o‘ldirilishiga oid sud ishi, OTMlarga kirish imtihonlari yana yopiq binolarda o‘tkazilishi, 2 o‘quvchini urib yuborgan 19 yoshli Damas haydovchisi, hafta o‘rtasida yomg‘ir va boshqalar — “Gazeta.uz”ning kun dayjestida.
Tarmoqlarda Toshkentda bo‘lib o‘tgan boks bo‘yicha jahon chempionatidagi ommaviy tartibsizliklar haqida xabarlar tarqaldi. O‘zbekiston IIV 13-may kuni tashkilotchilar charm boks qo‘lqoplarini tekinga tarqatgani, muxlislar esa bir-birlariga navbat bermasdan tartibsiz harakat qilganini bildirdi.
Toshkentning Chilonzor tumanida nominal qiymati 200 ming so‘m bo‘lgan qalbaki banknotalar tayyorlagan shaxs qo‘lga olindi. U shunday qalbaki banknotlarning har birini 60 ming so‘mdan sotgan.
Aprel oyida Qoraqalpog‘istonda o‘quvchilarga bepul beriladigan yeguliklar ichidan tabletka chiqqani haqidagi xabarlar tarqalgandi. Qoraqalpog‘iston prokuraturasi bu kabi xabarlar keytering firmalarining raqobatchilari tomonidan qasddan tarqatilganini ma’lum qildi.
DXX o‘tkazgan tezkor tadbirlarda Namangan, Jizzax, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida yer maydonlarining noqonuniy sotilishi bilan shug‘ullangan mansabdor shaxslar qo‘lga olindi. Ularga nisbatan jinoyat ishlari ochildi.
Bag‘dod tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi xodimlari o‘z xonadonlariga quyosh panellari o‘rnatishga majburlangani aytilgandi. Hokimlik va bo‘lim bunday topshiriq bo‘lmagani, hisobchi va kotibadan “noto‘g‘ri ma’lumot bergani uchun” tushuntirish xati olinganini ma’lum qildi.
O‘zbekistonda 1-iyundan boshlab “20 ming tadbirkor — 500 ming malakali mutaxassis” dasturi amalga oshiriladi. Dasturga 2023−2024-yillarda jami 1 milliard dollar ajratiladi. Unda ishtirok etadigan tadbirkorlarga alohida imtiyozlar beriladi.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda o‘tgan yili 1 million nafar, 2023-yilning birinchi choragida 210 ming aholi kambag‘allikdan chiqarilganini ma’lum qildi.
Dushanba kuni Markaziy saylov komissiyasi 5 ta siyosiy partiya — XDP, O‘zLiDeP, “Adolat”, Ekologik partiya va “Milliy tiklanish” partiyalariga 9-iyuldagi muddatidan avvalgi prezident saylovida qatnashishga ijozat berdi. Ular 1-iyungacha o‘z nomzodini ro‘yxatdan o‘tkazishi mumkin.
Olmaliq shahrida qizil chiroqda harakatlangan 19 yoshli Damas haydovchisi piyodalar yo‘lakchasidan o‘tayotgan 2 o‘quvchi qizni urib yubordi. Shifoxonaga yetkazilgan qizlardan birining jarohati yengilligi aytilmoqda.
Oliy sud yanvar oyida Toshkentda 12 yoshli qizning o‘ldirilishi bo‘yicha ish yopiq eshiklar ortida ko‘rib chiqilishi haqida xabar berdi va sudlanuvchi qanday moddalar bilan ayblanayotganini ma’lum qildi.
Litva hukumati insonparvarlik yordami sifatida Qoraqalpog‘istonning Xo‘jayli tumaniga 685 ming doza koronavirusga qarshi vaksina yubordi. Avvalroq JSST COVID-19 tarqalishi sog‘liqni saqlash sohasida global favqulodda holat maqomini yo‘qotganini ma’lum qilgandi.
MHTI ekspertlari O‘zbekistonda suv tanqisligini qurg‘oqchil hududlarning qishloq xo‘jaligi tarmog‘iga qanday ta’sir ko‘rsatishini o‘rgandi. 2030-yilga borib mamlakatda 7 mlrd kub metr suv tanqisligi kuzatilishi mumkin. Natijada O‘zbekiston suv tanqis bo‘lgan 33 ta davlat qatoriga tushib qolish ehtimoli bor.
Diyora Keldiyorova Doha shahrida o‘tkazilgan jahon chempionatida kumush medalni qo‘lga kiritib, mamlakat tarixida sovrindor bo‘lgan ilk o‘zbekistonlik ayol dzyudochiga aylandi. Terma jamoa jahon chempionatini umumiy hisobda ikkita kumush va ikkita bronza medali bilan yakunladi.
UniSat 2.0 ta’lim dasturi ishtirokchilari Navoiy viloyatida biomateriallar, allergen zarrachalar va havo sifatini o‘rganish bo‘yicha tajribalar o‘tkazgan holda stratosferaga ikkita nanosun’iy yo‘ldoshni uchirishdi. Dastur doirasida birinchi nanosun’iy yo‘ldosh o‘tgan yili uchirilgandi.
O‘zbekistonning aksariyat hududlarida hafta o‘rtasida yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘ladi, joylarda do‘l yog‘ishi mumkin. Harorat kechasi +10 darajagacha, kunduzi +17 darajagacha pasayadi. Toshkentda chorshanba va payshanba kunlari momaqaldiroqli yomg‘ir yog‘adi.
Shavkat Mirziyoyev Turkiya rahbari Rejep Tayyip Erdog‘anni prezidentlik va parlament saylovlari muvaffaqiyatli o‘tgani bilan telefon orqali tabrikladi. 99,31 foiz ovozni sanab chiqish yakuniga ko‘ra, nomzodlarning hech biri kerakli 50 foizni to‘play olmadi, ovoz berishning ikkinchi turi o‘tkazilishi kutilmoqda.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting