IIV rahbari Po‘lat Bobojonov energiya resurslari bilan bog‘liq muammolar yuzasidan tezkor yig‘ilish o‘tkazdi. Mas’ullarga vazirlik akademiyasi bazasida og‘ir vaziyatlarda 100 ta oilaga mo‘ljallangan yashash xonalarini tashkil etish, mahallalarda «Isinish punktlari»ning faoliyatini ta’minlash vazifasini topshirdi.
Tuproqqal’a tumanidan o‘tuvchi A-380 avtomobil yo‘lida benzin tashuvchi MAN yuk mashinasi yonib ketdi. Yong‘in deyarli 3 soat davom etgan. Uning oqibatida jarohat olgan va halok bo‘lganlar yo‘q, deyiladi Xorazm viloyati FVB xabarida.
Jizzax shahrida avtobusni yo‘lovchilarsiz boshqargan haydovchi uxlab qolib, «zapravka»da navbat kutib turgan 7 ta mashinaga borib urildi. YTH oqibatida bir haydovchiga tibbiy yordam ko‘rsatildi.
Toshkent kengashi raisi o‘rinbosari Toshpo‘lat Matiboyev kengash sobiq hokimga murojaat e’lon qilmaganini bildirdi. Jahongir Ortiqxo‘jayevga minnatdorchilik bildirilgan murojaatnoma kengashning Telegram kanalida e’lon qilinib, keyinroq o‘chirib tashlangan edi.
4-marta uzaytirilgan qishki ta’til, viloyatlarda ham qilinayotgan harbiy dala oshxonalari, harbiy xizmatda o‘zini o‘ldirgani aytilgan 20 yoshli yigit, 1 yilda «Tez yordam»ga 13 mlndan ko‘p chaqiriq, elektr ta’minoti korxonasi xodimiga pichoq bilan tahdid qilgan ayol va boshqalar — «Gazeta.uz»ning kun dayjestida.
AQSh O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlariga 225 dona FLIR infraqizil monokulyar taqdim etdi
UzAuto Motors QQS stavkasi 15 foizdan 12 foizga tushirilishi hisobiga xaridorlar uchun avtomobillar narxini pasaytirmoqda. Biroq avtomobil ishlab chiqaruvchisi shartnomalar berish qayta tiklanganidan keyin ehtimoliy narx oshishi borasida izoh bergani yo‘q.
Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi Kengashning sobiq rahbari, ishdan olingan poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga shahar rivojiga qo‘shgan hissasi va yordami uchun minnatdorlik bildirdi. Keyinroq esa xabar o‘chirib tashlandi.
Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi Baxtiyor Rahmonov sobiq hokim Jahongir Ortiqxo‘jayevning yordamchisi bo‘lib ishlagan Muzaffar Abdurahmonov bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qildi.
Jizzax viloyati Ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida 245,2 mln so‘mga jarrohlik uskunalarini xarid qilish belgilangan. Ammo mansabdorlar bu pullarni talon-toroj qilib, boshqa yaroqsiz uskunalar olgan. Hozirda holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Moldovada O‘zbekiston fuqarosi ushlandi. U terrorizmda ayblanmoqda. Ilgari qotillik qilishga urinib, qamoq jazosini o‘tagan erkak O‘zbekistonga ekstraditsiya qilinishi kutilmoqda.
Toshkent shahridan keyin Mudofaa vazirligi O‘zbekistonning boshqa hududlarida ham harbiy dala oshxonalari va issiqlik punktlarini tashkil etayotganini ma’lum qildi.
Adliya vazirligining ma’lum qilishicha, ️yangi ish boshlagan salohiyatli yosh shifokorlarga 1 million so‘mgacha maxsus oylik ustama beriladi. Shuningdek, yuqori malakali, alohida natijaga erishgan, halol va vijdonan ishlayotgan xodimlarga ham maoshining 100 foizigacha ustama belgilanadi.
Chirchiq shahrida elektr energiyasi ta’minotida uzilishlar bo‘lganidan norozi bo‘lgan ayol elektr ta’minoti korxonasiga borib, korxona xodimiga pichoq bilan tahdid qildi. Hodisa yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
2022 yil davomida «Tez yordam» xizmatiga 13 milliondan ortiq murojaat kelib tushgan, 1,1 million kishi kasalxonaga yotqizilgan. 2021 yilda bu chaqiriqlar soni 12,5 millionni tashkil etgandi.
Shavkat Mirziyoyev Singapur rahbariyati bilan uchrashdi. Davlat boshqaruvi uchun kadrlar tayyorlash, investitsiyalar, «yashil» texnologiyalarni jalb qilish, shaharsozlik va kommunikatsiyalar sohasida hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Shuningdek, yangi orxideya turiga O‘zbekiston prezidenti nomi berildi.
Poytaxt va tuman hokimliklari bilan hamkorlikda Mudofaa vazirligi tomonidan harbiy dala oshxonalari tashkil etildi. U yerda fuqarolarga issiq choy va yeguliklar taklif etilmoqda.
Seshanba kuni ertalab Yangihayot tumanidagi yog‘och uylarning birida yong‘in chiqdi. Hech kim jarohat olmagan. Yong‘in yog‘ qizdirilgani ortidan yuz bergani taxmin qilinmoqda.
Bir yillik harbiy xizmat uchun Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi harbiy qismga ketgan 20 yoshli yigit o‘zini otib qo‘ygani sabab uyiga o‘lik holda qaytdi. Marhumning yaqinlari uni urib o‘ldirishgani, jasad tanasida jarohatlar borligini aytmoqda. Bosh prokuratura surishtiruv boshladi.
«Yuksalish» harakati davlat idoralarini energiya resurslari aholiga yetkazib berilmagan kunlar uchun qayta hisob-kitob qilishga, isinish xonalarini ochishga va murojaatlar uchun ko‘p funksiyali koll-markaz tashkil etishga chaqirdi. Energetika vazirligi qishga tayyorlanganlik holati bo‘yicha hisobot berishi ham kerak.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting