AQSh dollarining so‘mga nisbatan rasmiy kursi 4,81 so‘mga arzonlab, 10 950,29 so‘m etib belgilandi. Shuningdek, rubl kursi ham pasaydi, yevro esa ko‘tarildi.
Abu-Dabi taraqqiyot jamg‘armasi Samarqand shahrida suv ta’minoti tizimlari va yo‘l tarmoqlarini modernizatsiya qilish uchun $300 mlnga yaqin kredit ajratadi. Mablag‘lar yillik 2,5% stavkada, 4 yillik imtiyozli davr bilan 17 yilga beriladi.
IIV Toshkent va boshqa viloyatlarga kirish va chiqish yopilgani haqidagi xabarlarni rad etdi. Tarmoqlarda tarqalgan videolarda esa YPX xodimlari SHHT sammiti doirasida faqatgina Samarqandga kirish yopilishi tufayli aylanma yo‘llarni tushuntirayotgani aks etgan.
O‘zPFL bosh direktori Diyor Imomxo‘jayev «Bunyodkor» stadionidagi yashil maydonda drenaj tizimi shu vaqtgacha umuman ishlamaganini ma’lum qildi. Ta’kidlanishicha, suv qumda qolib, maysani chiritib borgan. Endi tizim qayta ishlab chiqiladi va uning usti standart bo‘yicha qoplab boriladi, deyiladi xabarda.
O‘zbekiston prezidenti shu hafta SHHT sammiti doirasida Samarqandda XXR raisi Si Szinpin, Eron prezidenti Ibrohim Raisiy hamda Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muzokaralar o‘tkazadi. Ular o‘zaro hamkorlikdan tashqari, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga ega dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashadi.
Shu hafta Samarqandda o‘tadigan SHHT sammitida 30 dan ortiq hujjat imzolanishi kutilmoqda, dedi prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov. Ular qatoridan Eronni tashkilotga kiritish uchun majburiyatlari, SHHTning kuzatuvchi va muloqot bo‘yicha hamkorlari a’zoligini kengaytirishga oid hujjatlar o‘rin olgan.
Shavkat Mirziyoyev Buyuk Britaniya qiroli Charlz III`ga taxtga o‘tirgani munosabati bilan tabrik yo‘llab, do‘st Birlashgan Qirollik xalqiga tinchlik-osoyishtalik, davomiy ravnaq tiladi.
Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot institutida quyosh energiyasidan foydalangan holda elektromobillarni yuqori tezlikda zaryadlovchi qurilma yaratildi. Tizim yiliga 32 ming kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqarib, 950 ta elektromobilni quvvatlash imkonini beradi.
Prezident qarori bilan aholiga dehqonchilik uchun ekin maydonlari 30 yilga ijaraga beriladi. Ijaraga berish ochiq elektron tanlov orqali o‘tkaziladi. Unda bir nafar talabgor ishtirok etsa ham, tanlov o‘tkazilgan hisoblanadi.
O‘zbekistonda hafta davomida ob-havo iliq va quruq bo‘ladi. 13 sentabr kunidan sovuq havo respublika hududidan chekinishi boshlaydi va havo +28…+30 gacha isiydi. Respublikaning tog‘li hududlarida esa biroz yomg‘ir yog‘adi.
Toshkentdagi 142-maktabda IIB xodimlari o‘quvchilarga soch turmagi uchun tanbeh berdi. Qonunchilikka ko‘ra, soch uzunligi 2−3 sm bo‘lishi lozim. Poytaxt IIBB o‘quvchilar bilan profilaktik suhbat o‘tkazilgani, qolaversa, bolalardan birining yonidan qaychi topilganini qayd etdi.
Fitch Ratings 2022-yilda O‘zbekistonning real iqtisodiy o‘sish sur’ati kutilmasini 5,1 foizga oshirdi. Prognozlarga ko‘ra, joriy yilda inflyatsiya darajasi o‘rtacha 11,7% ni tashkil qiladi va 2024 yilga kelib 9,2% ga pasayadi. O‘zbekiston suveren kredit reytingi esa VV- (barqaror kutilma) darajada baholandi.
O‘zbekiston prezidenti Afg‘onistonni “ShHT makonining ajralmas qismi” deb atadi. “Unga birgalikda yordam qo‘lini cho‘zish, mintaqaviy va global taraqqiyot jarayonlariga integratsiyalashuviga ko‘maklashish va shu orqali ko‘p yillik inqirozdan chiqishi uchun qulay sharoit yaratish — bizning ma’naviy burchimizdir”, — dedi u.
NovaStroy kompaniyasi Parkwood turar-joy majmuasida katta chegirmali so‘nggi haftani o‘tkazmoqda.
O‘zbekiston prezidenti ShHTni “madaniy-sivilizatsion qarashlari turlicha, o‘z tashqi siyosiy yo‘nalishlari va milliy taraqqiyot modellariga ega mamlakatlarni birlashtira olgan o‘ziga xos davlatlararo tuzilma”, deb atadi. Shu sababli tashkilotga qo‘shilish istagidagi davlatlar soni ortib bormoqda, dedi u.
Qashqadaryoning Koson tumanida xususiy bog‘chadan chiqib ketgan to‘rt yoshli bolani «Afrosiyob» tezyurar poyezdi urib ketdi. Olingan jarohatlar oqibatida bola vafot etgan. Viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi holat yuzasidan surishtiruv harakatlari boshlanganini ma’lum qildi.
Shavkat Mirziyoyev SHHTning Samarqanddagi sammiti arafasida e’lon qilingan maqolasida xalqaro hamkorlikning universal prinsip va normalarga asoslangan tizimi izdan chiqib borayotganini ta’kidladi. U «global darajada ishonchning chuqur tanazzulga yuz tutayotganini» — asosiy sabablardan biri sifatida qayd etdi.
Xiva shahrining barcha mahalla va Xiva tumanining ba’zi hududlarida ta’mirlash ishlari sabab gaz ta’minoti soat 08:00 dan 18:00 gacha to‘xtatiladi.
Qirg‘izistonlik jurnalist Alisher Soipov 2007 yili O‘shda otib ketilgandi. 2010 yilda qotillikda ayblangan shaxs ham oradan 2 yil o‘tib ozodlikka chiqarilgan. 15 yildirki jurnalistning qotili topilmayapti. Marhumning ukasi «Gazeta.uz»ga ish 2019 yilda qayta ochilib, 2022 yilda yana yopilganini ma’lum qildi.
Toshkent xalqaro aeroportidagi uchib ketish terminali yerto‘lasida kichik yong‘in chiqdi. Bunga transformator podstansiyasida joylashgan uzluksiz elektr ta’minoti manbasidagi qisqa tutashuv sabab bo‘lgan. Terminal vaqtincha chiroqsiz qoldi. Uchta reys kechiktirildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting