Countrymeters loyihasi hisob-kitoblariga ko‘ra, 15 avgust kuni dunyo aholisining soni 8 mlrddan oshdi. Ularning 4,04 mlrd nafari erkak, 3,96 mlrd nafari ayollardir. Dunyoning qariyb 70% aholisi 20 davlatda yashamoqda. Qit’alar bo‘yicha esa eng ko‘p insonlar Osiyoda — 4,7 mlrd kishi.
Jazoni ijro etish tizimi xodimlarining shaxsiy videoregistratorlardan foydalanish tartibi belgilandi. Unga ko‘ra, ️bodikamera xodim xizmat vazifasini bajarishga kirishganidan boshlab ishga tushirilishi va naryadni topshirguniga qadar ishlatilishi lozim. Undan shaxsiy maqsadlarda foydalanish taqiqlanadi.
USAID tashabbusi bilan Toshkent va Qashqadaryo viloyatlaridan 250 nafarga yaqin xotin-qiz elektron tijorat, ijtimoiy tarmoqlar marketingi va reklama bo‘yicha o‘qitiladi. Mashg‘ulotlar yakunida ular onlayn do‘konlarini ochish, global va mahalliy platformalar orqali tovarlarni sotish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.
Qo‘qon va Farg‘onada nodavlat OTMlar tarmoqlar orqali fuqarolar mazkur muassasada bakalavr darajasini beruvchi xalqaro diplomga ega bo‘lishlari haqida xabar tarqatgan. Oliygohlar rahbar va xodimlari shu orqali 345 kishining 2,1 mlrd so‘mini o‘zlashtirgani aytilmoqda. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Norin tumanida katta yoshli er-xotin taxminan tarvuzdan zaharlanish oqibatida olamdan o‘tdi. Ularning ikki qizi va ikki nabirasi shifoxonaga yotqizildi.
Toshkentda probatsiya xizmatida hisobda turuvchi mahkum pichoq bilan o‘z bilaklarini kesib, profilaktika inspektorlariga ham tahdid qildi. Janjalga mahkumning oilasi qo‘shilib, profilaktika inspektorlarining xizmat kiyimlarini yirtishgan.
Qozog‘iston energetika vaziri Bolat Akchulakov Qozog‘istonning kuzdan boshlab Baku-Tbilisi-Jayhan yo‘nalishi bo‘yicha neft tashish niyati haqidagi ma’lumotni rad etdi. Avvalroq Reuters Qozog‘iston hukumati neftning bir qismini Rossiyani chetlab o‘tib eksport qilmoqchi ekani haqida xabar bergan edi.
Andijonda fuqaroni tanishlari orqali hamshira lavozimiga ishga kiritishga uringanlikda gumonlangan shaxs 1500 dollar olganida ushlandi. Farg‘onada esa boshqa bir shaxs Janubiy Koreyaga ishga jo‘natish evaziga olgan 5400 dollardan 1000 dollarini qaytargan vaqtida qo‘lga olindi.
Hafta boshida +39 darajagacha bo‘lgan quruq va biroz issiq ob-havo saqlanib qoladi. Hafta o‘rtalaridan respublikaga Ural hududlaridan salqin havo kirib kela boshlaydi, harorat kechalari +20 darajagacha, kunduz kunlari +33 darajagacha pasayadi.
Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti 20 avgustda emas, balki 22 avgust kuni bo‘lib o‘tadi. Muloqot arafasida 8500 dan ortiq murojaat kelib tushgani, shundan 72 foizi allaqachon hal etilgani aytilmoqda.
Yakshanba kuni Yerevandagi «Surmalu» savdo majmuasida yirik portlash yuz berdi. Buning oqibatida kamida 6 kishi halok bo‘ldi. Yana 60 dan ortiq kishi jarohatlangani aytilmoqda, 17 kishi esa bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda.
Profilaktika inspektori, PPX va Milliy gvardiya xodimlariga ekologik huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarga nisbatan qo‘llanilgan jarimaning 30 foizi miqdorida mukofot puli to‘lanadi. Shuningdek, «Ekologik patrul» ishlash tizimi yanada kengaytiriladi.
Davlat ekologiya qo‘mitasi rahbari to‘rtta — «Mercedes», «Toyota 200», «E-bora» va «Volkswagen ID-6» xizmat mashinasidan foydalanishi rad etildi. Qo‘mita matbuot xizmati ushbu «xabar asossizligi», avtomobillarning faqat ikkitasi Narzulla Oblomurodovga biriktirilganini ma’lum qildi.
Prezident farmoni bilan maishiy chiqindi xizmati uchun to‘lov qilmaganlarning xorijga chiqishi taqiqlanishi mumkin. 1 noyabrgacha tizim «Elektron hukumat» va «Xorijga chiqish pasporti» platformalari bilan bog‘lanadi. Qolaversa, 2023 yildan yangi ko‘p qavatli uylarni chiqindi to‘plash joylarisiz qurish taqiqlanadi.
Prezident farmoni bilan 2026 yilgacha sanitar tozalash korxonalaridan foyda va ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz miqdorida undiriladi. Shuningdek, investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun 2,5 mlrd so‘mdan oshmagan miqdorda kreditlar ajratiladi.
17−18 avgust kunlari Shavkat Mirziyoyev Podshoh Salmon bin Abdulaziz Ol Saudning taklifi bilan Saudiya Arabistoniga boradi. Bu oxirgi 30 yil ichida O‘zbekiston prezidentining ushbu davlatga ilk tashrifi bo‘ladi. Muzokaralardan tashqari, Makkai Mukarrama va Madinai Munavvarani ziyorat qilish rejalashtirilgan.
Iyun boshlarida Buxorodagi «Kogon magistral gaz quvurlari» boshqarmasida yong‘in sodir bo‘lgandi. Shundan so‘ng, avariya oqibatida Farg‘ona vodiysi qish mavsumida gazsiz qolishi haqida gap-so‘zlar tarqaldi. Boshqarma rahbari buni rad etib, ular faqat Buxoro, Navoiy, Samarqandga gaz yetkazib berishini ma’lum qildi.
Toshkentning Sergeli tumanida «VAZ-2106» rusumli avtomashina daraxtga borib urilishi natijasida ikkiga bo‘linib ketdi. Haydovchi kasalxonaga yotqizilgan.
Toshkentda Navoiy shoh ko‘chasining Abay chorrahasidan Furqat ko‘chasigacha bo‘lgan qismi yo‘l qurilishi ishlari o‘tkazilishi munosabati bilan yopildi.
«O‘zbekneftgaz» kompaniyasi AI-80 benziniga talab ortib borayotganini qayd etdi, biroq AYOQSHlarida ushbu markadagi yoqilg‘i taqchilligi kuzatilayotgani haqidagi xabarlarni inkor etdi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting