Sirdaryoning Oqoltin tumanida Xorazm viloyati Bog‘ot tumanidagi avtomaktabga tegishli «Isuzu» avtobusining gaz balloni portladi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 6 kishi voqea joyida vafot etgan va 15 kishi jarohatlangan.
Aholini favqulodda vaziyatlardan himoya qilish to‘g‘risidagi qonun imzolandi. Hujjatda favqulodda vaziyatlar darajasiga qarab hokimlar yoki hukumat tomonidan amalga oshirilishi belgilandi. Qolaversa, FV bo‘yicha axborotni yashirish, o‘z vaqtida taqdim etmaslik yoki yolg‘on axborot berish taqiqlanishi nazarda tutilgan.
Shu yilning 6 oyi davomda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida xodimlar uchta holatda ishsiz fuqarolarni ishga joylashtirish uchun pul talab qilgani aniqlandi, deya ma’lum qildi vazir Nozim Xusanov. «Bu holatlar uchrayotgan soha mas’ullari bilan ishlashga harakat qilamiz», — dedi u.
Sirdaryoning Sardoba tumanida fuqaroni yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari yordamida $10 ming evaziga o‘qishga kiritmoqchi bo‘lgan shaxs ushlangani aytilmoqda. Buxoroda esa ikki fuqaroning tibbiyot texnikumiga o‘qishga kiritish maqsadida $400 olgani aniqlandi. Holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.
Tarmoqlarda Surxondaryo hokimi To‘ra Bobolov Angor tuman prokurorini haqorat qilgani aks etgan audio tarqaldi. Unda hokim prokurorga vazifalarini bajarmagani, qolaversa, tashkilotlarga nisbatan jinoyat ishi ochgani uchun tanbeh bergan. Holat yuzasidan viloyat hokimligi va Bosh prokuratura munosabat bildirdi.
O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni Energetika vazirliklari o‘rtasida umumiy qiymati 12 mlrd dollar bo‘lgan uchta yirik kelishuv imzolandi. Unga muvofiq, Saudiya tomoni investitsiyalari asosida O‘zbekistonda yashil vodorod sektori rivojlantiriladi.
Shu kunlarda tabiiy gaz iste’molchilariga tarmoqdan uzilishi haqida SM-xabarnomalar kelmoqda. «Hududgazta’minot» ma’lum qilishicha, gaz uskunalarini masofadan nazorat qiluvchi yangi dasturiy ta’minot ishga tushgan va uning yordamida uskunalari texnik nazoratdan o‘tmagan xonadon egalari ogohlantirilmoqda.
Surxondaryoning Termiz tumanida fermer xo‘jaligiga tegishli 30 sotix yer maydonini 105 mln so‘mga sotishni va’da qilgan shaxs qo‘lga olindi. Tekshiruv davomida gumonlanuvchi aybiga iqror bo‘lib, 15 mln so‘mni qaytargan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Uzbekistan Airways`ning 18 ta samolyot va 1 ta simulyatorini sotish uchun konsalting kompaniya tanlab olish yuzasidan tanlov e’lon qildi. Aktivlar 6 ta lotga bo‘lingan tartibda sotuvga chiqariladi.
Toshkentning Mirobod tumani Kichik xalqa avtomobil yo‘li ko‘chasida Nexia haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, yo‘lni ajratib turuvchi beton to‘siqqa borib urildi. Natijada avtomobil yo‘lovchisi olgan tan jarohatlari bilan shifoxonaga olib ketilayotganda vafot etdi.
Toshkentdagi uysizlar uchun reabilitatsiya markazi uch oylik ta’mirdan so‘ng qaytadan ishga tushdi. 2023 yilgacha bu yerda yana bir turar-joy binosi va sport maydonchalari quriladi. «Gazeta.uz» muxbiri Farzona Hamidova ular bu yerga qanday kelib qolgani hamda kelajakdagi orzulari haqida suhbatlashdi.
Prezident farmoni bilan 2023 yil 1 yanvardan boshlab 30 kun muddatga Saudiya Arabistoni fuqarolari uchun O‘zbekistonda vizasiz rejim joriy qilinadi.
18−19 avgust kunlari shimoliy yarim shar xususan, O‘zbekistonda G3 va G4 darajaga ega 5−6 ballik magnit bo‘ronlari bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Mutaxassislarning fikricha, bu vaqtda ko‘pchilikda bosh orqa qismida karaxtlilik va biroz ko‘ngil aynish holatlari kuzatilishi mumkin.
Yil boshidan beri ish joyida munosib mehnat sharoitlari yaratilmaganligi natijasida 398 ta baxtsiz hodisa yuz berdi. Buning oqibatida 116 kishi halok bo‘ldi, 317 kishi og‘ir va yengil turdagi tan jarohatlari oldi. Eng ko‘p baxtsiz hodisalar Toshkent shahri, Toshkent va Navoiy viloyatlarida sodir bo‘ldi.
Har bir mahallada ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish jamg‘armasi tashkil qilinadi. Prezident bu haqdagi qarorni imzoladi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Saudiya Arabistoniga davlat tashrifi boshlandi. Davlat rahbari birinchi bo‘lib Madina shahrida bo‘lib, Masjidun Nabaviyni ziyorat qildi. Hujrai saodatda Muhammad alayhissalomga salavot va salomlar aytdi. O‘zbekiston xalqiga tinchlik va farovonlik tilab, duo qilindi.
Ombudsman idorasi «Gazeta.uz»ning Qoraqalpog‘istondagi mahbuslarning advokatlari qiynoqlar to‘g‘risida ma’lum qilgani haqidagi xabariga raddiya berdi. Xabarda advokatlardan qiynoqqa solish holatlari kuzatildimi, degan savolga javob olingan, deya aniqlik kiritdi ombudsman matbuot xizmati.
Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida bobo va uning to‘rt nabirasi toqqa chiqib, tusha olmay qolishdi. Chimyon tog‘-qutqaruv otryadi mutaxassislari ularga yordamga kelishdi.
O‘zbekistonda 5 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limining asosiy sababi yo‘l-transport jarohatlari hisoblanadi. Bu ko‘rsatkich Yevropadagidan 4 barobar ko‘p. Bunday ma’lumotlar O‘smirlar salomatligi va farovonligini mustahkamlash bo‘yicha Milliy harakatlar strategiyasi loyihasida keltirilgan.
O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Mahkamov turkmanistonlik hamkasbi bilan Van ko‘li orqali Turkiyaga yuklarni intermodal tashishlarni, Eron vaziri bilan esa Chobahor portidan O‘zbekistonga pilot yuk tashishni tashkil etish bo‘yicha kelishib oldi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting