Toshkentning Mirobod tumanida 7 avgust kuni ikki avtomobil to‘qnashib ketdi. Ikki kishi halok bo‘ldi, uch kishi jarohat olib, shifoxonaga yotqizildi.
Farg‘ona viloyatida OTMga kirish imtihonlarining birinchi kunidanoq telefondan foydalangani uchun abituriyent testdan chetlatildi. Ijtimoiy tarmoqlarda esa raqami ko‘rinmagan test topshiriqlari kitobining rasmlari tarqaldi. DTM holat nazorat ostida ekaniga ishontirmoqda.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi «Uzpaynet» MCHJ ustav kapitalidagi davlatning 100 foizlik aksiyasi sotilayotganini e’lon qildi. Xususiylashtirish bo‘yicha konsultant sifatida ABRAU CAPITAL va CENTIL kompaniyalar konsorsiumi tanlandi.
Konya shahrida o‘tkazilayotgan Islom birdamligi o‘yinlarida O‘zbekiston velosportchilari beshta sovrinni qo‘lga kiritdi. Olga Zabelinskaya oltin, Yanina Kuskova ikkita kumush, Aleksey Fomovskiy va Sofiya Karimova bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Nishon tumani hokimining birinchi o‘rinbosari Erkin Boboqulov tungi vaqtda o‘zining boshqaruvida bo‘lgan xizmat mashinasida piyodani urib yubordi. Buning oqibatida jabrlanuvchi vafot etdi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, gumondorning aybi sudda o‘z tasdig‘ini topsa, 7 yilgacha qamalishi mumkin.
Raqamli iqtisodiyot va agrotexnologiyalar universiteti — University of Digital Economics and Agrotechnologies (UDEA)`ning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi.
Toshkent viloyatida fuqaro o‘g‘lini tanishining korxonasiga ishga kiritib, 3,5 mlrd so‘m kredit mablag‘iga olingan tovarlarni naqd pulga sotib yuborgani aniqlandi. Surxondaryoda esa fermer 90 ming dollar kreditni talon-toroj qilgani ma’lum bo‘ldi. Gumondorlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
2026 yilgi 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi O‘zbekistonda o‘tkaziladi. “Missiya bajarildi, janob prezident”, — deb yozdi O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi rahbari Alisher Sa’dullayev.
Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti tahlili shuni ko‘rsatdiki, keng polosali internetni rivojlantirish va asosiy uyali aloqa stansiyalari qurilishi ishsizlikni kamaytirishga yordam beradi.
Hafta davomida +34 darajadan yuqori bo‘lmagan quruq va nisbatan qulay ob-havo sharoiti saqlanib turadi, faqat dam olish kunlari harorat +38 darajagacha ko‘tariladi. Tog‘li hududlarda esa momaqaldiroqli yomg‘irlar yog‘adi.
Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanida Elektr tarmoqlari korxonasi xodimlari 48 tup archa, 9 tup shumtol va 30 tupdan ortiq mevali daraxt noqonuniy kesib tashlagani aniqlandi. Ekoqo‘mita bu orqali o‘simlik dunyosiga 856,5 mln so‘m zarar yetkazilganini ma’lum qildi. Hujjatlar to‘planib, prokuraturaga yuborildi.
Kolumbiyaning Kali shahrida yengil atletika bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi (U20) jahon chempionatida 15 yoshli Sharifa Davronova uch hatlab sakrash dasturida (14,02 m) g‘alaba qozondi. Undan keyingi o‘rinlarni Fransiya (13,38 m) va Avstraliya (13,30 m) vakillari egalladi.
Dushanba kuni Toshkent shahrida 3 soat davomida 4 ballik magnit bo‘ronlari kuzatilishi prognoz qilinmoqda. Mutaxassislarning fikricha, bu vaqtda arterial gipertoniya va bronxial astmasi borlar ko‘proq aziyat chekadi, ko‘pchilikda orqa bosh miyada og‘riq turadi, shu bois kamroq harakat qilish tavsiya etiladi.
O‘zbekiston shaxmat Olimpiadasining to‘qqizinchi turida avval mag‘lubiyatga uchramagan Armanistondan ustun kelib, musobaqa yakunlanishiga ikki tur qolganda turnir jadvalida peshqadamga aylandi. Milliy terma jamoa mag‘lubiyatsiz yagona jamoa bo‘lib qolmoqda.
Ekologiya davlat qo‘mitasi mutaxassislari Chilonzor ko‘chasini rekonstruksiya qilish jarayonida 101 tup daraxtga shikast yetkazilgani, shundan 9 tup eman daraxti jiddiy zarar ko‘rganini aniqladi. Shuningdek, yo‘lni rekonstruksiya qilish bo‘yicha davlat ekoyekspertizasi xulosasi ham olinmagan.
Jizzaxda Isuzu yuk mashinasi rulida uxlab qolgan qashqadaryolik haydovchi boshqaruvni yo‘qotib, qarama-qarshi yo‘nalishda kelayotgan Nexia-2 bilan to‘qnashuv sodir etdi. Oqibatda Nexia-2dagi 5 kishi halok bo‘ldi.
Surxondaryoda tadbirkorga 500 mln so‘m miqdorida kredit ajratib berish evaziga 10 mln so‘m olmoqchi bo‘lgan «Ipoteka-bank» sho‘’ba mudiri ushlandi.
Toshkent hokimligi Chilonzor ko‘chasi loyihasini qayta ko‘rib chiqib, yo‘laklar sonini 6 tadan 4 taga qisqartirish, ortib qolgan joyni yashil hududga aylantirishga qaror qildi. «Gazeta.uz» shoshmaslik, mutaxassislarni jalb qilish va aholini tinglashni taklif qiladi.
Shaxmat Olimpiadasida o‘zbekistonliklar Germaniya terma jamoasini mag‘lub etishdi. Milliy terma jamoa turnir yakunlanishiga uch tur qolganda 3-o‘rinni egallab turibdi. Navbatdagi o‘yinda o‘zbekistonliklar musobaqa peshqadami — Armaniston bilan kuch sinashadi. Ayollar terma jamoasi Shimoliy Makedoniyani mag‘lub etdi.
Toshkentda ko‘chani kengaytirish va «obodonlashtirish» bo‘yicha qabul qilingan navbatdagi qaror natijasida 100 ga yaqin ko‘p yillik daraxtga zarar yetkazildi. Jamoatchilik noroziligidan so‘ng loyiha qayta ko‘rib chiqildi, ammo ba’zi daraxtlar qurib qolishi mumkin.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting