Ochiqlik to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganligi uchun mansabdor shaxslar BHMning 3−5 baravari (900 ming — 1,5 mln so‘m) miqdorida jarimaga tortiladi. Huquqbuzarga nisbatan ma’muriy bayonnomani esa Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tuzadi.
Senat Oila kodeksiga o‘zgartishlar kiritishni rad etdi. Bunga, nikoh tuzishdagi bir oylik muddatni bekor qilish va tibbiy ko‘rikdan so‘ng nikohni qayd etish taklifi sabab bo‘ldi. Senatorlarning fikricha, bu muddat yosh turmush qurganlarni oilaviy hayotga tayyorlash va ajralishlar soni kamayishiga imkon beradi.
O‘zbekiston qarzining YAIMga nisbati 60 foiz etib belgilanmoqda. Moliya vaziri o‘rinbosari Odiljon Isakov bu ko‘rsatkich maqsad emas, balki eng yuqori chegara ekanligini ma’lum qildi. Hozirda nisbat 37 foiz — 25,9 mlrd dollarga yetgan. Tashqi qarz esa nimaning hisobidan to‘lanishi haqida ma’lumot berildi.
1 iyuldan beri Toshkent xalqaro aeroportidan uchib ketayotgan yo‘lovchilar bojxonachilar tekshiruvidan o‘tkazilmayapti. Bunda yo‘lovchilar haqidagi oldindan to‘plangan ma’lumotlar asosida fuqarolar va ularning yuklari elektron bodi skaner qurilmasidan o‘tmoqda. Faqat shubha uyg‘otgan shaxslargina tekshirilyapti.
O‘zbekiston «yagona Xitoy» siyosatini va ushbu mamlakatning hududiy yaxlitligini izchil qo‘llab-quvvatlaydi hamda Tayvan bilan bog‘liq vaziyatda keskinlikning tezroq bartaraf etilishiga umid qilmoqda, deb bayonot berdi TIV.
Olmaotada pasportlari olib qo‘yilib, majburiy mehnatga jalb qilish maqsadida ushlab turilgan 10 nafar O‘zbekiston fuqarosi vatanga qaytarildi.
Prezident surishtiruv hamda tergov idoralari uchun professional kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini uzluksiz oshirib borishning yangi samarali tizimini yaratishni topshirdi. Bosh prokuratura akademiyasi rahbarining so‘zlariga ko‘ra, yuqori malakali tergovchilar korpusini shakllantirish vazifasi qo‘yilgan.
OTMlarga kirish uchun test sinovlari 8 avgustdan boshlanadi hamda stadion va xiyobonlarda o‘tkaziladi. Imtihonlar ikki smenada 20 avgustga qadar bo‘lib o‘tadi. «Abituriyent ruxsatnomasi» esa 4 avgustdan beriladi.
Shaxmat olimpiadasining oltinchi turida O‘zbekiston erkaklar jamoasi Hindiston bilan durang o‘ynab, turnir jadvalida to‘rtinchi o‘ringa pastladi. Ayollar jamoasi esa Shotlandiyani mag‘lub etib, 37-o‘ringa ko‘tarildi.
Qashqadaryolik qiz Toshkentda profilaktika inspektori tomonidan zo‘rlangani va undan homilador bo‘lib qolganini ma’lum qildi. IIO xodimi ularning muloqoti o‘zaro kelishuv asosida bo‘lganini ta’kidlab, tergovga dalil sifatida video taqdim etdi. U qizning homilador bo‘lishiga aloqasi yo‘qligini ham aytgan.
Rossiyadagi narxlarning oshishi O‘zbekiston makroiqtisodiy barqarorligiga Turkiyadagi inflyatsiyadan ko‘ra ko‘proq xavf tug‘diradi, deydi PMTI ekspertlari. Rossiya tovarlari va xizmatlari narxlari oshishining O‘zbekistonda narxlar oshishiga ta’siri 7,7 baravar — 6 foizgacha oshishi mumkin
Mustaqillik bayrami arafasida 4 kun dam, 4 avgust kuni chaqiriladigan Senatning yalpi majlisi, muddatidan avval ozodlikka chiqqan 14 yoshli qizni zo‘rlashga majburlagan uch erkak, bog‘chalarda 2 nafar 5 yoshli bola vafot etgani, chet tilidan 56 ta soxta sertifikat va boshqalar — «Gazeta.uz» da kun dayjesti.
Rossiya Mudofaa vazirligi tomonidan tashkil etilayotgan Xalqaro armiya o‘yinlariga joriy yil 13−27 avgust kunlari dunyoning 12 davlati mezbonlik qiladi. O‘zbekiston Jizzax, Samarqand, Chirchiq va Sharqiy harbiy okrugi o‘quv-mashg‘ulot maydonlarida beshta yo‘nalish bo‘yicha musobaqalarni o‘tkazadi.
AQSh Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi Xitoy hukumatining ogohlantirishlariga qaramay, Tayvanga keldi. Xitoy TIV norozi bo‘lib: «AQSh xavfli yo‘ldan uzoqqa bormasligi kerak», deya ma’lum qildi. XXR armiyasi orol atrofida harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazishni rejalashtirmoqda.
Senatning 29-yalpi majlisi payshanba kuni chaqiriladi. Unda Uy-joy kodeksini tasdiqlash, Oila kodeksiga o‘zgartishlar kiritish, Davlat qarzi to‘g‘risidagi va boshqa qonunlar muhokama qilinadi. Hukumat va IIVning axboroti eshitiladi, Antikorrupsiya agentligi va Buxoro viloyati hokimining ma’ruzasi ko‘rib chiqiladi.
Namanganning Chust tumanidagi bog‘chaga kelgan 5 yoshli tarbiyalanuvchi uyqudan turayotgan vaqtida tilini chaynab yuborganligi tufayli vafot etdi. Xorazmning Xonqa tumanidagi bog‘chada esa 5 yoshli bolakay tushlikdan so‘ng, mazasi qochib, vafot etdi. Mazkur holatlar yuzasidan tergov olib borilmoqda.
AQSh dollarining so‘mga nisbatan rasmiy kursi 17,54 so‘mga arzonlab, 10 942,58 so‘m etib belgilandi. Shuningdek, yevro va rubl kurslari, shuningdek, funt sterling, yuan, iyena va tenge pul birliklari ham pasaydi.
Fuqaro «Davr bank» tizimiga noqonuniy ulanib, 15 mlrd so‘mni do‘stining kartalariga o‘tkazgan, so‘ngra pul jinoiy guruh a’zolari o‘rtasida taqsimlangani aytilmoqda. 11 nafar shaxs gumonlanuvchi sifatida jalb etilgan, ikki nafari qidiruvda.
Davlat Soliq qo‘mitasi shu yilning birinchi yarmida 5,4 mln kishiga jami 82,5 trln so‘m ish haqi hisoblanganini ma’lum qildi. O‘rtacha oylik maosh miqdori — 2,8 mln so‘mni tashkil etmoqda. Eng ko‘p ish haqi Toshkent va Navoiyda, eng kami esa Farg‘ona va Sirdaryoda to‘lab berilgan.
Toshkentdagi maktabda 14 yoshli qizni jinsiy aloqaga majburlagan uch erkak shartli ravishda ozod qilindi. 4 yilga qamalgan sobiq jismoniy tarbiya o‘qituvchisi hukmdan 12 oy, uning ikki tanishi esa — yarim yil o‘tgach ozodlikka chiqdi. Qizning onasi esa bir yildan ko‘proq vaqtdan beri adolatga erishishga urinayapti.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting