O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishiga bag‘ishlangan beshinchi yig‘ilishda ishchi guruh mamlakatning tashqi savdo rejimiga oid hujjatlarni, shu jumladan respublikaning iqtisodiy va bojxona-tarif siyosati yuzasidan aniq xulosa va ma’lumotlarni muhokama qilishni boshladi. Avvalgi uchrashuv ikki yil oldin o‘tkazilgandi.
22 iyun kuni ertalab Toshkent shahrining Mirobod tumanidagi Evos binosida yong‘in sodir bo‘ldi. Taxminan 40 daqiqadan so‘ng yong‘in o‘chirildi. FVV ma’lumotlariga ko‘ra, jarohat olganlar va qurbon bo‘lganlar yo‘q.
InterContinental Hotels & Resorts oradan 10 yil o‘tib, Toshkentga qaytishini ma’lum qildi. Brendning yangi mehmonxonasi poytaxt markazidagi Trilliant Business Park majmuasida joylashadi.
«O‘zbekgidroenergo» «To‘palang» suv ombori pastki qismidan katta hajmda suv chiqishiga GESning 2-komponent inshootidagi suv quvuri to‘sini shikastlanishi sabab bo‘lganini ma’lum qildi. GES direktori va tuman FVB boshlig‘i «vahimaga va aholini evakuatsiya qilishga hojat yo‘qligini» ta’kidlashmoqda.
22 iyun kuni tunda Afg‘onistonda sodir bo‘lgan 6,1 magnitudali zilzila oqibatida qariyb 300 kishi halok bo‘lgani, 600 dan ortiq kishi esa jarohat olgani aytilmoqda. Qo‘shni mamlakatdagi yerosti silkinishlari O‘zbekiston hududlarida ham (2−3 ball atrofida) sezildi.
Toshkent shahrida 9 nafar fuqaroga Yaponiya va Rossiyaga uchish uchun qalbaki aviachiptalar rasmiylashtirib berganlikda gumonlangan tadbirkor hibsga olindi. U chiptalarni 2420 dollar va 20,9 mln so‘mga sotgani aytilmoqda. Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Bir yilda qabul qilingan hujjatlarning 30 foiziga, jumladan tadbirkorlik bilan bog‘liq hujjatlarning 80 foiziga o‘zgartirishlar kiritildi. Bu qonunchilikning barqarorligiga salbiy ta’sir qilmoqda, «fuqarolar va biznes vakillari dalillarga asoslangan qonunchilikni talab etmoqda», dedi adliya vaziri.
Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryodagi To‘palang suv omboridan suv chiqayotgani aks etgan videolar tarqaldi. FVV buni suv omboridan chiqayotgan suv tashlamasi rejaviy ko‘rsatkichdan oshib ketgani bilan izohladi. «O‘zbekgidroenergo» esa suv ombori to‘g‘oni suv qo‘yib yuborganligi haqidagi xabarlarni rad etib chiqdi.
O‘zbekistonga kelgan Ozarbayjon prezidenti va imzolangan 18 ta hujjat, O‘zbekistonning qariyb $500 mlnga kamaygan oltin-valyuta zaxirasi, Samarqandda aholiga ajratilgan 85 tonna un qimmatga sotilgani va boshqalar — «Gazeta.uz» ning 21 iyundagi eng muhim xabarlari dayjestida.
BMTTD va Senat hamkorligida ayollarning huquq va erkinliklarini oshirishga qaratilgan O‘zbekiston yetakchi ayollar muloqoti o‘z ishini boshladi. Muloqot mamlakatdagi gender tenglik muammolarini hal qilish uchun 14 mintaqadan turli sohalardagi 180 dan ortiq ayollarni birlashtirishni maqsad qilgan.
Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev O‘zbekiston bilan Ozarbayjon o‘rtasidagi strategik sheriklikni chuqurlashtirish va har tomonlama hamkorlikni kengaytirish to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzoladilar. Shuningdek, ikki mamlakat hukumatlari, vazirlik va idoralari o‘rtasida 18 ta hujjat imzolandi.
Toshkentda o‘rtacha oylik miqdor 17 mm ni tashkil etgan bir vaqtda, oy boshidan buyon 22 mm yoki me’yordagidan 130 foiz ko‘proq yog‘ingarchilik yog‘di. 20 iyun kuni poytaxt markazida 15 mm, xalqaro aeroport hududida 21 mm yomg‘ir yog‘di.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Ahmadjon Toshxo‘jayev 70 yoshida vafot etdi.
O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari may oyida qariyb 500 mln dollarga kamayib, 35,4 mlrd dollarni tashkil etdi. Qimmatbaho metallarning fizik hajmi oshgan bo‘lsada, xorijiy valyuta va oltindagi zaxiralar qiymati kamaydi.
Samarqand va Toshkent shaharlarida fuqarolarni 40 ming dollar evaziga viza rasmiylashtirib berishni va’da qilib, AQShga jo‘natishga uringanlikda gumonlangan shaxslar qo‘lga olindi.
O‘zbekistonda tabiiy gazni markazlashgan tartibda xarid qilish va sotish, shuningdek, yagona eksportchi vazifasini bajarish uchun UzGasTrade kompaniyasi tashkil etilmoqda. Hozir bu bilan «O‘ztransgaz» shug‘ullanadi. UzGasTrade ustav kapitali davlat budjetidan ajratiladigan subsidiya hisobidan shakllantiriladi.
Koreyaga ishga ketish uchun EPS-Topik test imtihonlariga boshqa fuqaroning o‘rniga kirish va qo‘shimcha vositalardan foydalanishga urinish bilan bog‘liq 23 ta holat aniqlandi. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi qoidabuzarlar 3 yilgacha qaytib imtihonda qatnasha olmasligidan ogohlantirmoqda.
Surxondaryoning Qumqo‘rg‘on tumaniga Anvar Normamatov hokim etib tayinlandi. Sobiq hokim tumanning ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlari pastligi uchun tanqid qilingan edi.
JSST ruhiy salomatlik birlamchi tibbiy yordamning bir qismi bo‘lishi kerak deb hisoblaydi. Maktab o‘quvchilari ruhiy salomatlik uchun ijtimoiy va emotsional ta’lim dasturlariga, kattalar esa arzon yordam va ijtimoiy xizmatlarga muhtoj.
Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev O‘zbekistonga davlat tashrifini Ozarbayjon xalqining umummilliy yetakchisi Haydar Aliyev nomidagi ko‘cha va xiyobonni ochishdan boshladi. Oliy martabali mehmonga prezident Shavkat Mirziyoyev hamrohlik qildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting