Toshkent halqa yo‘lining kengaytirilishi munosabati bilan poytaxt hokimi “Qo‘yliq” bozori va savdo markazi joylashgan obyektlarni kompensatsiya to‘langanidan keyin jamoat va davlat ehtiyojlari uchun olib qo‘yishga ruxsat beruvchi qarorni imzoladi.
Qibrayda yashovchi er-xotin yuqori lavozimdagi tanishlari orqali fuqaroni Toshkent viloyati hokimining o‘rinbosari lavozimiga $200 ming evaziga ishga kiritib qo‘yishga urindi. Ular avans sifatida $130 mingni olganida ushlangan. Sud erkakni 7 yilga, ayolni esa 5 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.
O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Rossiya huquq-tartibot idoralari xodimlari 6 oy mobaynida maxsus operatsiya o‘tkazdi. Natijada 8 ta narkolaboratoriya va qariyb 30 kg sintetik narkotik modda musodara qilindi. Oyiga 200 kggacha narkotik ishlab chiqargan guruhning 20 dan ortiq a’zosi qo‘lga olindi.
Qoraqalpog‘istonning Chimboy tumanida o‘tkazilgan «IT-bilimdoni» tanlovida dastlab «udlinitel» va klaviatura bilan taqdirlangan g‘oliblarga kompyuter sovg‘a qilindi. Alisher Sa’dullayev xodimlarni bunday kichik xatolar bilan mamlakat obro‘sini to‘kmaslikka va yoshlarning kayfiyatiga ta’sir qilmaslikka chaqirdi.
2020 yil Chortoq tumanida adirlikda tashkil etilgan 1000 ta issiqxonaning 95 foizi yaroqsiz holda ekani aniqlandi. 6,7 mlrd so‘m subsidiya va 6,3 mlrd so‘m imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilgan issiqxona tumandagi 1000 ta kambag‘al oila a’zolarini ish bilan ta’minlashi kerak edi.
G‘uzor tumanida 4 va 6 yoshli bolalar vafot etdi. Ijtimoiy tarmoqlarda shifokorlar ularga tashxis qo‘ya olmagani aytilmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi vaziyatni o‘rganish uchun tumanga professorlardan iborat maxsus guruhni yubordi.
Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida gaz quyish shoxobchasida yoqilg‘i to‘ldirilayotgan «VAZ-2106» rusumli avtomobilning gaz ballonida portlash sodir bo‘ldi. Bunga mashinadagi nosozlik sabab bo‘lgani aytilmoqda. Viloyat FVB hech kim jarohat olmagani va yong‘in kelib chiqmaganini ma’lum qildi.
Farg‘onalik blogerlar viloyat markazida o‘tkazgan ijtimoiy tajribada avtobus haydovchilari nogironlik aravachasidagi yigitga panduslarni tushirib berishdan bosh tortishdi yoki uni ishlatishni bilishmadi. O‘nta avtobusdan faqat uchtasiga yo‘lovchilar yordami bilan chiqishga muvaffaq bo‘lindi.
Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, insonni a’zolarini ko‘chirib o‘tkazishga rozilik berishga majburlaganlik uchun 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilandi. Qolaversa, tana a’zolari oldi-sotdisi va ularni mamlakatdan tashqariga olib chiqishga ham javobgarlik tayinlanmoqda.
Hisob palatasi Namangan, Andijon va Surxondaryoda muammoli kreditlar ulushi yuqoriligicha qolayotganini ma’lum qildi. Jumladan, ushbu hududlardagi jami 149,4 mlrd so‘m muammoli kredit undirilmagan. 69% muammoli kredit «umidsiz» deb tasniflanib, balansdan chiqarilgan va bank zaxira mablag‘idan qoplangan.
Payshanba kuni yana 94 kishining kovidga topshirgan PZR-testi musbat natijani qayd etdi. Kun davomida 12 ta hududda virus yuqtirib olish holati kuzatilgan, shundan eng ko‘pi Toshkentda — 41 ta. Avvalroq, O‘zbekistonda omikronning eng yuqumli varianti — «Stels-omikron» aniqlangani ma’lum bo‘lgandi.
Andijonda avtomaktab o‘qituvchisi mashg‘ulotlarda qatnashmasdan haydovchilik guvohnomasini olib berishga uringanlikda ayblanmoqda. Gumondor buning evaziga 5,8 mln so‘mni olganida qo‘lga tushdi. Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
O‘zbekistonda energetika bozorini boshqarishning yangi tizimi joriy etiladi, xususan, «O‘zbekiston MET» kompaniyasining elektr energiyasini yagona xarid qilish va magistral tarmoqlarni boshqarish vakolatlari xususiy korxonalarga o‘tkaziladi. Dastlab 14 ta tuman va shaharda xususiy kompaniyalar tashkil etiladi.
O‘zbekistonda koronavirus omikron-shtammining eng yuqumli deb aytilayotgan Stealth-Omicron BA.2 varianti aniqlandi. SES rahbari COVID-19 bilan kasallanish dinamikasida sezilarsiz o‘sish kuzatilgani, biroq vaksinatsiya va revaksinatsiya jarayonlarini tezlashtirish muhimligini qayd etdi.
Tagiga dizel quyib ketilgan Toshkent daraxtlari, yopiq binolarda o‘tkazilishi kutilayotgan kirish imtihonlari, yig‘ilish vaqtida DXX hibsga olgan 8 nafar davlat xizmatchisi, soliq to‘lashdan qochish sxemalari, Plug and Play markazi va boshqalar — «Gazeta.uz» ning 23 iyundagi eng muhim xabarlari dayjestida.
MOQ raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston boks federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Saken Polatov «Olimpik» futbol klubiga rahbar bo‘ldi. U bungacha «Lokomotiv»ni ham boshqargan.
O‘zbekistonda davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiyalash to‘g‘risidagi qonun iyun oxirigacha tasdiqlanishi rejalashtirilgan. Prezident farmonida tizimni 2022 yil 1 yanvardan joriy etish ko‘rsatmasi berilgan edi.
Xodimlarning real soni, bajarilgan ishlarning haqiqiy hajmini yashirish, xarajatlarni sun’iy ravishda oshirib ko‘rsatish — Soliq qo‘mitasi tomonidan Fiskal institutida qurilish sohasida soliq to‘lashdan qochishga urinish hamda boshqa sxemalar fosh etildi.
FIFAning iyun oyi uchun yangilangan reytingida O‘zbekiston terma jamoasi o‘z o‘rnini olti pog‘onaga yaxshilab, 77-o‘ringa ko‘tarildi.
Toshkentda startaplarni qo‘llab-quvvatlash uchun Plug and Play markazi tashkil etiladi. AKT vaziri Sherzod Shermatovning so‘zlariga ko‘ra, ushbu markaz startaplarni saralab, ularni o‘sishiga yordam beradi, katta korporatsiyalar bilan bog‘laydi hamda venchur kapital sarmoyalarini jalb etishga ko‘maklashadi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting