Olmaliq shahridagi «Maxam-O‘zbekiston» qo‘shma korxonasi sexlaridan birida portlash sodir bo‘lib, bino konstruksiyalari buzildi. Yaqin atrofda bo‘lgan yuk mashinasi haydovchisi jarohatlangan.
Texnikumdan oliygohga imtihonsiz kirish bekor qilinishi, Toshkentning mamlakatdagi eng korrupsiyalashgan hududlardan biri ekani, dual ta’lim tizimi joriy qilinadigan kasb-hunar maktablari va texnikumlar, yozdagi yong‘in sababchilari va boshqalar — «Gazeta.uz» ning 15 iyundagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Antikorrupsiya agentligi rahbari Toshkent O‘zbekistondagi eng korrupsiyalashgan hududlardan biri ekanini aytdi. Poytaxtda korrupsiyaga oid jinoyatlar soni yil davomida uch barobarga oshgan. Bundan tashqari, internetda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar haqidagi xabarlarning yarmi poytaxt hissasiga to‘g‘ri keladi.
Chorshanba kuni O‘zbekiston olimpiya jamoasi Osiyo kubogi yarim finalida Yaponiyaga qarshi bahs olib boradi. Jamoalar 2018 yilda ham to‘qnash kelishgan va unda o‘zbekistonliklar yirik hisobda g‘alaba qozongandi. Biroq bu safar Yaponiya U23 jamoasi bellashuvga o‘zgacha yondashuv bilan kelmoqda.
Prezident 57 ta professional ta’lim muassasasida joriy etilgan dual ta’lim shakli o‘z samarasini bergani — pedagogika kolleji o‘quvchilari 2 kun o‘qib, 4 kun bog‘chada amaliyot o‘tagani va oylik olganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu tajriba kasb-hunar maktablari va texnikumlarda ham yo‘lga qo‘yiladi.
Qozog‘iston veyp — elektron sigaretlarni sotish va ulardan foydalanishni butunlay taqiqlashni rejalashtirmoqda. O‘zbekistonda esa sotuvda markasiz, tarkibi va undan foydalanish xavfi haqida ma’lumot ko‘rsatilmagan ko‘plab veyplarni uchratish mumkin.
IIV O‘zbekiston va Yaponiya yoshlar TJ o‘rtasidagi Osiyo kubogi yarim finali uchrashuvi o‘tadigan «Milliy» stadioni OFK sanksiyalari tufayli mahalliy muxlislar uchun yopilganini eslatib o‘tdi. Muxlislarga o‘yinni uyda tomosha qilish tavsiya etildi. Stadion atrofidagi yo‘llar esa ta’mirlanishi sababli vaqtincha yopiladi.
Prezident 2023 yildan boshlab texnikumdan oliygohga imtihonsiz kirish mexanizmi bekor qilinishini ta’kidladi. OTMlardagi kamida 60 ta yo‘nalish texnikumlarga o‘tkaziladi. Shuningdek, 1 yanvardan ilmiy darajasi bor texnikum o‘qituvchilarining ish haqi oliygoh pedagoglarinikiga tenglashtiriladi.
Toshkent xalqaro aeroportida yangiyo‘llik 40 yoshli ayol 20 va 23 yoshli ikki nafar qizni aldov yo‘li bilan Turkiyaga chiqarib yuborishga uringanida qo‘lga tushdi. Unga nisbatan odam savdosi moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
O‘zbekistondagi barcha madaniyat va istirohat bog‘laridagi 1879 ta attraksionning 574 tasi texnik nosoz ekanligi aniqlandi. Shundan eng ko‘pi Qoraqalpog‘iston, Andijon, Farg‘ona, Qashqadaryo va Namangan hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Poytaxtda esa 52 dona attraksionning 39 tasi (75%) yaroqsizligi ma’lum bo‘ldi.
Qozog‘istonda salonida 31 nafar o‘zbekistonlik bo‘lgan avtobus yonib ketishiga sababchi bo‘lgan yuk mashinasini O‘zbekiston fuqarosi boshqargani aytilmoqda. U yuk avtomobillari harakati taqiqlangan dovondan o‘tayotganda boshqaruvni yo‘qotgan va to‘xtab turgan 4 ta transport vositasiga urilgan.
Prokuratura Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanida yigit va qiz kaltaklangan holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. Juftlik ularga tuman IIB xodimlari jarohat yetkazganini ta’kidlagandi.
Prezident Oliy ta’lim vazirligida yangi vazir o‘rinbosari lavozimi joriy qilingani va unga Buxoro shahar monomarkaz rahbari Sadoqat Siddiqova tayinlanganini ma’lum qildi. U kasb-hunar maktablari va texnikumlarni boshqarish hamda metodik ta’minlashga mas’ul bo‘ladi.
Yil boshidan beri 3449 ta yong‘in sodir bo‘lib, unda 82 kishi jabrlangan, 48 kishi esa halok bo‘lgan. FVV yoz oyi boshlanishi bilan yong‘in bilan bog‘liq vaziyat ham faollashganini qayd etdi. Ta’kidlanishicha, aksariyat yong‘inlarga konditsioner, muzlatgich va quruq o‘tlar yoqilishi sabab bo‘lmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi o‘z tasarrufidagi diniy ta’lim muassasalari uchun qabul sanasi va abituriyentlardan talab etiladigan hujjatlar ro‘yxatini e’lon qildi.
O‘zbekistonlik og‘ir atletikachi Diyorbek Ermatov o‘smirlar o‘rtasidagi Jahon chempionatida ikkita kumush va bitta bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Samarqand viloyatining Qo‘shrabot hamda Ishtixon tumanlariga yangi hokimlar tayinlandi.
AQSh Markaziy qo‘mondonligi rahbari Maykl Kurilla O‘zbekistonga tashrifini har bir mamlakat to‘qnashayotgan xavf-xatarlar va hamkorlikni mustahkamlash imkoniyatlari haqida suhbatlashishni ko‘zda tutgan «tinglash safari»ning bir qismiga qiyosladi. U maxsus kuchlar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirishni taklif qildi.
Toshkentning Bunyodkor ko‘chasida 56-yo‘nalishdagi «Isuzu» avtobusi piyodalar o‘tish joyida to‘xtagan avtomobil bilan to‘qnashib ketishdan qochishga urinib, chiroq ustuniga urildi. Avtobusda yo‘lovchilar bo‘lmagan va hech kim jarohat olmagan. Mazkur piyodalar o‘tish joyida YTH muntazam sodir bo‘ladi.
Prezident farmoni bilan Ochiqlik indeksi joriy etiladi. Unga ko‘ra, 8 ta indekator bo‘yicha eng yuqori ball to‘plagan tashkilotlar rag‘batlantiriladi, salbiy ko‘rsatkich qayd etganlar esa javobgarlikka tortiladi. Qolaversa, ochiqlikni ta’minlash borasida Antikorrupsiya agentligiga qo‘shimcha vakolatlar berilmoqda.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting