Microsoft bilan hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari bo‘yicha onlayn uchrashuvda AKT vazirligi kompaniyaga O‘zbekistonda ofis ochishni taklif qildi.
Kichik tadbirkorlik subyektlarini moliyalashtirish uchun banklarga 300 mln dollar ekvivalentida kredit liniyasi ajratiladi. Mablag‘larining kamida 70 foizi shaharlardan tashqari hududlarda faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlarga ajratiladi. Kreditlar yillik 14 foiz stavkada, 5 mlrd so‘mgacha miqdorda ajratiladi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi sher bolasi tishlab olgan bolaning ahvoli qoniqarli ekani, u poytaxtdagi 2-bolalar poliklinikasida davolanayotganini ma’lum qildi. Bolaning ahvolini travmatologiya va neyroxirurgiya bo‘limi mudiri hamda O‘zbekiston bosh rabiologi nazorat qilmoqda.
Davlat bojxona qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Utkirjon Qodirov Qashqadaryo viloyati hokimining o‘rinbosari — viloyat investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U ushbu lavozimda Baxrom Yusupovning o‘rnini egalladi.
Nukusda O‘zbekistondagi davlat-xususiy sheriklik loyihasi asosida ilk dializ markazi ish boshladi.May oyidan Urganch va Bog‘ot tumanida ham shunday klinikalar ish boshlaydi, yil oxirigacha esa Toshkentda eng yirik klinika ishga tushadi.
Kobuldagi ikkita maktabda ro‘y bergan uchta portlash natijasida kamida olti kishi halok bo‘ldi, 20 ga yaqin kishi jarohatlandi. BMT hujumni qoraladi, tashkilotchilar hozircha o‘zlarini e’lon qilmadi.
Ayrim hokim yordamchilarining ta’magirligi haqida gapirgan Shavkat Mirziyoyev, o‘quvchi qizlarga tegajog‘likda gumonlanayotgan maktab psixologi, Afg‘oniston bilan chegarada vaziyat barqarorligini aytgan Sherzod Asadov, auksionga qo‘yilgan AKT vazirligi binosi, Ortiqxo‘jayevni qat’iy ogohlantirgan prezident va boshqalar — «Gazeta.uz» ning 19 apreldagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Old o‘rindiqda xavfsizlik kamarini taqmagani uchun jarimani yo‘lovchining o‘zi to‘laydi, deya ma’lum qildi IIV. Jarima miqdori BHMning yarmini (135 ming so‘m) tashkil qiladi. Biroq, MJTKga hali yo‘lovchilar javobgarligi bo‘yicha o‘zgartirishlar kiritilmagan.
Mahallalardagi hokim yordamchilari mamlakat bo‘yicha 5 mingga yaqin bo‘sh bino borligini aniqladi. Shavkat Mirziyoyev bo‘sh bino-inshootlarni sotish, ijaraga berishdan tushgan mablag‘larni ushbu mahallaning infratuzilmasini rivojlantirishga sarflashni buyurdi. «Yil yakuniga qadar bo‘sh bino qolishi kerak emas», — dedi u.
Prezident To‘raqo‘rg‘on tumani «Sharq» mahallasidagi hokim yordamchisi pora olgani uchun 5 yilga qamalganini ma’lum qildi. «Joylardagi ayrim hokim yordamchilari „kredit, subsidiya, yer olib beraman“, deb ta’magirlik qilayotgani ham juda achinarli holat», — dedi Shavkat Mirziyoyev. Barcha viloyat, tuman va shahar hokimlari qat’iy ogohlantirildi.
«O‘zbekneftgaz» boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev o‘zining o‘rinbosarlari faoliyatini tanqid qildi. Uning iqtisodiyot va moliya masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Ulug‘bek Ashurov o‘z arizasiga ko‘ra egallab turgan lavozimidan ozod etildi.
Rossiya OAVlari ma’lumotlariga ko‘ra, oxirgi bir yarim oyda O‘zbekistonga 5 mingdan ortiq rossiyaliklar tashrif buyurgan. Natijada fevral oyining oxiridan mart oyining o‘rtalariga qadar Toshkentda kvartira ijarasining o‘rtacha narxi 15 foizga oshgan. Respublikada so‘nggi uch oyda ijara haqi 0,9 foizga, ya’ni 2021 yilning mos davriga nisbatan ikki baravarga qimmatlashgan.
Farg‘ona viloyatining Furqat tumanida yashovchi fuqaro o‘ziga tegishli yer maydonida 6 tup ko‘knori yetishtirayotganligi aniqlandi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Mahallalardagi hokim yordamchilari 35,3 mln aholi istiqomat qiladigan 6,9 mln xonadonni to‘liq xatlovdan o‘tkazdi. Natijada xonadonlarning 47 foizida qo‘shimcha daromadga ehtiyoji bor, 36 foizida o‘ziga to‘q, 11 foizida kam daromadli va 6 foizida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar yashashi ma’lum bo‘ldi.
Dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 18,65 so‘mga arzonlab, 11 259,37 so‘mni tashkil etdi. Yevro va rubl kurslari ham pasaydi.
Shavkat Mirziyoyev mahallada hokim yordamchilari faoliyati va aholi bandligini ta’minlashda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni tanqid qildi. Prezident Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev, uning birinchi o‘rinbosari va soliq boshlig‘ini qat’iy ogohlantirdi. Oltinko‘l tumani va Zarafshon shahri hokimlari, qolaversa, respublikadan 11 nafar vakil lavozimidan ozod qilindi.
Qashqadaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgan Alisher Qodirov viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Toshkentdagi 158-maktab psixologi 3 — 5-sinf qizlariga nisbatan nomaqbul xatti-harakatlarni qilganlikda gumonlanmoqda. U ruhiy kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan. Shuningdek, qizlarni ikki nafar katta yoshli erkak ginekolog tibbiy tekshiruvdan o‘tkazgani ular ruhiyatiga yanada ko‘proq salbiy ta’sir ko‘rsatgani aytilmoqda. Hodisa yuzasidan Bosh prokuratura, XTV va Toshkent IIBB bayonot berdi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi poytaxt markazida 0,26 gektar maydonda joylashgan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga tegishli binoni sotuvga qo‘ydi. Lotning boshlang‘ich narxi — 66,52 mlrd so‘m etib belgilandi.
«Tashkent Pharma Park» farmatsevtika klasteri hududida Dori vositalarining klinik tadqiqotlarini rivojlantirish markazi tashkil etildi. Markazga tibbiy, klinik va laboratoriya jihozlarini xarid qilish uchun bilan ta’minlash Koreya Eksimbanki jamg‘armasi kreditlari yo‘naltiriladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting