Zuhriddin Qodirov BAAda o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi qilichbozlik bo‘yicha jahon chempionati finalida germaniyalik raqibini mag‘lub etdi. U O‘zbekiston qilichbozlari o‘rtasida jahon chempionligini qo‘lga kiritgan ilk sportchi bo‘ldi. JCHda Zaynab Dayibekova bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Nur-Sulton shahrida Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi (KNB) kontrrazvedkasi mamlakat prezidentiga suiqasd uyushtirishni rejalashtirayotganlikda gumon qilingan «xorijiy razvedka agenti»ni qo‘lga oldi. Shuningdek, ushbu agent Qozog‘istonda Rossiyaga qarshi tashviqot olib borish va jamiyatda rusofobik qarashlarni shakllantirish vazifalarini olgani ma’lum qilindi.
Qirg‘izistonning Botken viloyati Marg‘un qishlog‘ida O‘zbekiston tomonidan qurib bitkazilgan 3,5 mln dollarlik 330 o‘rinli maktab foydalanishga topshirildi. Shuningdek, O‘zbekiston ko‘magida Samarqandek qishlog‘ida ham maktab qurilmoqda, Bobur nomidagi O‘sh o‘zbek musiqali-drama teatri rekonstruksiya qilinmoqda.
DXX Andijonda katta miqdorda qalbaki pullarni ishlab chiqarayotgan shaxslarni qo‘lga oldi. Jinoiy guruhning shu vaqtgacha 300 mln so‘mdan ortiq qalbaki pullarni Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlari hamda Toshkent shahrida muomalaga kiritishga ulgurgani aytilmoqda.
Qozog‘iston Ukrainaning hududiy yaxlitligini hurmat qiladi, deya ma’lum qildi Qozog‘iston PA rahbarining birinchi o‘rinbosari Timur Suleymenov. Uning qayd etishicha, Qozog‘iston ziddiyatda qaysidir tarafni «na harbiy, na siyosiy jihatdan qo‘llab-quvvatlamaydi», biroq Ukrainaga insonparvarlik yordamini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, Qozog‘iston Rossiyaga qarshi sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun vosita bo‘lmaydi hamda Rossiya va Belarusga qo‘yilgan cheklovlarga rioya qiladi.
Ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbekistonlik yuk tashuvchi haydovchilarning Mariupol metallurgiya kombinatida ushlab turilgani haqidagi murojaati tarqaldi. O‘zbekiston TIV ular harbiy harakatlar hududidan evakuatsiya qilingani va vatanga qaytayotganini ma’lum qildi.
O‘zbekiston va Qirg‘iziston tovar aylanmasi hajmini 2 mlrd dollarga yetkazishni rejalashtirayapti. Ikki davlat bosh vazirlari O‘shda chegaradosh viloyatlar hokimlari kengashining yig‘ilishida ishtirok etdi. Energetika, qishloq xo‘jaligi, transport, transchegaraviy savdo va boshqa sohalardagi loyihalar muhokama qilindi.
Prezident qaroriga ko‘ra, Samarqand davlat tibbiyot instituti universitet sifatida qayta tashkil etildi. OTMda bakalavriat bitiruvchilari uchun poliklinikalarda 6 oylik malakaviy amaliyot ko‘rinishidagi subordinatura joriy etiladi. Samarqand viloyati Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlari va tibbiyot kollejlari universitetga biriktiriladi.
24 fevraldan 1 aprelga qadar Ukrainadagi urush oqibatida 1276 nafar tinch aholi halok bo‘ldi, yana 1981 kishi yaralandi. Bu BMT tomonidan tasdiqlangan raqamlar, asl holat bundanda ko‘proq bo‘lishi mumkin. Ukraina bosh prokurori juma kuni soat 8:00 holatiga jami 153 nafar bola halok bo‘lgani va 245 nafar bola jarohat olganini qayd etdi.
Fitch Ratings agentligi 2022-yilda O‘zbekistonning real iqtisodiy o‘sish sur’ati prognozini 3,1% gacha pasaytirdi. Prognozlarga ko‘ra, mamlakatda inflyatsiya darajasi 2022-yilda o‘rtacha 12,7% ni, 2023-yilda o‘rtacha 11,6% ni tashkil qilishi kutilmoqda. Agentlik O‘zbekiston suveren kredit reytingini BB- (barqaror kutilma) darajada baholagan.
Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanidagi 5-sonli bolalar bog‘chasida zaharlangan 25 nafar tarbiyalanuvchi voqeasi bo‘yicha 6 kishiga nisbatan uchta modda doirasida jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Fransiya hukumati sanksiyalar ostida bo‘lgan milliarder Alisher Usmonov bilan bog‘liq bo‘lgan ikkita vertolyotning foydalanish huquqini muzlatib qo‘ydi, deb xabar qildi Forbes. Ularning narxi 26 mln dollarga baholanmoqda. Tadbirkorning vakili Usmonov o‘z mulkining katta qismini, shu jumladan ushbu vertolyotlarni qaytarib bo‘lmaydigan trastlarga berib yuborganini ma’lum qildi.
Hukumat qarori bilan O‘zbekiston aprel-iyul oylarida Qozog‘istondan 100 ming tonna 3-sinf bug‘doyini (bir qismi un) maqbul narxlarda import qiladi. Ichki va tashqi bozorlardagi vaziyatdan kelib chiqib, yana 500 ming tonna bug‘doy xarid qilish rejalashtirilmoqda.
O‘zbekiston budjetiga soliq tushumlari miqdori birinchi chorakda o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 17 foizga oshdi. Shunga qaramasdan, soliq organlaridagi ishida kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun 13 ta DSI boshlig‘i ishdan bo‘shatildi, 40 dan ortiq rahbar xodimga intizomiy choralar ko‘rildi.
Nonushtabop galetalar, pishloqli xachapuri, guruchli bo‘tqa, feta pishlog‘i va pomidordan quymoq, bedana tuxumli teftellar, baqlajon va pishloqli tovuq go‘shti, turkcha sho‘rva va boshqalar — Zira.uz saharlik va iftorlik uchun taomlar retseptlari ro‘yxatini e’tiboringizga havola etadi.
Qatarning Doha shahrida bo‘lib o‘tadigan futbol bo‘yicha Jahon chempionati guruh ishtirokchilari aniqlandi. Chempionatning birinchi uchrashuvi Qatar va Ekvador o‘rtasida bo‘ladi. C guruhida esa Argentina Saudiya Arabistoniga qarshi o‘ynaydi. Ispaniya Germaniya bilan, Belgiya Xorvatiya bilan bir guruhga tushdi.
2022 yil uchun fitr sadaqa va fidya miqdori, Afg‘oniston muvaqqat hukumatini xalqaro miqyosda tan olish mexanizmlarini ishlab chiqishni taklif qilgan O‘zbekiston, taroveh namozlari vaqtida Toshkentda yopiladigan ayrim ko‘chalar, dam olish kunlari kutilayotgan issiq ob-havo, Qirg‘izistonga borgan Abdulla Aripov va boshqalar — «Gazeta.uz» ning 1 apreldagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Hukumat 2017−2021 yillarda oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida ajratilgan va qaytarilmagan muammoli kreditlarni mahalliy budjetlarning rejadan oshirib bajarilgan qismidan qoplash masalasini muhokama qilmoqda. 2021-yilning o‘zida ushbu dastur bo‘yicha 2,8 trln so‘m (245,7 mln dollar) miqdoridagi muammoli kreditlar ajratilgan. Avvalroq MB rahbari “imtiyozli kreditlar bor joyda noto‘g‘ri foydalanish tendensiyasi va korrupsiya unsurlari paydo bo‘lishi” haqida ogohlantirgan edi.
Toshkent shahrida taroveh namozlari o‘qilishi munosabati bilan ayrim masjidlar atrofidagi ko‘chalar har kuni soat 18:00 dan 00:00 gacha transport vositalari harakati uchun yopiladi (ro‘yxat).
2022 yilning mart oyida inflyatsiya ko‘rsatkichi 1,5 foizni, yillik nisbatda (2021 yilning mart oyiga nisbtan) 10,5 foizga yetdi. Oy davomida shakar narxi 12,8 foizga ko‘tarilgan. Shuningdek, mart oyida un narxi 2 foiz, sut 2,5 foiz, kungaboqar yog‘i 3,1 foiz, paxta yog‘i narxi 2,1 foizga oshgan bo‘lsa, tuxum narxi — 0,9 foizga pasaygan.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting