Juma kungi yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev 6 mln nafar yoshlar ishtirokida 10-apreldan mahalla, tuman, viloyat va respublika bosqichlaridan iborat ommaviy sport tadbirlarini o‘tkazish yuzasidan topshiriq berdi. Buning uchun har bir viloyatga 100 mln so‘mgacha, g‘olib va sovrindorlarni taqdirlash uchun 1 mlrd so‘mgacha mablag‘ ajratiladi.
Dunyodagi hodisalar munosabati bilan afg‘on masalasi jahon siyosatida ikkinchi darajaga tushib ketdi. «Bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Xalqaro hamjamiyat ushbu mamlakatning buguni va ertasi uchun javobgarlikni zimmasiga olishi kerak», — deya ma’lum qildi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Vladimir Norov BMT vazirlar anjumanida.
Payshanba kuni Svetlana Artikova Bosh prokuratura ishda vafot etgan xodimi oilasiga nafaqa va ma’naviy zararni to‘lashi masalasiga munosabat bildirdi. Uning fikricha, sudning 971 mln so‘mni to‘lash to‘g‘risidagi qarorida qonun talablari buzilgan. «Milliard u yoqqa, milliard bu yoqqa qilsak, unda shifokorlarga, o‘qituvchilarga ustamalarni, oylikni, nafaqani kim to‘laydi?.. Kerak bo‘lsa, Oliy sudgacha ham bosh prokuror o‘rinbosari tarzida takroran kassatsiya keltirishga tayyorman», — dedi u.
Turizm va sport vaziri o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Abdulaziz Oqqulov O‘zbekistonning BAAdagi elchisi lavozimiga tayinlandi.
Bosh vazir Abdulla Aripov amaliy tashrif bilan Qirg‘izistonga bordi. Tashrif doirasida u ikki davlat chegaradosh viloyatlari hokimlari kengashining to‘rtinchi yig‘ilishida ishtirok etadi.
Jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan hukumat qarori loyihasiga muvofiq, 2023 yildan boshlab fuqaroni ichki ishlar bo‘limiga olib borish amaliyotidan voz kechish rejalashtirilmoqda. Bunda «E-patrul» tizimi joriy etilib, barcha ma’lumotlar hodisa joyida planshet orqali tekshiriladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi 2022-yil uchun zakot nisobi, fitr sadaqa va fidya miqdorini e’lon qildi.
Dam olish kunlari respublikaning katta qismida iliq va quruq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Havo harorati ayrim joylarda 28 darajaga yetadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov Ramazon oyida O‘zbekistondagi 2085 masjidda taroveh, 1525 jomeda xatmi Qur’on o‘qilishini ma’lum qildi.
2 apreldan tajriba-sinov tariqasida Samarqand, Termiz va Denovdan Tojikistonning Dushanbe va Panjikent shaharlariga avtobus qatnovlari amalga oshiriladi. Chipta narxlari somoniyda ko‘rsatilgan.
Payshanba kungi videoselektorda prezident viloyat hokimlariga vatanga qaytgan mehnat migrantlarini qurilish ishlariga jalb qilish bo‘yicha topshiriq berdi. Ularga asbob-uskunalar xarid qilish uchun subsidiya ham ajratiladi. Qolaversa, Sirdaryo viloyati hokimi o‘z hududida qariyb 2 ming, Namangan viloyati hokimi esa 17 ming migrant qaytib kelganini ma’lum qildi.
Urganchda chorrahaga o‘rnatilgan reklama monitorida pornografik mazmundagi videolavha namoyish qilindi. Dastlabki tezkor-surishtiruv ishlarida uni monitorga egalik qiluvchi xususiy firma ishchisi «ehtiyotsizlik oqibatida» monitor xotirasiga yuklagani ma’lum bo‘ldi.
Bektemir tumanida taqiqda bo‘lgan 2 gektar yerni 800 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan shaxs oldindan 80 ming dollarni olgan vaqtida ushlandi. Uning taqiqni tegishli organlar orqali yechishi va qurilish uchun hujjatlarni rasmiylashtirib berishiga ishontirgani aytilmoqda. Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
YeTTB Ukrainadagi urush Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiyotiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatishini prognoz qilmoqda. Bankning mintaqa mamlakatlari bo‘yicha qayta ko‘rib chiqilgan prognozlariga ko‘ra, 2022 yilda O‘zbekiston YAIM 6 foizga emas, 4 foizga o‘sishi kutilmoqda. Rossiya iqtisodiyotida yuzaga keladigan turg‘unlikning mintaqa mamlakatlari iqtisodiyotiga ta’siri 2023 yilda ham saqlanib qoladi.
O‘zbekiston iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlash va tashqi xatarlarni yumshatish choralari, YPX xodimini suratga olishga qarshiligini aytgan Svetlana Artikova, Ramazon oyining boshlanishi, Urganchda quriladigan Al-Xorazmiy shaharchasi, valyuta bozorida keskin tebranishlarning oldini olish uchun zaxiralar yetarli ekanini ta’kidlagan Shavkat Mirziyoyev, tibbiyot xodimlarining hijob kiyishi bo‘yicha taqiq olib tashlangani va boshqalar — «Gazeta.uz» ning 31 martdagi eng muhim xabarlari dayjestida.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi ma’lumotiga ko‘ra, Ramazon oyining boshlanishi 2 aprel kuniga to‘g‘ri keladi. Prezident muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.
O‘zgidromet tomonidan Kogon tumanida kuchli shamol va yog‘ingarchilikni prognoz qilishda ko‘maklashuvchi meteolokator o‘rnatildi. U 200 km radiusda mavjud va kutilayotgan ob-havo xodisalari to‘g‘risida, jumladan bulutlar oqimi, shamol tezligi va yo‘nalishi, yog‘inlar miqdori va turi, uning davomiyligi haqida ma’lumot beradi.
Toshkentda iliq kunlar boshlangani munosabati bilan 1 apreldan issiqlik ta’minoti o‘chiriladi.
Prezident budjet xarajatlarini 10 trln so‘mga qisqartirish zarurligini ta’kidladi. Shunga ko‘ra, yil yakuniga qadar barcha hokimlik, vazirlik va idoralarga bino ta’mirlash, avtomobil, mebel, ofis anjomlari xarid qilish taqiqlandi. Qolaversa, ular moliyaviy manbasi aniq bo‘lmagan qurilishlarni boshlamasligi kerak.
Prezident jahondagi nobarqaror vaziyatda O‘zbekiston iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlash va tashqi xatarlarni yumshatish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Jumladan, ayrim oziq-ovqat mahsulotlari importiga aksiz solig‘i va bojxona bojlari qayta ko‘rib chiqiladi, tadbirkorlarga 10 trln so‘m «revolver» kreditlar beriladi. Yil yakunigacha Rossiya, Ukraina va Belarus bilan ishlayotganlarning debitor qarzdorligi uchun jarima va penya qo‘llanilmaydi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting