Toshkent hokimi poytaxtning uch tumani hokimlariga «hayfsan» e’lon qildi. Bunga ularning birinchi yarim yillikda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlarini kamaytirishga yo‘l qo‘yganliklari sabab bo‘lgan.
Dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 1,40 so‘mga ko‘tarilib, 10 688,10 so‘m etib belgilandi. Shuningdek, yevro va rubl kursi ham ko‘tarildi.
Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining o‘rinbosari — IIBB huzuridagi tergov boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchisi lavozimiga Dilmurod Mirsodiqov tayinlandi.
O‘zLiDePning prezidentlikka nomzodi Shavkat Mirziyoyev kelgusi 5 yilda Qoraqalpog‘istonni rivojlantirish uchun 43 trln so‘m yo‘naltirilishini ta’kidladi. Ushbu mablag‘lar davlat budjeti, xalqaro moliya tashkilotlari va bank kreditlari hisobidan ajratiladi.
Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonda saylovchilar bilan uchrashuvda kelgusi yildan boshlab 1−4 boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun bepul tushlik berish yo‘lga qo‘yilishini ta’kidladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonda saylovchilar bilan uchrashuvda 6 ming nafar ishsiz aholi uchun, ixcham issiqxonalar qurib berilishini ma’lum qildi. Aholi tomorqalarining suv ta’minotini yaxshilash orqali, 12 ming fuqaroning bandligi ta’minlanadi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Afg‘onistondagi gumanitar inqirozni bartaraf etish bo‘yicha xalqaro sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishi mumkin, deb hisoblaydi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov.
Moskvada O‘zbekiston prezidentining joriy yilda kutilayotgan davlat tashrifiga tayyorgarlik ko‘rilmoqda, deya ma’lum qildi Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Andrey Rudenko Toshkentda bo‘lib o‘tgan anjumandagi nutqida. Uning aytishicha, «juda jiddiy hujjatlar to‘plami» tayyorlangan, shu jumladan mudofaa sohasida. U Rossiyaning Markaziy Osiyo bo‘yicha hech qanday maxfiy kun tartibi hamda mintaqa davlatlarini kim bilan bo‘lish borasidagi geosiyosiy tanlov qarshisida qoldirish rejasi yo‘qligini aytdi.
Rossiya bilan yaqin sheriklik va do‘stlik aloqalarini rivojlantirish O‘zbekiston xalqaro hamkorligining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir, dedi mamlakat tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Farhod Arziyev Toshkentda o‘tkazilgan «Valday» klubi konferensiyasida.
Parkent tumanida yashovchi shaxs fermer xo‘jaligi rahbariga bankdan 3 mlrd so‘m kredit ajratilishini aytib, undan kredit miqdorining 10 foizini berishini so‘radi. Shuningdek, Farg‘ona viloyatida mansabdor shaxs qum barxanlaridan litsenziyasiz foydalanishiga ruxsat berish uchun 5,6 ming dollar olgan vaqtida ushlandi.
Islom taraqqiyot banki va OPEK xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan O‘zbekistondagi qishloq joylarini rivojlantirish loyihasi uchun $275 mln miqdorida qarz ajratiladi. Loyiha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Navoiy va Xorazm viloyatlarining 20 ta tumanidagi 170 ta MFY hududlarida amalga oshiriladi.
Roodell kompaniyasi ADM Jizzakh zavodida LADA avtomobillarini yig‘ishni boshladi. Birinchi bo‘lib Vesta SW va XRAY modellarini ishlab chiqish yo‘lga qo‘yildi. Tez orada ular safiga Largus ham qo‘shiladi.
20 sentabrdan boshlab O‘zbekistonda bolalarni poliomelitga qarshi ommaviy emlash boshlandi. Bu Tojikiston va Afg‘oniston poliomelit holatlari aniqlanganligi bilan bog‘liq. Mamlakat hududlariga 1,2 million doza vaksinalar yetkazib berildi.
Jizzax viloyatidagi tuman prokurori jinoyat ishiga aloqador shaxsni kamoqqa olmaslik uchun 2 ming dollar so‘ragan. Samarqand viloyatidagi tuman prokurorlaridan birining o‘rinbosari sudlanuvchiga tayinlangan jazoni og‘irroq jazo turiga o‘zgartirishga harakat qilib, birinchi yengilroq jazoni o‘z kuchida qoldirish uchun 10 ming dollar talab qilgan. DXX boshqa shunga o‘xshash korrupsiya holatlari haqida ham xabar berdi.
O‘zbekiston tarixida ilk bor Buxoro neftni qayta ishlash zavodi tomonidan AI-98 markali benzin ishlab chiqarildi. 380 tonna hajmdagi benzinning fizik-kimyoviy xususiyatlari standartga binoan muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazilgan.
Shavkat Mirziyoyev saylovchilar bilan uchrashish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasiga jo‘nab ketdi.
O‘zbekistonda kelajakda buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyotini yiliga 250 taga yetkazish, jigar transplantatsiyasini esa 50 taga yetkazish rejalashtirilgan, ma’lum qildi Senat matbuot xizmati. Shuningdek, yurak transplantatsiyasini joriy etish va yiliga 50 ta amaliyot hamda o‘pka transplantatsiyasini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilmoqda.
Kecha kun davomida O‘zbekistonda 529 kishida koronavirus infeksiya qayd etildi. 5 nafar COVID-19 bemori vafot etdi. Shuningdek, dushanba kuni 84 kishida pnevmoniya qayd etildi, 2 nafar pnevmoniya bemori vafot etdi.
Qozog‘istonning Olmaota shahrida bir fuqaro xususiy uylardan birida ko‘chirish to‘g‘risidagi sud qarori ijrosi paytida sud ijrochilariga, politsiya xodimlariga o‘q uzgan. Otishma oqibatida besh kishi vafot etgan.
Rossiya Davlat dumasiga o‘tkazilgan saylovlar yakunlari bo‘yicha “Yedinaya Rossiya”, KPRF, LDPR, “Spravedlivaya Rossiya” va “Noviye lyudi” yetakchi bo‘ldi. To‘qqizta ma’muriy birlikda ham hudud rahbarligiga saylovlar bo‘lib o‘tdi, aksariyat saylangan gubernatorlar hukmron partiya vakillari hisoblanadi.
Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting