Turkmanistonda navbatdan tashqari prezident saylovlari 12 mart kuni bo‘lib o‘tadi. Mamlakat prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedov Xalq Maslahati yig‘ilishida nutq so‘zlab, davlat boshqaruvi yosh rahbarlarga berilishi kerakligini ta’kidladi. Uning o‘zi esa Xalq Maslahati raisi sifatida faoliyatini davom ettirmoqchi.
Poytaxtdagi 21-sonli mehribonlik uyida bolaga jismoniy tazyiq o‘tkazganlikda gumon qilingan tarbiyachi o‘z arizasiga muvofiq ishdan bo‘shatildi. Jabrlanuvchining o‘ng qo‘l tirsagi, chap yelkasi va o‘ng oyog‘ining son qismida ko‘kargan yaralar aniqlandi. Mehribonlik uyi shifokori unga ko‘rsatgan yordamini bemorlar jurnaliga kiritmagani ham ma’lum bo‘ldi. Yunusobod tuman prokuraturasi tekshiruv o‘tkazmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Xolmirza Niyozov shanba kuni soat 7:00 da tuman hokimlari, boshqarma va tashkilot rahbarlarini yig‘ilishga chaqirgani aks etgan xat tarqaldi. Mehnat vazirligining Davlat mehnat inspeksiyasi boshlig‘i Qudratullo Odinayev soat 7:10 da hokimlikka borib, majlis o‘tkazilayotganini aniqladi. «Biroq, yig‘ilganlar vazirlik vakillarini ko‘rishi bilan majlisdan chiqib ketgan», — deyiladi xabarda.
Qoraqalpog‘iston va Xorazmda tajriba-sinov tariqasida keytring usulida maktablarning boshlang‘ich (1−4) sinf o‘quvchilariga bepul ovqat yetkazib berilmoqda. 2022 yil uchun mahalliy budjetdan 200 mlrd so‘m ajratilgan. O‘quvchilar 470−500 kkaloriyaga ega ovqat, tabiiy sok va mevalar bilan ta’minlanadi.
“Bashorat qiluvchi” pechenyelar, “yurakchali odamchalar”, qaynatilgan kremli, yurakchasimon va “qoplon” pechenyelar — Zira.uz bayram arafasida shirin sovg‘alar to‘plamini taqdim etadi.
Yo‘l harakati xavfsizligi sohasidagi muammolar bilan shaxsan o‘zi shug‘ullanishini aytgan Shavkat Mirziyoyev, maktab va bog‘chalar oldida tezlik 30 km/soatdan oshmasligi, Andijondagi tibbiyot markazidagi portlash tafsilotlari, Demokratiya indeksi reytingida 150-o‘rinni egallagan O‘zbekiston, mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisiga zo‘ravonlik qilgan hodim, yo‘l belgilarini ishlab chiqarishda «O‘zavtoyo‘lbelgi»ning monopoliyasi tugatilishi va boshqalar — «Gazeta.uz» ning 11 fevraldagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Juma kuni Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston bosh vaziri Alixan Smailovni qabul qildi. Uchrashuvda tovar ayirboshlash hajmini orttirish va uning ko‘rsatkichlari muvozanatli bo‘lishiga erishish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, yangi sanoat kooperatsiyasi va logistika markazlarini tashkil etish kabi masalalar muhokama qilindi.
Dam olish kunlari havo sovib, O‘zbekiston bo‘ylab qor va yomg‘ir yog‘ishi kuzatiladi. Yangi hafta boshida esa mamlakat hududiga janubiy Ural hududlaridan nam va salqin havo massasi kirib kelishi kutilmoqda, kechalari havo harorati -7 darajagacha pasayishi kutilmoqda.
Prezident transport serqatnov bo‘lgan 2000 dan ortiq chorraha va 9500 ta piyoda o‘tish joylari svetofor yoki boshqa vositalar bilan jihozlanmaganini tanqid qildi. Yo‘l belgilari bilan bog‘liq muammoni bartaraf etish uchun «O‘zavtoyo‘lbelgi» monopoliyasi tugatiladi. Svetofor, yoritgichlar o‘rnatish, yo‘l belgilari hamda chiziqlarini chizish, piyoda o‘tish joylarini belgilashga mas’ul korxonalar hokimliklardan YXHXlarga o‘tkaziladi.
«Xalq banki» ning Andijon viloyati Amaliyot bo‘limining 13 nafar xodimi jami 4,6 mlrd so‘mni o‘zlashtirganlikda gumon qilinmoqda. Ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 11 nafari hibsga olingan, 2 nafariga esa garov ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
AQShning Project CURE xayriya tashkiloti Orolbo‘yi mintaqasiga 3 mln dollarlik gumanitar yuklarni yubordi. Umumiy hajmi qariyb 7 tonnani tashkil etgan tibbiy jihozlar rentgen skanerlari, laboratoriya asboblari, kislorod ballonlari va boshqa tibbiy qurilmalardan tashkil topgan.
Bosh prokuratura Andijon viloyati Shahrixon tumanidagi tibbiyot markazida yuz bergan portlash holati yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi. Ayni vaqtda hodisa oqibatida jabrlanganlar soni 11 nafarni tashkil etmoqda.
Shavkat Mirziyoyev yo‘l harakati xavfsizligiga bag‘ishlangan yig‘ilishda inspektorlarga bo‘ysunmaslik, ularga qarshilik ko‘rsatish, haqoratlash holatlari so‘nggi vaqtlarda ortib borayotgani masalasiga e’tibor qaratdi. Davlat rahbari qonunlarni ko‘rib chiqishda, bu masalaga ham alohida e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi.
Bo‘stonliqdagi «Yoshlik» bolalar oromgohi negizida «Renessans» sog‘lomlashtirish oromgohi tashkil etiladi. Oromgoh Prezident ta’lim muassasalari agentligi tasarrufiga o‘tkaziladi. Unda iqtidorli bolalar hamda agentlik tizimidagi xodimlar dam oladi va o‘qitiladi.
DXX Farg‘ona viloyatida xalqaro terroristik tashkilotlar va diniy ekstremistik oqimlar rahnamolarining «jihod» ga chorlovchi ma’ruzalarini yuklab olib, tanishlariga tarqatganlikda gumon qilingan 24 yoshli fuqaroni qo‘lga oldi. Din ishlari bo‘yicha qo‘mita uning telefonidagi materiallarni aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilganini tasdiqladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha Respublika komissiyasi tashkil etilishini ma’lum qildi. Unga bosh vazir Abdulla Aripov rahbarlik qiladi, uning o‘rinbosari ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov bo‘ladi. Hududiy komissiyalarga esa hokimlar rahbar etib tayinlanadi. Komissiyalar yo‘llar holati va mavjud infratuzilma hamda avariya o‘choqlarini o‘rganadi.
Toshkent shahridagi maktab va bog‘chalar oldida avtomobil harakatining maksimal tezligi 30 km/soatdan oshmaydi. Bu haqda prezident videoselektorda ma’lum qildi. Qolaversa, ayrim gavjum ko‘chalarda esa hozirgi 70 km soatdan 60 kmgacha tushirish zarurati borligi ta’kidlandi.
Toshkent shahridagi 21-sonli mehribonlik uyidagi bolaga tarbiyachi tomonidan jismoniy tazyiq qilib kelinayotganligi aniqlandi. Bolalar ombudsmani holat bo‘yicha Bosh prokuraturaga murojaat qilgan va tarbiyachini vaqtinchalik ishdan chetlatish uchun XTVga xat kiritgan.
Prezident Toshkent shahrining 602 ta chorrahasidan 111 tasidagina raqamli boshqaruv mavjudligi, boshqa shaharlarda esa bunday tizim umuman yo‘qligini tanqid qildi. Shundan kelib chiqib, Toshkentda yo‘l harakatini raqamli boshqarish tizimi to‘liq poytaxt hokimiyati tasarrufiga o‘tkazilishi aytildi.
FVVning aniqlik kiritishicha, Andijon viloyati Shahrixon tumanida tibbiyot markazida ro‘y bergan portlash oqibatida bir nafar fuqaro voqea joyida vafot etgan, to‘rt nafar fuqaro turli darajada tan jarohati olib, tuman shifoxonasiga joylashtirilgan.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting