Yanvar oyida so‘mning real samarali almashuv kursi indeksi 2021 yil dekabr oyiga nisbatan 0,8 foizga mustahkamlandi. Bu ko‘rsatkich 2021 yilning mos davriga nisbatan 5,4 foizga, 2018 yilning iyuniga nisbatan 6,3 foizga o‘sgan. So‘m kursining o‘sishiga savdo-hamkor davlatlar valyuta kurslarining qadrsizlanishi sabab bo‘lgan.
2021 yilda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish va vaksina sotib olish uchun davlat budjetidan jami 4,2 trln so‘m mablag‘ ajratilgan. SSV 2021 yilning birinchi yarim yilligidagi mablag‘lar nimaga sarflanganini ochiqlamagan. Vazirlar Mahkamasi va Moliya vazirligi hisobotlarida ham bu ma’lumotlar o‘z aksini topmagan. Shundan kelib chiqib, Qonunchilik palatasi sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayevga parlament so‘rovi yubordi.
YeXHT bosh kotibi Helga Shmid mart oyida O‘zbekistonga tashrif buyurishi kutilmoqda. 3−4 mart kunlari Toshkent shahrida BMTning Markaziy Osiyoda terrorizmga qarshi global strategiyasi birgalikda amalga oshirilishining 10 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tadi.
Dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 16,24 so‘mga ko‘tarilib, 10 851,24 so‘mni tashkil qildi. Shuningdek, yevro va rubl kurslari ham ko‘tarildi.
Shavkat Mirziyoyev Samarqanddagi 59-son ko‘zi ojizlar maktab-internatining to‘rt o‘quvchisi OTMlarga imtihonsiz qabul qilinishini ta’kidladi. O‘qituvchilar nogironligi bo‘lgan shaxslarning pensiyasini qayta hisoblash muddatini yoshartirish hamda 2009 yildan buyon yangilanmayotgan brayl yozuvidagi ayrim o‘quv darsliklarini qayta ishlash zarurligini aytdi. Prezident esa ushbu masalalar hal etilishini ma’lum qildi.
Samarqandga tashrifi chog‘ida Shavkat Mirziyoyev an’anaga ko‘ra, Imom Buxoriy va Islom Karimov qabrini ziyorat qildi. Unga muftiy Nuriddin Xoliqnazarov hamda viloyat hokimi Erkinjon Turdimov hamrohlik qildi. Qolaversa, davlat rahbari Imom Buxoriy majmuasi qurilishi bilan ham tanishdi. Bu yerda qariyb 10 ming kishilik masjid, 4ta minora, ayvonlar, yerostida galereyasi barpo etilmoqda.
Toshkentda ko‘p qavatli uylarning aksariyati — 632 tasi 1966 yil — kuchli zilzila sodir bo‘lgan yilda qurilgan. Uylarning aksariyati ikki qavatli, ko‘pi yog‘ochdan qurilgan. Keyingi cho‘qqi 2019 yilga to‘g‘ri keldi — shaharda 463 ta uy paydo bo‘ldi, ular asosan yetti qavatli bo‘lib, g‘ishtdan qurilgan. Hokimlikning Raqamli rivojlanish departamenti shahardagi 100 yillik qurilishlarga oid ma’lumotlarni taqdim etdi.
O‘zgidromet 11−12 fevral kunlari O‘zbekistonning aksariyat hududlarida shamol sekundiga 17−22 metrgacha kuchayib, ayrim joylarda chang-to‘zon kuzatilishini ma’lum qildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkentga tramvay qaytarilishini ma’lum qildi. Davlat rahbari tramvay bo‘yicha fuqarolardan ko‘plab xatlar va murojaatlar kelayotganligini ta’kidlagan.
Prezident Toshkentda avtomobil harakati tezligi 60 km/soatgacha pasaytirilishi kutilayotganini ma’lum qildi.
Rossiya hukumatining migrantlarni ishga jalb qilish bo‘yicha pilot loyihasiga ko‘ra, mamlakatdagi qishloq xo‘jaligi ishlariga 1108 nafar o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari jalb qilinadi.
O‘simlik yog‘i, kungaboqar, soya danagi va zig‘ir urug‘ini olib kirish, o‘simlik yog‘ini ishlab chiqarish va realizatsiya qilish bo‘yicha QQS imtiyozlari 30 aprelga qadar uzaytirildi. Bunga qadar imtiyoz muddati 2021 yilning 1 mayidan 31 dekabrigacha amalga qilgandi.
Qonunchilikka kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, endi o‘quvchilar va talabalar o‘qishi davomida 23 yoshgacha boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasini olishi mumkin (ilgari 18 yoshgacha bo‘lgan). Qolaversa, bolani parvarishlash ta’tilining ish stajiga qo‘shiladigan davri 6 yil etib belgilandi (ilgari 3 yil edi).
Yangi tahrirdagi «Reklama to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq, dori vositalarini taniqli shaxslar va tibbiyot xodimlari reklama qilishi, qolaversa, olimlarning tavsiyalari, alohida shaxslarning minnatdorchiligi, dori ta’siri haqida fikrlaridan foydalanish taqiqlanishi kutilmoqda. Shuningdek, telekanallarda 10 daqiqadan kam bo‘lgan ko‘rsatuvlar orasida reklama berishga yo‘l qo‘yilmasligi mumkin. Hujjat senatorlar tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.
Toshkentdagi eski shaharda joylangan «Matkarimboy» madrasasi va «Hast Imom» mahallasidagi sobiq bolalar bog‘chasi binosida art-rezidensiyalar tashkil etiladi. Loyihani Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi Alisher Usmonov nomidagi jamg‘arma ko‘magida amalga oshirmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev hududlar rivoji bilan yaqindan tanishish maqsadida Samarqand viloyatiga jo‘nab ketdi. Tashrif doirasida yangi inshootlar qurilishi bilan tanishish rejalashtirilgan.
Chorshanba kuni O‘zbekistonda koronavirusning kunlik holati 11 yanvardan beri ilk bor 700 tadan kamaydi — bir sutkada 692 kishining PZR-testi musbat natijani ko‘rsatdi. Qolaversa, 114 kishida pnevmoniya aniqlandi.
Chinoz tumani hokimining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari qo‘shni tumanda joylashgan fermerga qarashli sug‘oriladigan 35 gektar yerni hokimlikda ishlaydigan tanishlari orqali 90 ming dollar evaziga rasmiylashtirib bermoqchi bo‘lganligi aytilmoqda. Shundan 40 ming dollarni olgan vaqtida ushlangan. Unga nisbatan JKning 229−6-moddasi bilan ish qo‘zg‘atildi.
Qarshi davlat universitetida 38 tup daraxt noqonuniy kesilganini ortidan muassasaning 6 nafar xodimiga nisbatan daraxtlarni qonunga xilof ravishda kesish moddasi bilan ma’muriy ish qo‘zg‘atildi. Ular tabiatga 285 mln so‘m miqdorida zarar yetkazgani aytilmoqda.
Qashqadaryoda tuman markaziy poliklinikasi bosh shifokori tibbiyot birlashmasiga qarashli avtoturargoh hududidan 20 sotix yer ajratish evaziga 2000 dollar so‘raganlikda gumon qilinmoqda. U shundan 500 dollar va 10 mln so‘mni o‘z xizmat xonasida olayotganda ushlangan. Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting