Tadbirkor Murod Nazarov Ocard suv brendi Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning qiziga tegishli ekanini ma’lum qildi. Ocard savdo belgisi patenti J-United Group korxonasiga tegishli. Bu kompaniya ta’sischisi esa Toshkent shahar hokimi Jaxongir Ortiqxo‘jayev hisoblanadi.
Prezident qarori bilan 1-apreldan moliyaviy nazoratga oid qoidabuzarliklar haqida xabar bergan shaxslar mukofotlanadi. Qolaversa, 2023 yil qadar “Elektron nazoratchi-taftishchi” dasturiy majmuasi to‘liq ishga tushiriladi. Moliya vazirligi huzurida esa Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi tashkil etildi.
UNICEF O‘zbekiston hukumatiga vaksinalarni saqlash omborlari uchun 500 ming dollardan ko‘proq qiymatdagi 118 muzlatgich, 7 ming dona termosumka va tibbiyot xodimlari uchun shaxsiy himoya vositalarini topshirdi (foto).
Heritage Foundation tomonidan e’lon qilingan “Iqtisodiy erkinlik indeksi — 2022” reytingida O‘zbekiston 55,7 ball to‘plagan holda 177 davlat orasida 117-o‘rinni egalladi. Indeks metodologiyasiga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyoti asosan “erkin bo‘lmagan mamlakatlar” guruhida qoldi. Bundan tashqari, 119 davlatda (67,2 foizida) pasayish kuzatildi.
Qibray tumanidagi 29-maktabda o‘quvchi qizlar sovuq havo bo‘lishiga qaramay, yupun kiyimda mehmonlarni kutib olishga chiqarildi. Toshkent viloyat XTB tadbir maktab tomonidan emas, balki «Oltin meros» xayriya fondi va «Yangi yo‘l» mahallasi tomonidan o‘tkazilganini ma’lum qildi. Mazkur holatga yo‘l qo‘ygan maktab rahbariyatiga esa chora ko‘rilishi aytildi.
Dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 6,86 so‘mga pasayib, 10 837,16 so‘mga teng bo‘ldi. Shuningdek, yevro va rubl kurslari ko‘tarildi.
Toshkent davlat texnika universitetidagi qurilishda ishlagan yollanma ishchi maoshini ololmaganligi sababli o‘zini beshinchi qavatdan tashlashga urindi. Hodisa joyiga yetib borgan Olmazor IIB FMB boshlig‘i muzokara o‘tkazib, 40 yoshdan oshgan fuqaroni pastga tushirishga erishdi. Oliy ta’lim vazirligi ishchiga qurilish tashkiloti maoshini to‘lab berganini qo‘shimcha qildi (yangilandi).
2022 yil yanvar oyida 113,2 ming dona (2021 yanvariga nisbatan 126,4% ko‘p) avtotransport vositalari davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bunday o‘sishga 1 yanvardan avtomobillarni sotib olganlik uchun yig‘imning to‘liq bekor qilinishi va oldi-sotdi shartnomasini notarial rasmiylashtirishda undiriladigan davlat boji BHMning 3 barobarigacha kamaytirilishi sabab bo‘lgan.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakat xalqiga murojaati chog‘ida 16-fevralni “Birlik kuni” deb e’lon qildi. Shu kuni butun mamlakat bo‘ylab Ukraina bayrog‘i ko‘tariladi, 10:00 da davlat madhiyasi ijro etiladi. Aholi xavfsizlik holati haqida maxsus onlayn-platforma orqali xabardor etib boriladi.
Rossiyada qolib ketgan o‘zbekistonliklarni mamlakatga olib kelish uchun 2 ta maxsus poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Poyezdlar 18 va 25 fevral kunlari Voljskiy shahridan yo‘lga chiqadi.
Ahmad Donish va Farg‘ona yo‘li ko‘chalarini tezyurar shosselarga aylantirgan Toshkent hokimligi yana bir markaziy ko‘cha — Alisher Navoiy ko‘chasiga ham qo‘l uzatdi. Ishlar yana ogohlantirishsiz boshlab yuborildi. Reja prezidentning shahar birinchi navbatda piyodalar uchun qulay bo‘lishi kerakligi haqidagi bayonotiga zid kelmoqda. «Gazeta.uz» nashrining davlat rahbariga murojaati.
Bojxona xodimlari tomonidan Toshkent viloyatidagi «Oybek» postida to‘xtatilgan yuk mashinasida 229,7 kg «geroin» giyohvandlik vositasi aniqlandi. Ushbu narkotik vositalarning Yevropa «qora bozorlari»dagi narxi hozirda o‘rtacha 12−14 mln dollarni tashkil etadi.
Poytaxtning Shayxontohur tumanida joylashgan «Anhor-Lokomotiv» ko‘ngilochar va dam olish bog‘i ochiq auksionda sotuvga qo‘yildi. 8,35 gektar maydonga ega bog‘ning boshlang‘ich narxi 376,4 mlrd so‘mga baholangan.
Farg‘ona viloyati Transport boshqarmasi xodimi tadbirkorga Farg‘ona shahridagi 30-avtomobil yo‘nalishini 1 500 dollar evaziga 3 yilga biriktirib berishni va’da qilgan. Shundan 1 000 dollarini olgan vaqtida tezkor tadbir davomida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hukumat yer uchastkalarini xususiylashtirish bo‘ycha reglamentni tasdiqladi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolari va yuridik shaxslariga yer uchastkalarini xususiylashtirish bo‘yicha davlat xizmatlari DXM yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatiladi.
Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanidagi 23-sonli maktab hududida noqonuniy ravishda 7 tup qayrag‘och daraxti kesilganligi aniqlandi. Huquqbuzarlar 2,7 mln so‘m jarimaga tortildi, qolaversa, 592 ming so‘mlik zarar ham qo‘llanildi.
2020 yil oktabridan Namangan viloyati prokurori lavozimida ishlab kelgan Jahongir Hatamov Samarqand viloyati prokurori etib tayinlandi.
Toshkentning Mirobod tumanida pnevmatik miltiq yordamida mushuk va itlarni ovlab kelgan erkakka MJTKning hayvonlarga shafqatsiz munosabatda bo‘lish va qurollardan noqonuniy foydalanish moddalari bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. U 15 sutkaga ma’muriy qamoqqa olindi.
3 fevral kuni poytaxtning Yunusobod tumanida tadbirkor qurilish uchun sotib olgan yer uchastkasida o‘sayotgan daraxtlarni tag qismidan betonlab tashlagandi. Yunusobod tuman prokuraturasi ushbu holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. Gumonlanuvchilar maksimum 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.
Farg‘ona vodiysida metan zapravkalar 15 fevral soat 13:00 dan 16 fevral 06:00 ga qadar o‘z faoliyatini vaqtinchalik to‘xtatadi. «O‘ztransgaz» kompaniyasi bundan maqsad sovuq ob-havo sharoitida aholi, iste’molchilar va ijtimoiy soha obyektlari, strategik ahamiyatga ega korxonalarni barqaror tabiiy gaz bilan ta’minlash ekanligini ta’kidlagan.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting