«Toshkentshahargaz» korxonasining sobiq xodimi oilaviy korxonani gaz tarmog‘iga ulash uchun hujjatlarni tayyorlab berish evaziga 16,5 million so‘m olayotgan vaqtida qo‘lga olindi.
Jaloliddin Usmonov Xalqaro press-klubning yangi raisi etib saylandi. Bungacha press klub raisi bo‘lgan Sherzodxon Qudratxo‘ja esa Firdavs Abduholiqovning o‘rniga O‘zEOAVMA boshqaruv raisi etib tayinlangandi.
Antimonopoliya qo‘mitasi samarqandlik tadbirkor 100 tonna chigit mahsulotini Qashqadaryodan olib chiqib keta olmagan holatni o‘rganib, o‘z munosabatini bildirdi. Ta’kidlanishicha, Qashqadaryo viloyati hokimligi va viloyat IIB tomonidan «Raqobat to‘g‘risida» gi qonunning 12-moddasi talablari buzilgan. Qo‘mita tadbirkor zarar ko‘rgan holatda viloyat hokimligi va IIB ustidan sudga murojaat qilishi mumkinligini eslatib o‘tdi.
Markaziy bank O‘zbekiston milliy valyutasi — so‘m ramzini yaratish bo‘yicha tanlov e’lon qildi. Tanlovda milliy valyutaning xalqaro miqyosda o‘ziga xosligi va xalqning madaniy qadriyatlarini ifodalovchi eng yaxshi grafik ishlar aniqlanadi. G‘oyalar 31 martga qadar qabul qilinadi.
Markaziy bank tijorat banklarining moliyaviy xizmatlari haqida axborot beruvchi www.bankxizmatlari.uz portalini ishga tushirdi. Veb-sayt orqali jismoniy shaxslar o‘zlari uchun taklif etilayotgan kreditlar, omonatlar, valyutalarni ayirboshlash, xalqaro pul o‘tkazmalari va boshqa xizmatlarni izlashi, ular haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘lishlari mumkin.
UNICEF va Kiberxavfsizlik markazi Xavfsiz internet milliy markazini tashkil etishni rejalashtirmoqda. Ushbu onlayn-platformada internetdagi zo‘ravonlikdan himoyalanish haqida ma’lumotlar e’lon qilinadi, bolalar va ota-onalarga maslahat yoki ko‘mak bera oladigan operator faoliyat yuritadi.
2021 yil 6 dekabr kuni Nur-Sultonda imzolangan O‘zbekiston va Qozog‘iston hukumatlari o‘rtasida energiya resurslarini bojxona chegarasidan quvur transportida va elektr uzatish liniyalari orqali olib o‘tishni birgalikda bojxona nazoratidan o‘tkazish to‘g‘risidagi bitimni tasdiqlash kutilmoqda. Tegishli prezident qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
2022-yilda ishga tushirilishi rejalashtirilayotgan gidroenergetika loyihalarining umumiy quvvati 173 MVtni tashkil etishi kutilmoqda. Xususan, Samarqand viloyatida 3 ta yangi GES quriladi, respublikadagi yana 4 ta GES modernizatsiya qilinadi.
O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov hamda amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyevni haqorat qilishda ayblangan bloger, Sobirjon Boboniyozov 3 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. U Telegram`dagi guruhlardan birida davlat rahbarlarini haqoratlovchi video e’lon qilganligi aytildi. Bloger ushbu harakatlarini mast holatda takroran sodir etgan.
Adliya vaziri Ruslanbek Davletov Respublika maxsus komissiyasining faoliyati qonun bilan tartibga solinganini aytdi. Qolaversa, uning qarorlari nima sababdan e’lon qilinmasligiga izoh berdi. «Komissiya qarorlarida yozilgan hamma narsani berib bo‘lmasdi. Eng asosiysi komissiyadagi qoidalar vaqtida yetkazib turildi», — dedi u. Bloger Otabek Bakirov esa «maxsus komissiya tugatilishi va qonunchilikka qaytilishi» kerakligini aytmoqda.
Aleksandr Lukashenkoning O‘zbekiston Ittifoq davlatiga qo‘shilishi mumkinligi bo‘yicha fikriga o‘zbekistonlik siyosatchilar va jamoatchilik faollari munosabat bildirdi. «Yuksalish» harakati raisi Bobur Bekmurodov bu «fantaziyalarni jiddiy qabul qilmaslikni» ta’kidlagan. Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev Lukashenko va Solovyovni «o‘tgan-ketganni muhokama qiladigan, hammaning shaxsiy hayotiga burnini tiqadigan kampirlarga» o‘xshatgan. Adliya vaziri maslahatchisi Shahnoza Soatova Tashqi ishlar vazirligidan bu bayonotga munosabat bildirishini so‘ragan.
O‘zbekistonda 12 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarning jami 280 140 nafari koronavirusga qarshi to‘liq vaksina kursini olgan. Bu umumiy emlanishlarning 5 foizini tashkil qiladi.
Adliya vaziri uch marta suiqasd uyushtirilgan Yunusoboddagi daraxtlar muammosi yuzasidan fikr bildirib, moratoriyga barcha amal qilishi shartligini aytdi. «Yunusoboddagi daraxtlar kesilmaydi, tamom… Siz uni qaysi maqsadda olgan bo‘lsangiz ham tegina olmaysiz. Tegsangiz siz jinoyat qilgan bo‘lasiz», — dedi Ruslanbek Davletov. Bunga Davlat ekologiya qo‘mitasi mas’ulligi, qolaversa, prokuratura organlari ham nazorat o‘rnatishi lozimligi qo‘shimcha qilindi.
Dushanba kuni O‘zbekistonda 773 nafar kishida koronavirus aniqlandi. Bu avvalgi kunga nisbatan 59 nafarga kam. Pnevmoniyaga chalinganlar soni ham kamaymoqda. Virus qurbonlari esa kecha yana 2 nafarga ortdi.
7 fevraldan an’anaviy ta’lim bosqichma-bosqich boshlangach, hududlardan poytaxtga 36 738 nafar talaba yetib keldi. Ularning qariyb yarmi ijara uylariga, 27 foizi talabalar yotoqxonasiga, 23 foizi esa yaqin qarindoshlarinikiga joylashgan.
Aleksandr Lukashenko O‘zbekiston va sobiq ittifoq hududidagi ayrim davlatlar 15 yildan so‘ng Rossiya va Belarusni o‘z ichiga olgan Ittifoq davlati tarkibiga kirishi mumkinligini taxmin qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu «mustaqil emas, balki suveren davlatlar» birlashmasi bo‘ladi.
2021 yilda ichki ishlar organlarining 89 nafar xodimi 119 ta korrupsiyaviy jinoyat sodir etgan. Bu 2020 yilga nisbatan 2 barobarga ko‘p. Ularning aksariyati hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish va pora «oldi-berdi"si bilan bog‘liq.
Sirdaryo viloyatining Boyovut tumani va Shirin shahrida tajriba tariqasida hokimning xalq deputatlari kengashi raisi maqomi bekor qilinmoqda. «30 ta deputat ichidan kengash raisi saylanadi. U meni boshqaradida endi… Bir umrlik orzuyim shu», — dedi Boyovut hokimi Dilfuza Uralova. Uning so‘zlariga ko‘ra, doimiy ishlovchi deputat va senatorlar faoliyat yo‘lga qo‘yiladi, ularga oylik maosh to‘lanadi. Endi hokim o‘ziga emas, balki kengash oldida hisobot beradi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Yuqorichirchiq tumanlararo sudi sudyasi pora olganlikda gumonlanmoqda. U sherigi bilan yer bilan bog‘liq nizoni ijobiy hal qilish uchun 3 ming dollar olgan vaqtida qo‘lga olingan. Sudyalar oliy kengashi uni javobgarlikka tortishga rozilik berdi.
Yunusobod tumani prokurori lavozimida ishlab kelgan Xabibulla Mirsoatov Toshkent shahar prokurori o‘rinbosari bo‘ldi. U Kasaba uyushmalari federatsiyasi rahbari Qudratilla Rafiqovning o‘g‘li.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting