Buyuk Britaniya 10 yanvardan O‘zbekistonning koronavirusga qarshi emlanganlik to‘g‘risidagi sertifikatlarini rasman tan olishni boshlaydi. Endilikda vaksina olgan o‘zbekistonliklar Angliyaga kirish uchun PZR testini taqdim etishlari shart bo‘lmaydi.
Oliy sud 6 ta jinoyat ishi bo‘yicha surgun qilingan, otilgan va mol-mulki musodara qilingan 120 nafar qatag‘on qurbonlari nomini oqladi.
1 yanvardan Navoiy kon-metallurgiya kombinati uchtaga — aksiyadorlik jamiyati va ikkita davlat korxonasiga bo‘lindi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2 kun davom etgan mehnat ta’tilidan qaytib, odatdagi tartibda ishlashga kirishdi. O‘tgan yili davlat rahbari 7 kun davomida mehnat ta’tilida bo‘lgandi.
O‘zbekiston COVID-19 pandemiyasi boshidan beri to‘xtatilgan Rossiyaga tabiiy gaz eksportini qayta tiklashni reja qilmayapti. Hozircha gaz Xitoyga yetkazib berilmoqda. Avvalroq, 2025 yilga borib tabiiy gaz eksporti to‘liq to‘xtatilishi ma’lum qilingandi.
Qozog‘iston prezidenti bilan muloqot qilgan Shavkat Mirziyoyev, OTM, kollej va litsey talabalari uchun uzaytirilgan qishki ta’til, chigit ishi sabab Qashqadaryo hokimligini ogohlantirgan Biznes-ombudsman, Qozog‘istondagi o‘zbekistonliklarni ogohlikka chaqirgan TIV, Navoiyda qum bosib qolgan 5 nafar buxorolik oltin qazuvchi, YPX ko‘z oldida uchta yo‘l qoidasini buzgan Qashqadaryo hokimligi haydovchisi va boshqa xabarlar — «Gazeta.uz» ning 6 yanvardagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Hukumat oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash maqsadida 1 aprelga qadar tovuq tuxumi eksportiga taqiq o‘rnatdi. Ayrim tadbirkorlar ishlab chiqarish hajmini qisqartirishga, ayrimlari esa mahsulotni tannarxida sotishiga to‘g‘ri kelmoqda. Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi O‘zbekistonda tuxum eksportiga taqiq joriy qilinmaganini ta’kidlamoqda.
O‘zbekiston va Turkiya prezidentlari telefon orqali muloqotda Qozog‘istondagi vaziyatni tinch yo‘l bilan tartibga solishga chaqirib, zo‘ravonlik va keskinlashuvning oldini olish muhimligini ta’kidladilar.
Prezident qarori bilan besh turdagi tovarlar, jumladan, go‘sht, yog‘, un, sovun va boshqalarni olib kirish uchun bojxona to‘lovlari stavkalari bekor qilindi. Hozirda ushbu tovarlar uchun stavkalar 5% dan 20% gachani tashkil etadi.
Qarshi shahrida sport ustasi Elbek Rahimovning o‘ldirib ketilganiga oid jinoyat ishini sudda ko‘rish boshlandi. Jami 26 kishi — qasddan odam o‘ldirish, qasddan badanga o‘rtacha og‘ir va yengil tan jarohatlari yetkazish, voyaga yetmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish, odam o‘g‘irlash, pora olish va berish, aybsiz kishini javobgarlikka tortish, yolg‘on guvohlik berish, jinoyatni hisobga olishdan qasddan yashirish, bezorilik moddalari bilan sudlanmoqda.
Uzbekistan Airways kompaniyasi 8−13 yanvar kunlari Qozog‘iston shaharlariga uchishi rejalashtirilgan reyslarni bekor qildi.
O‘zbekistonda «fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlarini himoya qilish» maqsadida milliy ijtimoiy tarmoq va messenjerlar tashkil etilishi rejalashtirilmoqda. 2018 yil dekabrida prezident qarori bilan «kriptografik himoyalangan birinchi milliy UzChat messenjeri»ni joriy etish belgilangan edi.
2022 yilda hunarmandchilik loyihalarini moliyalashtirishga 500 mlrd so‘m yo‘naltiriladi. Shundan kelib chiqib, hunarmandlarga oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida 6 oygacha imtiyozli davr bilan 225 mln so‘mgacha kredit beriladi. Ular mablag‘larni naqd pul ko‘rinishida olishi ham mumkin.
XTVning “Gazeta.uz"ga aniqlik kiritishicha, maktablarda qishki ta’til odatdagidek davom etadi, 11 yanvardan uchinchi chorak boshlanadi. Qishki ta’til uzaytirilishi faqat oliy va professional ta’lim muassasalari, akademik litsey talaba-o‘quvchilariga taalluqli.
Qozog‘istondagi namoyishlar va tartibsizliklar fonida bitkoin narxi 43 ming dollardan tushib ketdi. Qozog‘iston bitkoin mayningi bo‘yicha dunyoda AQShdan keyin ikkinchi o‘rinda turadi, mamlakat 18% kriptovalyuta mayningini ta’minlaydi. Hozirda mamlakatdagi maynerlar ishida cheklovlar kuzatilmoqda.
Biznes-ombudsman Qashqadaryodan samarqandlik tadbirkorning 100 tonna chigit mahsuloti chiqarilmayotgani holati yuzasidan viloyat hokimligini «tadbirkorlarning huquqlariga rioya etilishiga doir qonun hujjatlarining buzilishiga yo‘l qo‘yilgan taqdirda tegishli chora ko‘rish bo‘yicha ogohlantirdi». Kompaniya vakili hujjatlarida muammo yo‘qligiga va chigit og‘zaki topshiriq bilan ushlab turilganiga ishontirmoqda.
O‘zbekiston va Tojikiston prezidentlari telefon orqali muloqotda Qozog‘istondagi vaziyatni muhokama qilishdi hamda tomonlarni vazminlikka va vujudga kelgan masalalarni tinch yo‘l bilan hal qilishga chaqirishdi.
Konimex tumanida noqonuniy tarzda oltin qazib olayotgan 5 nafar buxorolik qum bosib qolishi oqibatida vafot etgan. Ta’kidlanishicha, ular qum ostida 10 kundan ko‘proq qolib ketishgan.
OTM, kollej va akademik litsey talaba-o‘quvchilari uchun qishqi ta’til 24 yanvargacha uzaytirildi. Avia va temir yo‘l chiptalariga 50 foizlik chegirma muddati ham uzaytiriladi, xarid qilingan chiptalar esa bepul tarzda boshqa sanaga almashtirib beriladi.
O‘zbekiston TIV Qozog‘istonning Nur-Sultondagi elchixona, Olma-ota va Aqtaudagi Bosh konsulxonalar odatdagi tartibda faoliyat yuritayotgani hamda o‘zbekistonliklar, shu jumladan, talabalar bilan doimiy muloqot o‘rnatilganini ma’lum qildi. Qo‘shni davlatdagi vatandoshlardan joriy etilgan cheklovlarga amal qilish so‘raldi. Nur-Sulton, Olmaota va Aktaudagi diplomatik vakolatxonalarning telefon raqamlari e’lon qilindi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting