Dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 9,02 so‘mga pasayib, 10 798,23 so‘m etib belgilandi. Shuningdek, yevro kursi ko‘tarildi, rubl kursi esa pasaydi.
O‘zbekiston ipoteka kreditlarini olish bo‘yicha reytingda 111 davlat ichida 104-o‘rinni, MDHda esa oxirgi pog‘onani egalladi.
Sirdaryo viloyati hokimi farmoyishiga ko‘ra, Sardoba toshqini oqibatiida zarar ko‘rgan irrigatsiya va melioratsiya obyektlarini qurish, ta’mirlash ishlari uchun respublika budjetidan 4,4 mlrd so‘m ajratildi.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi a’zosi, fizik olim Temurbek Usmonov 79 yoshida vafot etdi. U dunyoda ilk bor quvvatli lazer nurlanishlarining eng katta samaradorlikdagi garmonikalari va yorug‘likning eng yuqori darajadagi parametrik generatsiyalarini olishga erishgan edi.
Shu kunlarda O‘zbekiston bo‘ylab havo sovishi, kechalari temperatura -8 darajagacha bo‘lishi kutilmoqda. Shanba kuni yomg‘ir yog‘adi, yakshanba kuni esa yomg‘ir qorga aylanadi.
2022 yil yozi o‘rtalarida UzAuto Motors yangi Tracker avtomobilining kichik uzelli yig‘ishni boshlashni rejalashtirmoqda. Mahalliylashtirish darajasining eng kamida 50 foizni tashkil etishi hamda yiliga 80 ming dona avtomobil ishlab chiqarilishi kutilmoqda.
Samarqandda o‘zganing fermer xo‘jaligi yeridan 10 gektarni sotmoqchi bo‘lgan ayol, Surxondaryoda esa uy qurish uchun fermer xo‘jalik yerini sotishga uringan fuqaro qo‘lga olindi. Ularga nisbatan firibgarlik moddasi bilan jinoyat ishi ochildi.
Asosiy oziq-ovqat mahsulotlar, jumladan, o‘simlik yog‘i, kungaboqar va zig‘ir urug‘i, go‘sht, tirik hayvonlar, baliq va kartoshka importi va realizatsiyasi uchun QQS berilgan imtiyozlar muddati 2022 yilning 30 apreligacha uzaytirish to‘g‘risidagi hujjat loyihasi Qonunchilik palatasiga kiritildi.
Juma kuni Nukus shahri va Qoraqalpog‘istonning bir qancha tumanlarida qor yog‘di. Buning oqibatida jamoat transporti sifatida foydalanilgan 1400 dan ortiq «Damas» mashinalari qatnovdan olingan, tumanlararo yo‘lovchi tashuvchi avtobus va mikroavtobuslar harakati esa vaqtincha to‘xtatilgan. Qoraqalpog‘istonlik sinoptikning fikricha, shanba kuni tushki vaqtgacha qor yog‘ishda davom etadi va sovuq havo 3−4 kun davomida saqlanib qoladi.
Shveysariyaning federal jinoyat sudi Gulnora Karimova benefitsiari bo‘lgan Takilant kompaniyasining muzlatilgan 350 mln dollar ko‘proq mablag‘ning 293 mln dollarini musodara qildi. Taxminan 70 mln dollar esa jinoyat natijasiga qo‘lga kiritilgani aniqlanmagani uchun kompaniyaga qaytariladi. Shu bilan sud Karimova bilan bog‘liq jinoyat ishi doirasida yana bir bobni yopdi. Adliya vazirligi 293 mln dollarni O‘zbekistonga qaytarishga umid qilmoqda.
Shavkat Mirziyoyev 20 avgustni Tadbirkorlar kuni etib belgilashga oid qonunni imzoladi. Joriy yilning ayni shu kuni prezident mamlakat ishbilarmonlari bilan uchsharuv o‘tkazgan edi. Endi ochiq muloqot har yili bo‘lib o‘tadi.
Toshkentda bo‘lib o‘tgan mintaqaviy forumda O‘zbekistonning Markaziy Osiyo yetakchi ayollari Muloqotiga raisligi yakunlari sarhisob qilindi. 2022 yilda Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqotiga Turkmaniston raislik qiladigan bo‘ldi.
27 dekabrdan 9 yanvargacha «Toshkent — Buxoro — Toshkent» yo‘nalishida Afrosiyob qatnovi yana bittaga ko‘payadi. Bundan tashqari, bayram kunlari barcha yo‘lovchi poyezdlarga qo‘shimcha vagonlar ulanadi.
O‘zgidromet yetakchi mutaxassisi Erkin Abdulahatov «30−31 dekabr kunlari aholi bayramni qorli ob-havosiz kutib olishi mumkinligini» ma’lum qildi. Bunga qish oylarida sovuq havo oqimlarining O‘zbekistonga kirib kelishi 2 baravarga kamayib ketgani, qolaversa, global iqlim o‘zgarishi ta’sir qilmoqda.
Farg‘ona viloyati Rishton tumanida bir kun ichida 2 marotaba yer qimirladi, har ikki holatda magnituda 3 balldan yuqoriroqni tashkil qilgan. Epitsentr poytaxtdan 196 km uzoqlikda joylashgan.
Adliya vazirligi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilgan qonun loyihasiga ko‘ra, qarz summasi chet el valyutasida belgilanganda shartnoma yozma shaklda tuzilishi va notarial tartibda tasdiqlanishi shart bo‘ladi. Vazirlik bu fuqarolar «o‘zining qonuniy manfaatlarini sudda to‘liq himoya qilishiga huquqiy asos bo‘ladi» deb hisoblamoqda.
Yaponiya hukumati Termiz tumanidagi birlamchi tibbiyot muassasalarining suv ta’minoti va kanalizatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish uchun grant ajratdi. Loyiha YUNICYeF tomonidan amalga oshirilmoqda.
Toshkentdagi «Kosmonavtlar» metro bekatida poyezd vagonida «nosozlik sababli tutun chiqdi», deya xabar qildi FVV. Yo‘lovchilar vagondan tushirilgan, voqea oqibatida hech kim jabrlanmagan. Poyezd ta’mirlashga jo‘natildi.
11 oy yakunlariga ko‘ra, tashqi savdo aylanmasi pandemiyagacha bo‘lgan darajadan oshib, qariyb 38 mlrd dollarni tashkil etdi. Eksportning yarmidan ko‘pi oltin, rangli metallar va to‘qimachilik mahsulotlariga to‘g‘ri keladi. Rossiya bir necha yildan beri ilk marta Xitoyni O‘zbekistonning import bo‘yicha hamkorlarining birinchi qatoridan siqib chiqardi.
Qozog‘iston qozog‘istonlik iste’molchilarga salbiy ta’sir ko‘rsatgani sababli O‘zbekistondan import qilinadigan tovarlarga cheklov qo‘ymoqchi emas. Shu bilan birga, Savdo vazirligi O‘zbekiston tomonining ayrim cheklovlari haqida ma’lum qildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting