Tez tibbiy yordam uchun sotib olinayotgan Damas`lar, prezidentning joriy haftadagi ish grafiki, Jahongir Otajonovning siyosatdan ketishi — «Gazeta.uz»ning 12 iyuldagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Afg‘onistonning Hayraton shahridagi konsullik muassasida faoliyat ko‘rsatayotgan diplomatlar O‘zbekistonga olib kelindi. Ushbu ehtiyot chorasi «Tolibon» kuchlarining Afg‘onistonning shimoliy hududlariga kirib kelishi ortidan qo‘llanildi.
O‘zbekistonda yangilangan «Ochiq byudjet» portali ishga tushirildi. Unda davlat byudjeti va qarzi bo‘yicha ma’lumotlar e’lon qilib boriladi. Plaftormada «Tashabbusli byudjet» bo‘limi yaratilgan. U orqali fuqarolar infratuzilmani yaxshilash, xiyobonlar, bolalar va sport maydonchalari, ichki yo‘llarni qurish, maktablarni ta’mirlash va jihozlash hamda boshqa masalalar bo‘yicha loyihalarni taklif etib, mahalliy byudjetning taqsimlanishida ishtirok etishlari mumkin. Ushbu platforma va undan foydalanish tartiblari haqida «Gazeta.uz» qo‘llanmasida.
Sirdaryo viloyatida kuchli ta’sir qiluvchi “Tropikamid” dori vositasini 12 mln so‘mga noqonuniy sotayotgan shaxslar ushlandi.
Tokiodagi Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston sharafini 71 nafar sportchi himoya qiladi. O‘zbekistonlik sportchilar 17 ta sport turi bo‘yicha kurash olib boradilar — eng ko‘p sportchilar boks va dzyudoda (sportchilarning to‘liq ro‘yxati va ikkinchi kun musobaqalar dasturi).
Fermerlar maktabi o‘quvchilarini o‘qitish uchun yuqori malakali mutaxassislar jalb qilingan, shuningdek, maxsus o‘quv qo‘llanmalari ishlab chiqilgan.
Masdar kompaniyasi bilan Samarqand va Jizzax viloyatlarida har biri 220 MVt quvvatga ega ikkita fotoelektr stansiyasini qurish bo‘yicha loyiha shartnomalari imzolandi. Qurilish 2022 yilning birinchi choragida boshlanadi.
Dollarning rasmiy kursi 15,51 so‘mga ko‘tarildi va jami 10 637 so‘m etib belgilandi. Shuningdek, yevro kursi ham biroz ko‘tarildi, rubl kursi esa biroz pasaydi.
Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov KXSHT tomonidan O‘zbekiston hududiga harbiy bazani joylashtirish bo‘yicha taklif kelib tushmaganligini ma’lum qildi. Shuningdek, uning ta’kidlashicha, AQSh tomonidan afg‘on hukumati askarlarini vaqtincha O‘zbekiston hududiga qabul qilish bo‘yicha taklif ham kelib tushmagan.
San’atdan ketishini e’lon qilgan va prezident saylovlarida ishtirok etishni niyat qilgan Jaxongir Otajonov onasining noroziligi tufayli siyosatdan ketishini e’lon qildi. U bu yil konsert berishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi.
Kubada minglab aholi hukumatga qarshi namoyish o‘tkazdi. Namoyishchilar aholini koronavirusga qarshi vaksinalar bilan ta’minlashni talab qildilar va elektr energiyasi hamda oziq-ovqat ta’minotidagi uzilishlardan noroziliklarini bildirdilar. Bu mamlakatdagi 30 yil ichidagi eng yirik namoyish bo‘ldi.
Haftaning aksariyat qismida O‘zbekistonda +37 darajagacha bo‘lgan yog‘ingarchiliksiz o‘rtacha issiq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda.
15−16 iyul kunlari Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani va Pokiston Bosh vaziri Imron Xon tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ladi. Shavkat Mirziyoyev bir qator mamlakatlar tashqi ishlar vazirlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazishi rejalashtirilgan. Shuningdek, shu hafta qator hududlarda nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish yuzasidan yig‘ilish o‘tkaziladi.
Surxondaryo viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi maxsus va tez tibbiy yordam avtoxo‘jaligi iyul oyida kamida beshta Damas-2 D13 avtomashinalarini xarid qilgan. SSV o‘rinbosari Amrillo Inoyatov o‘tgan yilning oxirida Damas rusumidagi avtomobillarni tibbiyot uchun sotib olish to‘xtatilganini aytgan edi.
11 iyul kuni O‘zbekistonda 458 nafar kishida koronavirus infeksiyasi qayd etildi. 297 nafar kishida pnevmoniya aniqlanib, 3 nafar bemor vafot etdi.
Yevropa chempionatining final uchrashuvida Italiya terma jamoasi Angliyani penaltilar seriyasida mag‘lub etib, chempion bo‘ldi (foto, statistika, video).
Virgin Galactic kompaniyasi asoschisi Richard Brenson VSS Unity raketoplanida koinotga parvozini muvaffaqiyatli amalga oshirib, kosmik turizm erasi boshlanganini e’lon qildi.
Amerika kubogi turnirida Argentina hamda Braziliya terma jamoalari finalda o‘zaro kuch sinashishdi. Mazkur uchrashuvda Argentina 1:0 hisobida g‘alaba qozonib, chempion bo‘ldi.
Yanvar-may oylarida qiymati 291,6 mln. AQSh dollariga teng bo‘lgan 526,9 ming tonna meva va sabzavotlar eksport qilingan. Eksport qilish bo‘yicha hududlar kesimida Toshkent, Farg‘ona hamda Samarqand viloyatlari yetakchilik qilmoqda.
«Bir necha yil oldin ishchi guruh «ibodat libosi» tushunchasini aniqlashga urindi, ammo guruh bu borada «boshi berk ko‘chaga kirib qoldi», dedi Adliya vaziri Ruslanbek Davletov. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu konsepsiyaning ta’rifi bilan bog‘liq muammolar tufayli, hatto oddiy vaziyatlarda ham odamlar javobgarlikka tortilgan, ammo «endi bu amaliyot to‘xtatildi».
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting