Tokio-2020 Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida ishtirok etadigan O‘zbekiston delegatsiyasi vakillarini COVID-19`ga qarshi emlash jarayoni boshlandi. Ularga «Sputnik V» vaksinasi qilinmoqda. Jami 250 nafar sportchi va murabbiylar emlanishi reja qilingan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida yangi jamg‘arma tashkil etilib, 2021 yilda unga 50 mlrd so‘mgacha miqdorda mablag‘ ajratildi. Ushbu mablag‘lar esa xorijdan jalb qilinadigan malakali tibbiyot xodimlari hamda mahalliy iqtidorli mutaxassislarga zarur shart-sharoitlar yaratish va ularni moddiy rag‘batlantirishga sarflanadi.
Xalqaro olimpiya qo‘mitasi Pfizer va BioNTech bilan Tokio Olimpiadasi ishtirokchilariga vaksinalarni yetkazib berish to‘g‘risida memorandum imzoladi.
Rossiyaning Tomsk shahrida O‘zbekiston fuqarosini kaltaklagan migratsiya xizmati xodimiga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi.
Hukumat qarori bilan «O‘rmon xo‘jaligi fidoyisi» ko‘krak nishoni ta’sis etildi. Mazkur ko‘krak nishoni o‘rmon xo‘jaligi sohasini rivojlantirish, o‘rmonlarni muhofaza qilish va ko‘paytirishda salmoqli natijalarni qo‘lga kiritgan fuqarolarga beriladi.
Qishloq tumanlarida beshtadan chet tillariga o‘qitish nodavlat o‘quv markazlari tashkil etiladi. Bo‘sh bino ajratish, kerakli jihozlar va adabiyotlar sotib olishga 50 mln so‘mgacha bir martalik beg‘araz ko‘mak beriladi. Bundan tashqari, BMT hamkorligida Diplomatiya universitetida Chet tillarini chuqur o‘rgatish markazi tashkil etilishi kutilmoqda.
6 may kuni Surxondaryo viloyatining Sherobod va Qumqo‘rg‘on tumanlarida yoqqan kuchli yomg‘ir oqibatida hosil bo‘lgan sel oqimlari 340 ta aholi xonadonlari va tomorqasiga kirgan.
Andijon viloyati Xonobod shahrida kuchli sel kelishi tufayli 700 ga yaqin xonadonlar zararlandi. Yog‘ingarchilik sababli Qirg‘iz ariq kanalining toshishi oqibatida bir oilaning 2 nafar voyaga yetmagan farzandlari selda oqib ketib, vafot etgan.
O‘zbekiston bo‘ylab koronavirusga qarshi emlanganlar soni 1 mln 46 ming 668 nafarga yetdi. Emlanganlarning eng yuqori ko‘rsatkichlari Farg‘ona, Andijon, Namangan va Samarqand viloyatlarida qayd etilgan.
Namangan viloyatidagi toshqinlar oqibatida yo‘llarning ayrim qismlari buzilgan. 7 may kuni Toshkent-Andijon yo‘nalishi bo‘yicha 60-sonli poyezd reysi bekor qilingan.
Prezident maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Rustam Qosimov 64 yoshida vafot etdi.
DSQ soliq xizmati xodimlari uchun daromadlarni majburiy deklaratsiya qilish taklifini ilgari surdi. Prezident farmoni loyihasiga ko‘ra, ular o‘zlariga tegishli harakatlanuvchi va ko‘chmas mulklar, shuningdek, yil davomida umumiy daromadlaridan olingan boshqa aktivlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni deklaratsiyada ko‘rsatishlari kerak bo‘ladi.
Namangan viloyatida sel kelishi natijasida ayrim yo‘l uchastkalari zarar ko‘rdi. 7 may kuniga belgilangan №60 Toshkent — Andijon poyezdi qatnovi bekor qilindi.
Fransiya va Gretsiyadagi norozilik namoyishlari, Rossiyada yangi vaksinaning ro‘yxatdan o‘tkazilgani, Yevropa Ittifoqining Isroilni Falastindagi qurilish ishlaridan voz kechishga chaqirig‘i va boshqa yangiliklar — «Gazeta.uz»ning jahon yangiliklari dayjestida.
Chet tillari bo‘yicha eng yaxshi ko‘rsatkichlarga erishgan maktablarni rag‘batlantirish uchun prezident sovrini ta’sis etiladi. Unda tuman va shahar bosqichi g‘olibi 100 mln so‘m, viloyat bosqichida 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan 250 mln so‘m va respublikada eng yaxshi maktab maqomiga erishgan muassasa 500 mln so‘m bilan taqdirlanadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev kelgusi yildan boshlab davlat idoralariga ishga qabul qilish va yangi lavozimga tayinlashda xorijiy tilni bilish majburiy bo‘lishini ma’lum qildi. Chet tilini yaxshi bilgan xodimlarning ish haqiga 20 foizgacha qo‘shimcha ustama belgilanadi. Shuningdek, davlat rahbari nodavlat ta’lim tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash, xorijiy tildagi yangi telekanallarni ishga tushirish va qizlarni chet tillarini o‘rganishga faol jalb etish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Prezident videoselektorda bundan buyon, xorijiy tillar o‘qituvchilarining oylik maoshi, ularning malakasiga qarab belgilanishini ma’lum qildi. Qolaversa, 2021 yildan chet tili o‘qituvchilariga milliy va xalqaro sertifikatga ega bo‘lish talabi kiritilishi aytildi. «Keyingi 3 yil davomida maktablardagi jami 53 ming nafar chet tili o‘qituvchilari xalqaro sertifikat olishlari zarur», — dedi u.
Baxmal tumani hududida yashovchi ikki nafar homilador ayol to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmaganligi, kasalliklar o‘z vaqtida aniqlanmaganligi oqibatida aprel oyida Jizzax viloyat perinatal markazida vafot etgan.
Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev «Milliy tiklanish» gazetasida O‘zLiDeP partiya a’zolari haqidagi maqolani «bozorbop chiqish» deb atadi. «Hammani birdek, bir qolipda fikrlashga o‘rgatish va ayttirish sobiq ittifoq mafkurasiga xos ish va bu „Milliy tiklanish“ partiyasiga yoqqan ko‘rinadi», — dedi deputat. Kusherbayev partiya muamollarni sun’iy yaratish, nizo chiqarish kabi harakatlarni qilayotganga o‘xshayotganligini ta’kidladi.
Videoselektorda Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi tashkil etilishi ma’lum qilindi. U samarali o‘qitish metodikalari, dastur va darsliklarini bog‘cha, maktab, litsey, oliygoh va o‘quv markazlarida joriy etadi. «Agentlik ta’lim muassasalari, tarmoqlar va hududlarning ehtiyojidan kelib chiqib, kamida 10 ta chet tilini o‘rgatishni tashkillashtiradi», — dedi prezident.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting