Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev «Milliy tiklanish» gazetasida O‘zLiDeP partiya a’zolari haqidagi maqolani «bozorbop chiqish» deb atadi. «Hammani birdek, bir qolipda fikrlashga o‘rgatish va ayttirish sobiq ittifoq mafkurasiga xos ish va bu „Milliy tiklanish“ partiyasiga yoqqan ko‘rinadi», — dedi deputat. Kusherbayev partiya muamollarni sun’iy yaratish, nizo chiqarish kabi harakatlarni qilayotganga o‘xshayotganligini ta’kidladi.
Videoselektorda Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi tashkil etilishi ma’lum qilindi. U samarali o‘qitish metodikalari, dastur va darsliklarini bog‘cha, maktab, litsey, oliygoh va o‘quv markazlarida joriy etadi. «Agentlik ta’lim muassasalari, tarmoqlar va hududlarning ehtiyojidan kelib chiqib, kamida 10 ta chet tilini o‘rgatishni tashkillashtiradi», — dedi prezident.
Eksperiment tariqasida yakka tartibdagi tadbirkorlarga 4 ta o‘rindiqli yengil avtotransportda yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanish huquqi berilmoqda. Yakka tartibdagi tadbirkorlarga taksi faoliyati bilan shug‘ullanish uchun boshlang‘ich to‘lov 5 barobarga kamaytirilib 690 ming so‘mni, oylik to‘lov 1,5 barobarga kamayib 425 ming so‘mni tashkil qiladi.
Ijtimoiy tarmoqlarda 9 may kuni Toshkent shahrida «O‘lmas polk» aksiyasini o‘tkazishga ruxsat berilgani haqidagi xabarlarga poytaxt ma’muriyati munosabat bildirdi. Hokimiyat bugungi pandemiya sharoitida «O‘lmas polk» aksiyasini o‘tkazishga ruxsat berilmaganligini ta’kidladi.
Prezident videoselektorda 53 ming nafar o‘qituvchining atigi 4 foizi milliy va xalqaro sertifikatga egaligi, 11 ming o‘qituvchining 49 foizi esa testdan o‘ta olmaganini ta’kidladi. Davlat rahbari bundan buyon bitiruvchilar kamida 2 ta chet tilini mukammal bilishi kerakligini aytdi. «Bu qat’iy talab har bir ta’lim muassasasi rahbari faoliyatining asosiy mezoniga aylanishi lozim», — dedi u.
Xorazm viloyati hokimining turizm va sportni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari vazifasida ishlab kelayotgan Botir Saidov Xorazm viloyati hokimining turizm, sport, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikasiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlandi.
Dollarning rasmiy kursi 7 so‘mga arzonladi va jami 10 493 so‘m etib belgilandi. Yevro va rubl kurslari esa biroz ko‘tarildi.
YouTube`dagi «Planetka» kanali ijodkorlari Samarqanddagi sayohatida ularga hamroh bo‘lgan Alisher ismli fuqaroni turizm politsiyasi 15 kunga qamash bilan tahdid qilgani haqida ma’lum qildi. Ichki ishlar vazirligi ushbu holat haqiqatga mos kelmasligini ta’kidladi. Vazirlik unga faqat litsenziya olib, keyin turistlarga xizmat ko‘rsatish kerakligi tavsiya qilinganini aytmoqda.
2021−2022 o‘quv yilidan Toshkent davlat agrar universitetining Nukus filiali negizida Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti tashkil etiladi.
O‘zbekiston may-iyun oylarida Yevropa Ittifoqi bilan aloqalarni faollashtiradi. 23−27 may kunlari YeIning Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Piter Burian mamlakatga kelishi, tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilovning esa Bryusselga tashrifi kutilmoqda.
SES boshlig‘i o‘rinbosari COVID-19`ga qarshi «Sputnik V» vaksinasi bilan «faqat amaldorlar emlanayotgani haqidagi qarash juda noto‘g‘ri» ekanligini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, mazkur vaksina bilan faqatgina 65 yoshdan kattalar emlanishi ko‘zda tutilgan, shu sababli ushbu yoshdan kichiklarga rad javobi berilmoqda. 1 may kuni quyi palata spikeri o‘rinbosari 37 yoshli Odiljon Tojiyev «Sputnik V» vaksinasi bilan emlangan.
Xorijda yashab kelayotgan O‘zbekiston taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shish imkoniyatiga ega 484 nafar muvaffaqiyatli vatandoshlar «Oltin daftar»ga kiritildi.
Bir odam ikki hil vaksina bilan emlanishi mumkin emas, ikkinchi boshqa vaksina qilish salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin, deya ma’lum qildi SES boshlig‘ining o‘rinbosari. Uning ta’kidlashiga ko‘ra, bunday holda organizmda immun-javob reaksiyasini o‘ziga xos kechishi va u odam kasallikka chalinib qolish ehtimoli bor.
Jizzax viloyatida Nexia-2 rusumli avtomashina mol boqib yurgan 12 yoshli qizni urib yuborgan. Buning oqibatda, qiz olgan tan jarohatlari bilan shifoxonada vafot etgan.
2021/2022-o‘quv yilidan klinik ordinaturada o‘qitishning yangi tizimi joriy qilinib, qabul kvotalari ikki baravarga oshiriladi. Uch yil ishlab berish majburiyati asosida hududlarga zarur tor mutaxassisliklar bo‘yicha shifokorlarni tayyorlashga grant ajratiladi. Ularning yashash xarajatlari esa mahalliy byudjetdan qoplanadi.
Navoiy viloyatida Tracker-2 rusumli avtomashina YTH sodir etishi natijasida, 2 nafar fuqaro voqea joyida, 1 nafar fuqaro shifoxonada vafot etdi.
2021 yilda respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarida bepul davolanishga orderlar berish uchun qo‘shimcha 80 mlrd so‘m ajratilmoqda. 1 noyabrga qadar bepul tibbiy yordam olish huquqini beruvchi order berish tizimi joriy etiladi. Ehtiyojmand oilalar «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» orqali aniqlanadi.
«O‘zbekkino» Milliy agentligining bosh direktori lavozimida ishlab kelgan Firdavs Abduxoliqov Kinematografiya agentligining bosh direktori etib tayinlandi.
Polkovnik Ravshan Sultanxodjayev Toshket shahar IIBB boshlig‘i o‘rinbosari — Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i bo‘ldi.
Prezident farmoni bilan 1 iyuldan boshlab hamshiralik ishi o‘zini o‘zi band qiluvchi faoliyat turlari ro‘yxatiga kiritiladi. Hamshiralik bilan faqat o‘rta tibbiy yoki oliy ma’lumotga ega SSVning axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tgan, qolaversa, belgilangan muddatlarda o‘z malakasini oshirib borganlar shug‘ullanishi mumkin bo‘ladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting