Yevropa Chempionlar ligasi finalida Angliyaning «Manchester Siti» hamda «Chelsi» jamoalari chempionlik uchun kurash olib boradi. O‘yin 29 may kuni Istanbul shahrida bo‘lib o‘tadi.
5 may kuni O‘zbekistonda 452 kishida koronavirus aniqlanib, yil boshidan eng ko‘p kasallanish holatlari aniqlandi. Umumiy kasallanish holatlari soni 93 ming nafardan oshdi. Mamlakatda 1 milliondan ortiq koronavirusga qarshi vaksina dozalari ishlatilib, 32,5 mingdan ortiq kishi ikkinchi bosqichda emlangan.
Respublika bo‘ylab barcha maktablarda o‘quvchilarning muassasada bo‘lish vaqti Face ID tizimi orqali nazorat qilinishi rejalashtirilmoqda. Bundan tashqari, sinf xonalariga ovozli kameralar o‘rnatish va ularni ichki ishlar organlari tomonidan nazorat qilinishini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan. Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovning fikriga ko‘ra, o‘quvchilar kameralar ostida fikrlashga majburlansa, bu mamlakatni to‘laqonli totalitar davlatga aylanishi uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi.
O‘simlik yog‘i importiga QQSning bekor qilinishi arafasida bojxona omborlaridagi kungaboqar yog‘i hajmi bir hafta ichida 3500 tonnadan 6500 tonnaga ko‘paydi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi bu sun’iy taqchillikni keltirib chiqarib, narxlarga ta’sir ko‘rsatishi mumkin, deb hisoblamoqda.
Buyuk Britaniyada nufuzli mukofotlar sohiblariga mamlakatga kirishning osonlashtirilishi, Rossiyaning grechka eksportini vaqtincha taqiqlashi, Yevropa Ittifoqidagi migratsiya choralari tufayli 2 mingdan ortiq odamning vafot etgani va boshqa yangiliklar — «Gazeta.uz»ning jahon yangiliklari dayjestida.
1 sentyabrdan haydovchilardan avtomototransportni boshqarish uchun ishonchnoma, texnik ko‘rikdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi ma’lumot va «tonirovka» ruxsatnomasini talab etish tartibi bekor qilinadi.
Toshkentda suv tarmoqlari va oqova suv tarmoqlarining quduqlariga o‘rnatilgan «lyuk"larning o‘g‘irlanish holati ko‘paymoqda. So‘nggi paytlarda jami 5 mingta ana shunday qopqoqlar o‘g‘irlab ketilgan. «Toshkent shahar suv ta’minoti» ma’lum qilishicha, temir qopqoqlarning donasi 575 ming so‘mdan 2 mln so‘mgacha narxda xarid qilinadi.
Surxondaryoda IIB boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan, pensiyadagi podpolkovnik Rustam Sirojiddonov o‘z joniga qasd qildi. Holat yuzasidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.
May oyi oxirida Toshkent shahrida og‘ir atletika bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasidagi Jahon chempionati bo‘lib o‘tadi. Musobaqalar litsenzion turnirlar ro‘yxatiga kiritilgan.
Dollarning rasmiy kursi 12 so‘mga arzonladi va jami 10 501 so‘m etib belgilandi. Shuningdek, yevro kursi ham biroz pasaydi, rubl esa yana ko‘tarildi.
Prokuror suddan Otabek Sattoriyni beshta bandda aybdor deb topib, 11 yilga ozodlikdan mahrum qilishni so‘radi. Bloger tovlamachilik va tuhmat qilishda ayblanmoqda. Sudlanuvchining advokati Umidbek Davlatovning ta’kidlashicha, ayblovda ko‘rsatilgan holatlarning hech biri o‘z isbotini topmagan.
6−7−8 may kunlari velosportning shosse yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekiston chempionati o‘tkazilishi munosabati bilan Bektemir — Chirchiq — G‘azalkent — Chorbog‘ avtomobil yo‘lida ma’lum vaqtlarda transport harakati cheklanadi.
Toshkent shahrida 87 yoshli onaxon qizi va nevarasi tomonidan kaltaklangani aytilmoqda. Bunga uy-joy masalasi bo‘yicha ona va qiz o‘rtasida janjal sabab bo‘lgan. Onaxonning nevarasi Davron Tillayevning aytishicha, ayolning qizi uning qo‘l va oyog‘iga pichoq bilan urgan. Holat bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi.
Toshkentga AQSHdagi Boeing zavodidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri reys bilan Uzbekistan Airways’ning oltinchi Dreamliner’i yetib keldi. Ushbu samolet orqali Orolbo‘yi hududlari uchun 3 mln dollarlik gumanitar yetkazib berildi. Shuningdek, Boeing kompaniyasi 100 ming dollarlik xayriya qildi.
Xalq deputatlari Buxoro shahar kengashining navbatdan tashqari sessiyasida Jamol Nosirov shahar hokimi lavozimiga tasdiqlandi.
Yunusobod tumani hokimi Jaxongir Ibroximovda COVID-19 aniqlangani sababli fuqarolar uchun tashkil etiladigan sayyor qabul vaqtincha tuman hokimining birinchi o‘rinbosariga yuklatildi.
XDP Samarqand viloyat kengashiga O‘zLiDeP deputati rais etib saylanganligi, partiya xodimlari buni sharmandalik deb baholashayotgani aytilmoqda. XDP bergan bayonotga ko‘ra, deputat partiyaning viloyat kengashi rahbari etib saylanishidan oldinroq fevral oyida XDP a’zoligiga qabul qilingan. U O‘zLiDeP a’zoligidan chiqqarilganligi ham ta’kidlanmoqda.
Talabalar orasida COVID-19 infeksiyasi aniqlangani sababli, Moliya instituti 14 kunga, Samarqand davlat chet tillar instituti o‘quv yili oxirigacha masofaviy ta’lim tizimiga o‘tdi.
Transport vazirining logistika va turizmni rivojlantirish bo‘yicha maslahatchisi etib Timur Allayarov tayinlandi.
Andijonda fuqaro o‘z uyida ijarada yashayotgan ayoldan turmush qurib birga yashash taklifiga rad javobini olgach, uning 3 yoshli farzandini ustiga qaynoq suv quyib yuboradi. Oqibatda qizaloq shifoxonada vafot etgan. Sud ayblanuvchini qasddan badanga og‘ir shikast yetkazishda aybli deb topdi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting