Deputat Rasul Kusherbayevning xabar berishicha, Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanidagi suv tozalash inshooti bir necha yildan beri ishlamay turibdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, boshida ta’mirlash ishlari Hisob palatasi tomonidan to‘xtatib qo‘yildi, Qurilish vaziri va Uy-joy kommunal xizmatining sobiq rahbarining «xoxishi sababli ishlar cho‘zilib», ob’ekt uchinchi yil o‘zgarishsiz turibdi.
Shavkat Mirziyoyev Samarqanddagi Imom Buxoriy ziyoratgohida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Majmua loyihasiga ko‘ra, u yerda katta masjid, to‘rtta simmetrik minora, yo‘ldan kirib kelishda xiyobon bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, ziyoratchilar uchun 7 ta mehmonxona, 3 ta avtoturargoh, avtobekat, supermarket, bozorcha barpo etiladi.
Ijtimoiy tarmoqlarda soliq xodimlari sotuvchilik orqali kun ko‘ruvchi ayollarning buyumlarini olib qo‘yganligi aks etgan video lavhalar tarqaldi. Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev bu holat soliq xizmati uchun uyatli ekanligini aytdi. “Soliq organlari hech qachon kuch ishlatar idora emas… Bunday holat yuz berganligi uchun butun xalqimizdan uzr so‘rayman”, — dedi u. Kudbiyev hodisada o‘zini noo‘rin tutgan xodimlar jazolaninishi ta’kidladi.
Yevropa Ittifoqida 21 iyun kuni ittifoq mamlakatlarida harakatlanish erkinligini qayta tiklash imkonini beruvchi «salomatlik to‘g‘risida guvohnoma» kuchga kiradi. Unda sug‘urtalanganlik, emlash va COVID-19 testlari haqida ma’lumotlar ko‘rsatilgadi.
Prezidentga taqdimot qilingan Samarqand xalqaro aeroporti rekonstruksiyadan so‘ng yiliga 1,5 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishi kutilmoqda. «Air Marakanda» kompaniyasiga DXSH asosida 20 yilga aeroportni boshqarish huquqi beriladi. Kompaniya aeroport infratuzilmasini rivojlantirishga 80 mln dollar investitsiya kiritadi.
Oilalarda ajrimning oldini olish masalasi bo‘yicha Yunusobod tumani hokimi tomonidan o‘tkazilgan majlisda nikohdan oldin yoshlarni imomlar tomonidan olib boriladigan 3 oylik o‘quv darslarida o‘qitish taklifi berildi. Shuningdek, ahloqiy jihatdan milliy mentalitetga to‘g‘ri kelmaydigan teleserial hamda kinofilmlarni efirga uzatmaslik kerakligi aytildi.
Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatiga tashrifini xalqaro aeroportning rekonstruksiya ishlari bilan tanishishdan boshladi. Sentyabr oyida foydalanishga topshiriladigan yangi aeroport soatiga 800 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega bo‘ladi. Prezident aeroport odamlar uchun qulay, xizmat ko‘rsatish esa sifatli va tezkor bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.
AQSH 1 maydan boshlab Afg‘onistondan o‘z harbiylarini olib chiqishni boshlaydi va bu jarayonni 11 sentyabrgacha yakunlashni rejalashtirmoqda. ««Abadiy urush»ga yakun yasash vaqti keldi», — dedi AQSH prezidenti Jo Bayden, AQSHning mamlakatga gumanitar yordam ko‘rsatishda davom etishini va Afg‘oniston hukumatini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlagan holda.
Toshkent metropoliteni metro stansiyasidagi vaqt ko‘rsatuvchi tablosidagi «nojo‘ya yozuv» elektron soat darchasiga qilingan kiberhujum natijasida paydo bo‘ldi, deya xabar berdi Toshkent metropoliteni.
Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov mamlakat parlamentining Xalq maslahati (yuqori) palatasi raisi etib saylandi.
Vizasiz sayohat qilish reytingida O‘zbekiston 85-o‘rinni egalladi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolari 57 ta davlat hududiga vizasiz sayohat qilishlari mumkin. Birinchi o‘rinda Yaponiya bo‘lib, ushbu mamlakat pasporti fuqarolarga 193 ta davlatga vizasiz sayohat qilish imkonini bermoqda.
O‘zbekistonda Fransiyaning EDF kompaniyasi bilan hamkorlikda ilk gidroakkumulyatsiya elektrostansiyasi (GAES) quriladi. Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida qurilishi rejalashtirilayotgan Xo‘jakent GAESning loyihaviy quvvati 200 MVt ga teng.
Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatiga yo‘l oldi. Safar chog‘ida — shahar va tumanlardagi sanoat korxonalari, turizm majmualari, transport infratuzilmasi, yangi uylarni borib ko‘rish rejalashtirilgan.
«Paxtakor» jamoasi OCHL guruh bosqichida dastlabki uchrashuvni Eronning «Traktor» klubiga qarshi o‘tkazdi. Mazkur bahsda 3:3 hisobidagi durang natija qayd etildi. Shuningdek, bugun Olmaliqning AGMK jamoasi Saudiya Arabistonining «Al Hilol» klubiga qarshi maydonga tushadi.
O‘zbekistonda koronavirusga qarshi vaksina bilan 300 mingdan ortiq fuqaro emlandi. 14 aprel kuni 43 ming 896 kishi vaksina oldi.
Hukumat qarori bilan 1 maydan boshlab 5 ta xalqaro imtihon tizimi (IELTS, TOEFL, GMAT, GRE, SAT) bo‘yicha va 2022 yil 1 yanvardan boshlab yana 13 ta imtihon tizimi bo‘yicha imtihonlarda yuqori ball to‘plagan yoshlarga imtihon topshirish xarajatlari to‘liq qoplab beriladi.
Adliya vazirligi Xalqaro tadqiqotlar va almashuvlar kengashining O‘zbekistondagi filialini davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Tashkilot vakolatxonasi 2006 yilda yopilgan edi.
Shvetsiyada O‘zbekistonning to‘laqonli diplomatik vakolatxonasi ochilishi kutilmoqda. Elchixonaning faoliyati Shvetsiya va boshqa Skandinaviya davlatlari bilan munosabatlarni rivojlantirishga qaratiladi. Shu o‘rinda, O‘zbekistonning Afinadagi diplomatik vakolatxonasi faoliyati tugatiladi.
O‘zbekiston prezidenti Pokiston bosh vaziri Imron Xon bilan videoanjuman shaklida uchrashuv o‘tkazib, ikki davlat o‘rtasida aviaqatnovlarni qayta tiklash, imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimni imzolash, viza rejimini soddalashtirish, transport-tranzit va boshqa masalalarni muhokama qildi. Pokistonning Serene Air kompaniyasi O‘zbekistonga charter reyslarini boshlashni rejalashtirmoqda.
Aprel oyi boshida O‘zbekistonning rasmiy zaxira aktivlari bir oyda 589,1 mln dollarga kamayib, 32,6 mlrd dollarga tushdi. Oltin hajmi oshganiga qaramasdan, qimmatbaho metall narxining tushishi bunga sabab bo‘ldi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting