O‘zbekistonda “Ta’lim sohasidagi loyihalar markazi” loyiha ofisi tashkil etilmoqda. Uni ochish haqida yanvar oyi oxirida e’lon berilgandi. Tashkilot har oy Prezident administratsiyasiga hisobot beradi. Undagi taklif va tavsiyalarni ta’lim vazirliklari va boshqa davlat organlari berib boradi.
“Click`dan milliard” aksiyasining so‘nggi bosqichi 10-fevral kuni bo‘lib o‘tadi. Bu safar g‘oliblar soni 12 nafar bo‘ladi. Asosiy g‘olib 300 mln so‘m miqdorda pul mukofotini qo‘lga kiritadi.
Namangan viloyatida haydovchilik guvohnomasi oluvchilar uchun ixtisoslashgan innovatsion imtihon markazi ishga tushdi. Uning ochilish marosimida viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov qatnashdi.
2021-yildan buyon Toshkent shahri Bektemir tumani hokimi sifatida ishlab kelgan Tapil Mahamadziyayev lavozimidan ozod qilindi. Yanvarda prezident bosh vazirga Mahamadziyayevning lavozimiga loyiqligini hal qilishni topshirgandi. Tumanni vaqtincha boshqarish hokimning birinchi o‘rinbosari Fathulla Nigmanovga yuklandi.
Qasim-Jomart Toqayev Qozog‘iston Prezident administratsiyasi rahbari Oljas Bektenovni bosh vazir etib tayinlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Toqayev, shuningdek, hukumatning iste’fosi va Bektenov nomzodi yuzasidan izoh berdi.
Shavkat Mirziyoyev 2024-yilda maktab va maktab ta’limiga 46 trln so‘m ajratilayotgani, ammo matematika, o‘qish va tabiiy fanlar bo‘yicha 2022-yilgi PISA dasturi natijalari sohada qilinadigan ishlar ko‘pligini aniq ko‘rsatgani haqida gapirdi. O‘zbekiston tadqiqotning har uch yo‘nalishida oxirgi o‘ntalikdan joy olgan.
Buyuk Britaniya qiroli Charlz III saraton kasalligiga chalindi. Davolanish davrida u ommaviy tadbirlarda kamroq qatnashadi. Bukingem saroyining ta’kidlashicha, qirol yaxshi kayfiyatda va tez orada davlat vazifalariga qaytishga umid qilmoqda.
Turizm qo‘mitasi Umra xizmatlarini litsenziyasiz ko‘rsatgan kompaniyalarning ma’lumotlari huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etilayotganini bildirdi. Shuningdek, xizmatlarni sifatsiz ko‘rsatilganidan jabr ko‘rgan ziyoratchilarga moddiy va ma’naviy zarar sud qarori bilan undirib berilishini eslatib o‘tdi.
2023-yil yakuni bo‘yicha O‘zbekiston dunyoda ikkinchi eng ko‘p oltin sotgan mamlakat bo‘ldi. Oltin bo‘yicha sof savdo 25 tonnadan ortiqni tashkil etib, birinchilikni egallagan Qozog‘istondan ikki barobar kam ko‘rsatkichni qayd etdi. Shuningdek, mamlakat dekabr oyida 9 tonna oltin xarid qildi.
Ramazon Ashrapov Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari — Tergov departamenti boshlig‘i bo‘ldi. U shu paytga qadar Toshkent viloyati IIB boshlig‘i o‘rinbosari sifatida ishlab kelayotgandi.
Navoiy shahridagi 18-sonli maktabda rus tili o‘qituvchisi (erkak) 2 nafar o‘quvchini kaltakladi. Hozirda holat bolalar ombudsmani kuzatuvida va tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.
Namanganda “Zodak”, “Anaferon”, “Xilak Forte” va “Vitamin V6” nomli qalbaki dori vositalarini tayyorlash hamda sotish bilan shug‘ullangan tibbiyot xodimi qo‘lga olindi. Yashirin sex sharoitida tayyorlangan dori vositalari asosan Andijon, Farg‘ona va Toshkent shaharlaridagi dorixonalarda sotuvga chiqarilgan.
2020-yilning iyunidan beri Toshkent viloyati Ohangaron shahriga hokimlik qilib kelgan Akrom Eshonqulov lavozimini tark etgani haqida e’lon berdi. “Ish jarayonida birontangizni ranjitgan bo‘lsam, barchalaringizdan uzr so‘rayman. Xayr jonajon shahrim”, — deb yozdi u.
Prezident mutasaddilarga 300 ta klinik protokol va standartlarni xalqaro mezonlarga moslashtirish bo‘yicha topshiriq berdi. Shuningdek, “Elektron poliklinika”, “Elektron shifoxona” va “Elektron tibbiy karta” tizimini ishga tushirish, dorilarni elektron retsept asosida berishni yo‘lga qo‘yish vazifasini topshirdi.
Gurlan tumanida fermer xo‘jaligi rahbari 81 tup biologik sog‘lom turong‘il daraxtini noqonuniy kesgani aniqlandi. Buning oqibatida tabiatga 618,1 mln so‘mlik zarar etkazilgan. Xo‘jalik rahbariga jinoyat ishi ochildi.
O‘zbekiston TIVning boshqarma boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan Ayubxon Yunusov mamlakatning Kuvaytdagi elchisi etib tayinlandi. 50 yoshli diplomat 2016−2022-yillarda elchi bo‘lib ishlagan Bahromjon Aloyev o‘rnini egalladi.
Vengriyaning hukmron partiyasi a’zolari Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lish arizasi bo‘yicha ovoz berish jarayoni o‘tkazilishi kerak bo‘lgan parlament yig‘ilishini boykot qildi. Vengriya Yevropa Ittifoqidagi hali arizani ma’qullamagan so‘nggi davlat hisoblanadi.
Parijliklar yo‘ltanlamaslar uchun avtoturargohlar narxini uch barobar oshirish tartibini qo‘llab-quvvatladi. Fransiya poytaxti rasmiylari shu yo‘l bilan ushbu turdagi avtomobillarning havoni ifloslantirishiga qarshi kurashib, yo‘l harakati xavfsizligini yaxshilashni istamoqda.
Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova “Dok-1 Maks” siropi ishida ota-onalar bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi. Undan foydalanish oqibatida O‘zbekistonda kamida 69 bola halok bo‘lgandi.
Sobiq hokim Jahongir Ortiqxo‘jayev jurnalist va blogerlarni tanqid qilib, ayrimlarini UJJ — “uyushgan jinoiy jurnalistlar” deb atadi. U ulardan “sal pastroqqa tushishni” va o‘zlarini “butun jamoatchilik” deb hisoblamaslikni so‘radi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ular xorijiy OAV bilan raqobatga dosh bera olmaydi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting